Mutaxassislar nazarida Turkmanistonni o'zgarishlar kutmoqda


Turkmaniston prezidenti Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng mamlakat qanday o’zgarishlarga yuz tutishi jahon matbuotida keng muhokama qilinmoqda.

Turkmanboshi o’zidan keyin faqatgina o’z shaxsiyatiga moslanib shakllangan siyosiy tuzum qoldirdi.

Biroq aksariyat kuzatuvchilar Niyozovdan keyingi Turkmaniston o’zgacha bo’ladi, degan umumiy fikrda.

Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi hududida umrbod prezidentlikka birinchi bo’lib tayinlangan Niyozov foniy dunyoni Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyevdan so’ng tark etdi.

Ozarbayjon rahbari hokimiyatni o’zidan keyin o’g’li Ilhom Aliyevga qoldirgan bo’lsa, Saparmurod Niyozov bunday qilishga yo ulgurmadi, yo xohishi bo’lmadi. Chunki ba’zi xabarlarga ko’ra, Turkmanboshining o’g’li, 39 yoshli Murod Niyozov siyosatga hech qachon jalb etilmagan va otasi bilan yaqin bo’lmagan. U Rossiyada tug’ilib, voyaga yetgan. Bryusselda isitiqomat qiladi va ishbilarmonlik bilan shug’ullanadi.

Mamlakat muvaqqat prezidenti etib 50 yoshli Bosh vazir o’rinbosari, Sog’liqni saqlash vaziri Qurbonguli Berdimuhammedov maxsus tuzilgan Xavfsizlik Kengashi tomonidan tayinlandi.

Turkmaniston qonunchiligi bo’yicha vaqtinchalik prezidentlik parlament raisi, ya’ni Avazgeldi Otayevga topshirilishi kerak edi, biroq Niyozov o’limidan so’ng bir necha soat o’tgach Turkmaniston Bosh prokuraturasi unga qarshi jinoiy ish ochganini ma’lum qilib, uni bunday imkoniyatdan mahrum qildi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Otayevga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilishidan oldin uning deputatlik daxlsizligi bekor qilinmagan. Bugun Ozarbayjon va Qozog’iston axborot agentliklari Otayevning hibsga olingani haqida xabar berdilar. Chet-eldagi turkman muxolifatiga ko’ra, Otayev hokimiyat uchun kurashning ilk qurboni bo’ldi. Muxolifat, shuningdek, Niyozovning o’z ajali bilan o’lganini shubha ostiga qo’ymoqda.

26 dekabr kuni respublikaning yuqori lavozimli rahbarlaridan tashkil topgan Xalq Maslahati favqulodda majlisini o’tkazadi. Xalq Maslahati mamlakatning bundan keyingi taqdirini belgilovchi idoralardan hisoblanadi. U prezident saylovlarini belgilash va nomzodlarni tasdiqlash vakolatiga ega.

Mamlakatni qattiqqo’l siyosat bilan boshqargan, so’z va matbuot erkinligi hamda muxolifat faoliyatiga chek qo’ygan, jahonning eng johil diktatorlaridan biri etib e’tirof etilgan, mamlakat boyligini xalq farovonligi uchun emas, hashamatli saroylaru o’ziga oltin haykallar qurdirish uchun sarflagan Turkmanboshining kutilmagan o’limidan so’ng mamlakatni qanday o’zgarishlar kutmoqda?

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington nomidagi universitetda Markaziy Osiyo bo’yicha dars beruvchi, asli turkmanistonlik Najiya Badikovaning aytishicha, Niyozovdan keyingi tuzum boshqacha bo’ladi.

"Hozir nima bo'lishini aniq bilish qiyin, chunki mamlakat tashqi dunyoga berk bo'lgan. Xalq endi uyg'ona boshlaydi. Hokimiyat tepasiga kim kelishini aytish qiyin. Muxolifatning imkoniyatlari hokimiyat tepasidagilarning imkoniyatlari bilan deyarli teng. Biroq bu muxolifatga mamlakatga qaytishga imkoniyat berilishiga bog'liq."

Yaqinda AQShda siyosiy boshpana olgan va ayni damda Shvetsiyada yashayotgan Turkmaniston bosh vazirining sobiq o’rinbosari, Markaziy Bank sobiq raisi, muxolifatdagi “Vatan” harakati yetakchisi Hudoyberdi Orazovning bizga aytishicha, asosan G’arbiy Yevropa va Skandinav davlatlarida yashovchi turkman muxolifati yetakchilari zudlik bilan vatanga qaytishga ahd qilgan.

"Men muxolifatning boshqa namoyondalari bilan muloqot qilmoqdaman, va biz mamlakatga qaytishga va u yerdagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish uchun imkoniyat berilishiga harakat qilmoqdamiz", deydi Hudoyberdi Orazov.

Tahlilchilar Turkmanistonda hokimiyat uchun kurash bir necha guruh o’rtasida kechishini va bu guruhlar orqasida ba’zi mamlakatlar manfaatlari yotishini ta’kidlamoqda.

Ularga Rossiya, Eron va AQSh siyosatini yoqlagan, biroq aniq bir shaklga ega bo’lmagan guruhlar kiradi. Va gaz bu kurash zaminidagi asosiy omil bo’ladi, deydi kuzatuvchilar.

Turkmanistonlik dissidentlardan biri Najiya Badikova Turkmanboshining o’g’li Murod Niyozovning hokimiyat tepasiga kelish ehtimolini inkor etadi.

"Niyozov o'g'li imkoniyatlariga to'xtaladigan bo’lsak, bu quruq bir safsata. Chunki u Niyozov hayotligida ham mamlakat ichkarisida obro'ga ega bo'lmagan. Otasi tufayligina biznes bilan shug'ullana o'lgan. Uni muxolifat yoki hokimiyat tepasidagilar ham hurmat qilmaydi".

Kuzatuvchilar SSSRda Stalin o’limidan so’ng siyosiy muhit bir oz yumshab, siyosiy mahbuslar qanday ozod etilgan bo’lsa, Turkmanistonda ham Niyozov o’limidan so’ng shunday holni kuzatish mumkinligini ta’kidlamoqdalar.

Niyozovning “Sovet halqi dohiysi”ning tug’ilgan kunida olamdan o’tishida ham ramziy ma’no bor. Turkmanistonda ham Sovet Ittifoqida Stalin o’limidan so’ng bo’lgani kabi, Saparmurod Niyozovning shaxsga sig’inish siyosati tanqidga uchraydimi-yo’qmi, u qoldirgan merosdan bir necha yil ichida voz kechiladimi-yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi.

XS
SM
MD
LG