Turkmanboshi Saparmurod Niyozov hayotdan ko'z yumdi


Turkmanistonni so'nggi 21 yil davomida boshqargan Saparmurod Niyozov 66 yoshida yurak xastaligidan vafot etdi.

Muvaqqat rahbar etib bosh vazir o'rinbosari Qurbonguli Berdimuhammedov tayinlandi.

Qonun bo'yicha Turkmanistonda davlat rahbari qazo qilsa yoki ishdan ketsa, parlament raisi saylovga qadar uning o'rnini egallaydi.

Biroq Turkmaniston Bosh prokuraturasi parlament raisi Ovezgeldi Atayevga qarshi jinoiy ish qozg'atgan.

ITAR-TASS axborot agentligi tarqatayotgan xabarlarga ko'ra, Saparmurod Niyozov 21 dekabr erta tongda jon bergan.

Marhum 24 dekabr kuni ona qishlog'idagi o'z sharafiga bunyod etilgan Turkmanboshi Maqbarasiga dafn etiladi.

Turkmanistonda yetti kunlik motam e'lon qilingan. Davlat televideniyesi marhum rahbar sharafiga motamsaro musiqa va kuy namoyish etmoqda. Turkmaniston matbuoti Niyozovni ulug'lovchi maqola va sharhlar chop etgan.

Turkmaniston dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri - "Temir panja ostida yashayotgan mamlakat".

Niyozov hokimiyatga 1985 yilda Kommunistik partiyaning bosh kotibi sifatida kelgan. 1991 yilda Turkmaniston mustaqillikka erishgach, Niyozov prezident etib tayinlagan edi.

Saparmurod Niyozov qa'tiyatli va mag'rur hamda shaxsiyatiga xalq hayotining har bir jabhasida sig'inilishini ta'minlagan rahbar edi. O'zini Turkmanistonning abadiy boshchisi, oila a'zolarini esa Turkmanistondagi eng ulug' insonlar deb hisoblanishini olg'a surgan.

Turkmanboshi yilning har bir oyini ota-onasi va farzandlari nomiga qo'ygan. Butun mamlakat bo'ylab Turkmanboshi sharafiga masjidlar, markazlar va saroylar, oltin haykallar va yodgorliklar bunyod etilgan.

Niyozov qalamiga mansub "Ruhnoma" kitobi Turkmanistonda eng muqaddas adabiyot hisoblanadi.

Turkmaniston tabiiy gazga boy davlat. Lekin bu tabiiy boylikdan tushgan daromad asosan mamlakatni qayta bunyod etishga sarflangani qayd etiladi.

Mamlakat xalqi qanday kun ko'rayotgani haqida aniq ma'lumotlar deyarli yo'q. Saparmurod Niyozov o'z xalqini jahondagi eng to'q omma deya tasvirlar, biroq bu turmushni aks ettiruvchi ma'lumotlarni chetga chiqarilishiga yo'l qo'ymas edi.

XS
SM
MD
LG