Ashgabatda motam, O'zbekiston bilan chegaralar yopilgan


O’zbekiston Saparmurod Niyozovning vafoti yuzasidan Turkmaniston xalqiga hamdardlik bildirmoqda.

Biroq Turkmaniston O'zbekiston bilan chegarani yopgan.

O'zbekiston bojxonasining bildirishicha, chegaraning bu tomonida hammasi joyida.

Lekin Turkmaniston barcha o'tish joylarini berkitgan. Chegarada notinchlik kuzatilmagan.

Ashgabatda esa muvaqqat hukumat Saparmurod Niyozov qoldirgan siyosat davom etadi deb bong urmoqda. Bayon qilinishicha, Turkmaniston xalqi Turkmanboshi boshlagan yo'ldan qaytmaydi.

Norasmiy doiralarda esa mintaqadagi ashaddiy diktatorlardan biri sifatida tanilgan Turkmanboshi o’limi yuzasidan turlicha qarashlar yangramoqda.

Hozirda O`zbekistonda yashayotgan turkmanistonlik jurnalist Komron Adilga ko`ra, o`lim o`z-o`zidan achinarli, biroq shu bilan birga Turkmanboshi davridagi siyosatdan ko`z yumish mumkin emas.

“Inson o`limidan xursand bo’lmaslik lozim, lekin men uchun uning boridan, bo’lmagani afzal. Qancha odam azob chekdi. Men o`zim sovuqlarda qanchalik azob chekkanman. Xorazm chegarasida qirqdan ziyod begunoh odamni otib o`ldirdi. Shu kerak edimi? O`zbekiston tomondan borgan odamlarni u yerda qarindoshlari bor. Bunaqa ishlarga chek qo`yib, tushunadigan odam chiqsa, bizga yaxshi bo`ladi-ku”, - deydi Komron Adil.

Turkman millatiga mansub boshqa bir ayolning fikricha, Saparmurod Niyozov o`z xalqi uchun ancha ishlar qilgan, ayniqsa O`zbekiston bilan solishtirganda.

“Masjidlarni yaxshiladi, xotin-qizlarga ham kirish mumkin. Yetim bolalar uchun har xil saroylar qurgan, bularni ko`rish uchun ko`z kerak. O`sha yetim bolalarga savob qilgani uchun ham shuncha avtoriteti ko`tarildi, ko`p odamlarga yaxshilik qilgan”, - deydi turkmanistonlik ayol.

Sal kam 20 yil mobaynida Turkmanistonni avtoritar rejim ostida boshqarib kelgan prezidentining o`limi, mintaqadagi vaziyatga qanday ta'sir yetkazishi mumkin?

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha vaziyat ijobiy tomonga o`zgarib borishi mumkin.

“Chunki o`sha yangi kelgan rahbar Niyozovdek katta resurslarga ega bo`lmaydi. Ikkinchidan, jahon hamjamiyati rahbariyatning avtoritar tuzumga o`tishini hisobga olib, bunga yo`l qo`ymaslikka harakat qiladi. Jamiyatni o`zida ham avtoritar rahbarlarning shakllanishiga e’tiroz paydo bo`lgan. Shundan kelib chiqib, Turkmanistondagi hozirgi vaziyat Markaziy Osiyodagi vaziyatga ijobiy ta'sir qiladi, nazarimda”, - deydi Rabbimov.

Saparmurod Niyozovning o`limi tufayli Turkmanistonda yetti kunlik motam e`lon qilingan.

XS
SM
MD
LG