Mintaqada diktatorlar davri poyoniga yetmoqda


Turkmaniston pezidenti Saparmurod Niyozovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan O`zbekiston prezidenti Islom Karimov uni turkman xalqining buyuk farzandi deb e’tirof etdi. O`zbek muxolifati fikriga ko`ra, Turkmanistonda diktaturadan qutulishga imkoniyat tug’ildi.

O`zbekiston prezidentining turkmanboshi o`limi yuzasidan bildirgan hamdardligida Saparmurod Niyozov xalqiga sidqidildan xizmat qilgani etirof etilgan. Ba’zi fikrlarga ko’ra, Turkmaniston va O`zbekistondagi rejim birday, diktatorlikka asoslangan.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi tarqatgan bayonda Turkmaniston xalqida diktatura rejimidan demokratik rivojlanish yo`liga o`tish uchun imkoniyat tu`gilgani ta’kidlanadi.

Buning uchun xalqaro hamjamiyat, jumladan, mintaqaga o`z qiziqishini bildirayotgan qudratli davlatlarning xolis ko`magi zarurligi aytiladi.

Niyozovning o`limidan so`ng mamlakatni kim va qanday boshqarishi mumkinligi bugun asosiy masala bo`lib qolmoqda. O`zbekistondagi kuzatuvchilar Turkmaniston prezidentining o`limini ko`proq mintaqadagi diktator rejimlarining yemirilishi sifatida ko`rmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov mintaqada birinchi raqamli diktatorlik rejimi barham topib, estafeta ikkinchi raqamli diktatorga o’tdi deb hisoblaydi.

“Boshqa tomondan qaraydigan bo`lsak, bu ijobiy hol. Chunki Turkmanistonning yangi rahbariyati, o`rtada qanday kurashlar bo`lishidan qat’iy nazar, hukumatga demokratik usulda keladi degan umid bor. O`ylaymanki, G`arb bu jarayonlarda ishtirok etib, muxolifatning saylovlarda ishtirok etishini talab qiladi”, - deydi Rabbimov.

Siyosatshunos Farxod Tolipov fikriga ko`ra, hozirgi vaziyatda rejim o`zgarishiga umid qilish qiyin.

“Men birinchi diktatordan keyin ikkinchisi keladi demoqchi emasman, lekin diktatorlik tuzumi shunisi bilan farq qiladiki, mamlakatda siyosat bir kishiga bo`glanadi. Bir shaxs payg’ambardek ko`riladi va u ketgandan keyin tuzum shok holatiga tushib qoladi. Albatta, umid qilamiz, demokratik kuchlar paydo bo`lib qolar deb, lekin bunga kafolat yo`q. Oxirgi vaziyatga ko`ra, muxolifat vakillari mamlakatga kiritilmayapti”, - deydi Tolipov.

Hozir Turkmanistonning ulkan gaz zahiralari barchaning diqqat markazida. Shu paytgacha Turkmaniston gazi nisbatan arzon narxda, asosan, Rossiya orqali Yevropaga sotilayotgan bo`lsa, endi gaz eksportini Rossiyadan boshqa tranzit yo`llar orqali o`tkazish muhokama qilinmoqda.

Jamiyatshunos Komron Aliyevning aytishicha, tabiiy zahiralar jihatidan dunyo bozorida mavqega ega bo`lgan Turkmaniston Niyozov davrida mintaqa siyosatiga umuman aralashmagan, kelajakda esa bu pozitsiya o`zgarishi mumkinligiga umid bor.

“Buning, avvalo, Markaziy Osiyodagi vaziyatga ma`naviy ta’siri kuchli, ya’ni diktatura tuzumi hech qachon xalqlarga yaxshilik olib kelmasligini boshqalarga ham namoyish qiladi. Chunki yaqin kunlarda Turkmanboshining sodiq odamlari uning faoliyatini tahlil qila boshlashadi.Turkmanboshiga tarix bir imkoniyat bergan edi, lekin u biror marta turkiy birlik, mintaqa xalqlarining birligi, mintaqada umumiy bozor qilish tashabbusi haqida, birlashib siyosat yuritish haqida gapirgani yo’q. Uning asosiy siyosati Moskvaga ta’zim qilish va shu kabilar bilan o`tdi”, - deydi Aliyev.

Rossiya, Xitoy, Yevropa va AQSh kabi davlatlarning ehtiyojlaridan tashqari, Turkmanistondagi siyosiy elitalar to`qnashuvi ham prezidentlik uchun kurashni keskinlashtirishi ta’kidlanmoqda.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Turkmanistondagi diktatura sharoitida mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lgan muxolifat vakillari prezident saylovlarida qatnashishga hozirlik ko`rmoqda. Biroq muxolifatning mamlakatga kirishi taqiqilanganligi haqida xabarlar mavjud.

XS
SM
MD
LG