Turkmanistonda prezident saylovlari 11 fevral kuni bo'ladi


Turkmanistonda prezident saylovlari kuni belgilandi. Seshanba kuni Ashgabatda Xalq Maslahati favqulodda majlis o’tkazib, saylovlarni 11 fevralga belgiladi.

Ikki yarim ming deputat va oqsoqollardan iborat Xalq Maslahati, ya’ni parlamentning quyi palatasi saylovlarni belgilash va nomzodlarni tasdiqlash vakolatiga ega.

Prezidentlikka nomzod sifatida 11 kishi tavsiya qilingan edi. Ular orasida olti kishi Xalq Maslahati a’zolari ovozlarining uchdan ikki qismini qo’lga kiritib, prezidentlikka rasmiy nomzod sifatida tasdiqlandilar.

Ular orasida vaqtinchalik prezidentlik vazifasini o’tayotgan Qurbonguli Berdimuhammedov ham bor. Uning nomzodini Xalq Maslahati bir ovozdan qo’llab-quvvatladi.

Boshqa nomzodlar qatoriga Neft va gaz sanoati va mineral resurslar vazirining o’rinbosari Eshonquli Nuriyev, Obodon shahri hokimi Orazmurod Qorajayev, Turkmanboshi shahri hokimi Ashirniyoz Pommanov, Tashovuz viloyati hokimining birinchi o’rinbosari Ommaniyoz Otojikov va Labob viloyati Qorabekovul tumani hokimi Muhammadnazar Qurbonov kirdi.

Turkmaniston konstitutsiyasida muvaqqat prezident saylovlarda qatnasha olmaydi, deyilgan edi. Qonunga ko’ra, Niyozov o’limidan so’ng mamlakat boshqaruvi saylovlar o’tkazilgunga qadar parlament spikeriga o’tishi kerak edi, biroq Avazgeldi Otayevga qarshi o’sha kuniyoq jinoiy ish qo’zg’atilib, keyinchalik u hibsga olingan edi.

Bugun Xalq Maslahati konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritib Berdimuhammedovning muvaqqat prezidentlik vakolatlarini 60 kunga qonunlashtirdi, ya’ni endilikda prezident o’z vazifasini bajarishga qodir bo’lmagan taqdirda, uning o’rnini bosh vazir muovini egallaydi.

Shu tuzatishlar doirasida muvaqqat prezidentning saylovlarda qatnasha olmasligi haqidagi konstitutsiyaning 60-moddasi bekor qilingan bo’lishi ham mumkin.

Bu esa Berdimuhammedov bugundan boshlab lavozimini qonun asosida egallamoqda, deganidir. Bugun Xalq Maslahati shuningdek shu paytgacha Turkmanistonda bo’lmagan “Prezident saylovlari haqida” qonunni qabul qildi.

Turkmanistonning chet-eldagi muxolifati Niyozov o’limidan so’ng zudlik bilan mamlakatga qaytishini bildirgan edi, biroq ularning respublikaga kirishlariga hukumat hozircha ruxsat bermagan.

Shunga qaramay, muxolifat Ukrainada o’z strategiyasini muhokama qilmoqda va saylovlarda ishtirok etishga imkoniyatni qo’lga kiritish uchun AQSh, Yevropa Ittifoqi va Ukraina hukumatidan madad so’ragan.

Muxolifat prezidentlikka yagona nomzod sifatida Turkmaniston Markaziy Banki sobiq raisi, bosh vazirning iqtisodiyot bo’yicha sobiq muovini Xudoyberdi Orazov nomzodini ko’rsatdi.

Orazov “Vatan” harakatining raisi va so’nggi yillar Shvetsiyada yashagan.

Biroq ayrim xabarlarga ko’ra, qayd etilmagan muxolif Xalq demokratik harakati raisi Nurberdi Nurmamedov ham muxolifatdan prezidentlikka nomzod etib ko’rsatilgan. Nurmamedov shu yil 23 dekabrida Ashgabatda hibsga olingan edi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, hokimiyat tepasidagilar Turkmanistonning navbatdagi rahbari sifatida o’z odamini ko’rishni xohlaydi va shu sabab muxolifatdan nomzodni rasman qayd etmasligi va muxolifatni saylovlarga umuman yaqinlashtirmaslligi mumkin. U holda hamma narsa muxolifatni qo’llab-quvvatlayotgan Yevropa Ittifoqi, AQSh va Ukrainaning Turkmanistonga ta’siriga bog’liq bo’ladi. Niyozov davrida bu ta’sir deyarli nolga teng bo’lgan.

XS
SM
MD
LG