Turkmaniston kelajagi va Turkmanboshi merosi muhokama ostida


Seshanba kuni Ashgabatda Turkmaniston Xalq Maslahati, ya'ni parlament yuqori palatasi mamlakatning Saparmurod Niyozov o’limidan keyingi taqdirini muhokama qilish uchun favqulodda majlis o’tkazadi. Xalq Maslahati prezident saylovlarini belgilash va nomzodlarni tanlash vakolatlariga ega. Konstitutsiyaga ko’ra, saylovlar ikki oy ichida o’tkazilishi kerak. Niyozovdan keyin kim hokimiyat tepasiga kelishi va mamlakat kelajagi ayni damda keng muhokama ostida.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida siyosatshunos olim, o’tgan yili Turkmaniston haqida kitob yozgan, asli qirg’izistonlik Rafis Abazovning aytishicha, Turkmanistonda qanday vaziyat hukm surishini bilish uchun ba’zi omillarni inobatga olish kerak.

"Armiya va xavfsizlik kuchlari vaziyatga qanday qaraydi va qaysi tarafni qo’llab-quvvatlaydi. Qirg’iziston va Ukrainadagi inqiloblarda bu omil muhim rol o’ynagan. Ichki muxolifat o’zini qanday tutadi? Chet-eldagi muxolifat emas, balki Niyozovning davlat resurslarini taqsimlashidan norozi bo’lgan norasmiy muxolifat, ya’ni tadbirkorlar, davlat xizmatchilari va boshqa guruhlar resurslarning qayta taqsimlanishiga urinib ko’radi," deydi yosh olim.

Abazovning aytishicha, Turkmaniston uch yo’ldan, ya’ni harbiy diktatura, demokratik islohotlar yoki eski yo’ldan borishi mumkin. Saparmurod Niyozov merosi va u shakllantirgan mafkura saqlanib qoladimi yoki Stalin o’limidan keyin bo’lgani kabi tanqidga uchraydimi, bu mamlakatning shu uch yo’ldan qay birini tanlashiga bog’liq, deydi yosh olim.

"Men Turkmanistonda bo’lgan paytimda aholining Turkmanboshi siyosatiga istehzoli munosabatda bo’lishiga e’tibor qaratdim. Biroq Niyozovning Turkmaniston davlatchiligi tarixi, ramzi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan siyosati xalqning mustaqil Turkmaniston va turkmanlar haqidagi tasavvurlarida yaqqol aks etgan. Umuman Turkmanistonda kimdir Niyozov merosini mazah qilsa, kimdir unga samimiy ishonadi va yana kimdir uning faqatgina eng yaxshi tomonlarini qoldirish tarafdori."

Shanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Turkmanistonda tartibni saqlashga chaqirdi. AQShning nufuzli Nyu-York Tayms gazetasiga ko’ra, Turkmanistonda yangi rahbarning hokimiyat tepasiga kelishida nafaqat ichki, balki tashqi omillar ham muhim ro’l o’ynaydi, chunki Rossiya Yevropadagi mijozlariga gazni bir maromda yetkazib berishi uchun hokimiyatga Niyozov siyosatini davom ettiradigan shaxs kelishini istaydi. AQSh va Yevropa Ittifoqi esa Turkmanistonda Kaspiy dengizi orqali, Rossiyaga muqobil quvur tushirishga ko’nadigan prezident tarafdori.

Turkmanboshining o’g’li Murod Niyozovning prezidentlikka imkoniyati kuzatuvchilar tomonidan past baholansada, Nyu-York Tayms gazetasi 2005 yilda Turkmaniston konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni yodga solib, uni ro’yxatdan chiqarishga shoshilmaslik kerak, dedi. Saparmurod Niyozov konstitutsiyaning “sof turkman fuqarosigina prezident bo’la oladi”, degan satrini bekor qilgan edi. Ma’lumki, Niyozovning rafiqasi rus millatiga mansub.

Fridom Xaus xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Aleksandr Gupmanning aytishicha, Turkmaniston siyosatida mavhumlik hukm surmoqda. Chunki Turkmanboshi shaxsi atrofida shakllangan tuzum usiz parchalanib ketishi mumkin.

"Tahlilchilar hokimiyat uchun kurash zo’ravonliklarsiz o’tmasligini bashorat qilishmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda ba’zi guruhlar tartibsizliklardan foydalanib o’z maqsadlarini ilgari surishni rejalashtirmoqda."

Turkmaniston muxolifati va ayrim xalqaro tashkilotlar Germaniyaning Doyche bankidan Niyozovga tegishli bank hisobini Turkmanistonda yangi prezident saylanmaguncha vaqtinchalik muzlatib qo’yishni so’ragan. Xabarlarga ko’ra, turkman gazi savdosidan tushgan daromad ushbu hisobga tushib turgan va ayni damda 2-3 milliard dollarni tashkil etadi.

Kolumbiya universitetining siyosatshunoslik bo’yicha professori Rafis Abazovning aytishicha, Turkmanistondagi siyosiy voqealarning qo’shni davlatlarga ham bevosita daxli bor.

"Markaziy Osiyo rahbarlari Turkmanboshining umumiy bozor, mintaqaviy transport korridori, gaz quvurlari kabi masalalar va tashqi siyosatidan norozi bo’lishgan. Ular Turkmanistonning mintaqaviy jarayonlarda faolroq ishtirok etishi tarafdori. Niyozov vafotining mintaqadagi davlatlar ichki siyosatiga ta’siriga keladigan bo’lsak, bu respublikaning qaysi yo’ldan borishiga bog’liq bo’ladi. Hokimiyat uchun kurash qonli tarzda kechadimi va qurolli to’qnashuvlarga olib keladimi yoki mamlakatdagi asosiy siyosiy kuchlar vaziyatni nazorat ostiga olib, siyosiy o’zgarishlar tinch o’tadimi? Mintaqadagi vaziyat mana shu omillarga bog’liq," deydi Rafis Amazov.

XS
SM
MD
LG