Tojikiston aholisi elektr quvvati va gaz tanqisligidan nolimoqda


Mutaxassislarning aytishicha, Tojikistonda, Vaxsh daryosida yangi to’gon qurilishi boshlangani sabab, mamlakat bo’ylab elektr energiya tanqisligi davom etmoqda.

Energetik mustaqillik uchun harakat qilayotgan Tojikistonga Eron qatorida Rossiya ham katta yordam bermoqda.

Dekabr oyi boshidan Sangto’da-1 gidro-elektrostansiyasi (GES) qurilishini moliyalashtirayotgan “YES Rossiya” aksionerlik jamiyati Vaxsh daryosida o’z ishini kuchaytirgan.

Jamiyat raisi Anatoliy Chubays Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonov bilan Vaxsh daryosi o’zani bo’g’ilishida ishtirok etgan edi.

Ammo issiqlik manbalarisiz qolgan Tojikiston xalqining tobora toqati toq bo’lib bormoqa. Chunki sovuq qish kunlarida aholiga tabiiy gaz berish ham to’xtatib qo’yilgan. O’ttizga yaqin jurnalistlar oldida so’zga chiqqan mutasaddilar sharoitni izohlashga harakat qilgan.

“Leninobod” elektr energiyasi idorasi raisi Mo’minjon Toshmatovning aytishicha, mamlakat bo’ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaytirilgan.

“Energiya ta’minoti oxirgi kunlarda ozgina og’irlashdi. Norak GESida elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kamaydi. Sangto’da-1 GESi to’g’oni gurilishi uchun Vaxsh daryosi suvi kamaytirilishi kerak, ya’ni suv Norakka kam boradi. Suv kamaysa, elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ham kamayadi,” - deydi Mo’minjon Toshmatov.

Uning aytishicha, ayni paytda Norak GESining 9 agregatidan faqat ikkitasigina ishlab turibdi. Zarur bo’lganda, uchtasi ishlaydi. Boyg’ozi GESida esa to’rt agregat bo’lib, soatiga 600 megavatt quvvat beradi, lekin uning ham faqat ikkitasi ishlatilmoqda.

Hozir So’gd viloyati kuniga 150 megovatt quvvat olmoqda, xolos, deydi Toshmatov. Buning 80 megovattini Qayroqqum GESi bermoqda. Qolgani esa qo’shni O’zbekistondan olinadi. “Bizga kam berilgani sababi esa, respublikamiz janubidan O’zbekistonning Surxandaryo viloyatiga energiya beriladi, bizki qo’shnilarga qancha beramiz ular ham bizga shimoldan shuncha berishadi,”- deya vaziyatni izohlaydi Mo’minjon Toshmatov.

O’zbekiston bilan bog’liq masala, mutaxassislar fikricha, qarzlar uzilsa hal bo’ladi. Ularning aytishicha, Qirgizistondan olinadigan elektr energiyasi ham O’zbekiston orqali o’tishi sabab, o’zbek hududlaridagi maxsus jihozlar ham zarur quvvatni uzatishga tayyor emas.

“Bizga Qirg’izistondan keladigan elektr energiyasi ham O’zbekiston orqali uzatiladi va qo’shnilarimiz ‘bu kuchdagi energiya bizdagi uskunalarga muvofiq kelmaydi va sharoitimiz yo’q’ degan sabab bilan elektr energiyasi uzatib berishni hozir ma’n qilganlar”, - deydi Tojikiston shimolidagi energetiklar koordinasiya guruhi rahbari Mo’minjon Toshmatov.

Og’ir sharoit Tojikistonda hozirgacha o’nlab kishining hayotiga zomin bo’lgan. Masalan, Bobojon G’afurov nohiyasida 21 yoshli Rustam Raupov ko’mir gazidan zaharlangan, xotini esa og’ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Bunday holatlar ko’plab uchramoqda.

“Barqi Tojik” shirkati rahbariyatiga ko’ra, aholi o’z xavfsizligini o’zi ta’minlashi zarur.

Odamlar sovuq va qorong’u kunlardan zada bo’lib o’zlari Dishanbega sim qoqib vaziyatga aniqlik kiritishni so’raganda, bu ahvol uchinchi martgacha davom etishi aytilgan.

Na elektr energiyasi, na gaz va na ichimlik suvisiz qolgan tojikistonliklarning bugungi kuni el ta’rificha do’zaxning o’zidir. “Do’zaxda ham tagingdan olov yoqishadiku, bu yer undan battar”, - deyishadi mo’ysafidlar. Tabiiy gaz yo’qligini esa So’g’dgaz ochiq shakldagi hissadorlik jamiyati raisi Nabijon Yusupov tashqi qarz bilan bog’laydi.

“Gaz bizda xorijiy valyutaga chet eldan – O’zbekistondan olinadi. Tojikgaz shirkati O’ztransgaz shirkati oldida bugungi kunda 1,7 million dollar qarzdor. Xo’jand shahrining o’zi qariyb 2 million somoniy qarzdor”, - deydi Yusupov. Uning aytishicha yangi yildan boshlab O’zbekiston gaz narxini har ming kubiga 100 dollardan ham oshirishi mumkin.

Respublika janubidan bo’lgan Karimjon Otayev aholining qiyinchiligi ustiga ulardan pul talab qiluvchilar ham ko’payganidan noliydi.

“Svet bo’lmagandan keyin xonadonlarda zimiston degan gap! Rahbarlarni uyida, energetiklarnikida svet bor, qolgan xalq bilan ishi yoq! O’zida yonib turibdi, bizdayam yo’q deyishadi-yu, aslida ularda bor! Talab qilib kelaveradi. Birgina elektr energiyasi pulini so’ramaydi. Gaznikini so’raydi, nalog so’raydi, pojarniydan keladi. O’zimiz hech qayerda ishlamasak, qayerdan olib beramiz u pulni!”, - deydi Otayev.

Tojikistonlik elektriklar raisi esa bunday og’ir ahvolda qolgan xalq uning ishchilariga sabr-qanoat bilan munosabat qilayotganidan minnatdor.

“Bizni tushunayotgan aholining sabr-qanoatiga adadsiz shukr desak bo’ladi. Energetiklarga yomon munosabatda bo’lmayotganlari uchun cheksiz shukrlar bo’lsin.”

XS
SM
MD
LG