Breaking News

Kondoliza Rays demokratiyaning yangicha targ'ibotini e'lon qildi


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays jahon bo’ylab inson huquqlari himoyachilarini repressiyadan himoya qilish tashabbusini e’lon qildi.

AQSh hukumati nazarida global miqyosda no-hukumat tashkilotlar va huquq himoyachilariga bosim kuchaymoqda.

Bush ma’muriyati tashabbusi uch qismdan iborat. Birinchidan, demokratiyani olg’a surish va huquq faollarini hukumat repressiyasidan himoya qilish maqsadida bir million dollarli jamg’arma tashkil etish, deydi Kondoliza Rays.

"Mablag’ hukumat bosimi tufayli og’ir ahvolda qolgan huquq himoyachilariga kichik grantlar ajratishga, tibbiy va yuridik xarajatlarini qoplashga va oilasiga yordam berishga sarflanadi.”

Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasining 58 yilligi arafasida, AQSh hukumati, shuningdek, no-hukumat tashkilotlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan 10 tamoyilni e’lon qildi. AQSh rasmiylarining aytishicha, xususan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarida bu tashkilotlar faoliyati o’ta cheklangan.

Tamoyillar asosida, deydi AQSh Davlat kotibasi, ham AQShda, ham xorijda no-hukumat tashkilotlarga bo’lgan munosabat baholanadi.

“Xalqaro hamjamiyat mushkul ahvolga tushgan tashkilotlarni quvvatlashi lozim. Tamoyillar hukumatlar, nohukumat tashkilotlari va jurnalistlarga ko’rsatma sifatida xizmat qiladi,” - deydi Kondoliza Rays.

Rays xonimning aytishicha, erkin jamiyat qurishda nohukumat tashkilotlarning o’rni muhim va demokratik davlatlar birgalikda ularni qo’llab-quvvatlashi lozim.

“Nohukumat tashkilotlar ozchilik vakillari va ishchilarni himoya qilish, odam savdosini to’xtatish, fuqaro jamiyati qurish, erkin va adolatli saylovlarga chaqirish kabi muhim ishlarni amalga oshiradi.”

AQSh moliyalovchi ba’zi tashkilotlarga ko’ra, Rossiya va Markaziy Osiyo hukumatlari Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi siyosiy jarayonlarni no’to’gri talqin qilmoqda. Bu mamlakatlarda hukumat o’zgarishida AQSh va G’arb tashkilotlarining qo’li borligi taxmin qilinadi.

Aslida, deydi rasmiylar, bu davlatlarda demokratik jarayonlarga yo’l ochilgan edi, xolos.

AQSh Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo’yicha muovini Berri Lovenkronning bildirishicha, yaqin o’tgan oylarda Rossiya, Belarus, Qozog’iston va O’zbekistonda no-hukumat tashkilotlar kuchli bosim ostiga olingan. Shuningdek, Latin Amerikasi, Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida.

Agar xorijiy hukumat AQSh yordamiga loyiq topilgan tashkilot va shaxslarga mablag’ ajratilishiga to’sqinlik qilsa, deydi janob Lovenkron, bu AQShning o’sha davlat bilan munosabatlariga ta’sir qiladi.

AQSh tashabbusining yana bir qismi – yangi yildan boshlab inson huquqlari sohasida ikki xil mukofot ta’sis etishdir.

“Erkinlik Kurashchisi mukofoti demokratiyani targ’ib qilishda mardlik and yetakchilik qilgan chet ellik shaxsga yoki tashkilotga beriladi. ‘Erkinlik Diplomatiyasi’ mukofoti esa zulmga chek qo’yish va demokratiyani yoyishda faollik ko’rsatgan AQSh elchilariga topshiriladi,” - deydi Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

XS
SM
MD
LG