Turkmaniston muxolifati yagona nomzod bo'yicha kelisha olmayapti


Bugun Turkmaniston muxolifati 11 fevralga mo’ljallangan prezident saylovlariga yagona nomzodini e'lon qilgan edi. Shu bugunoq Amerika ovozining O'zbek xizmatiga ma’lum bo'lishicha, Xudoyberdi Orazov nomzodini muxolifatning barcha yetakchilari ham qo’llab-quvvatlamagan.

Turkmanistonning muhojiratdagi muxolifati prezident Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng mamlakatga kira olmay, yagona nomzod va saylovlar oldidan strategiya bo’yicha maslahat uchun Ukraina poytaxti Kiyevda uchrashgan va Turkmaniston Markaziy Banki sobiq raisi, bosh vazirning iqtisodiyot bo’yicha sobiq muovini Xudoyberdi Orazovni muxolifatdan yagona nomzod sifatida ko’rsatgan edi.

Orazov “Vatan” harakatining raisi va so’nggi yillar Shvetsiyada yashagan. Uning nomzodini Turkmanistonning Turkiyadagi sobiq elchisi Nurmuhammad Hanamov ham qo’llab-quvvatlagan. Turkmaniston Respublikachilar partiyasi raisi Hanamov ham quvg’inda.

Biroq Turkmanistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri, ayni damda Norvegiya poytaxti Osloda yashayotgan Avdi Kuliyevning biz bilan suhbatda aytishicha, u rahbarligidagi Birlashgan demokratik muxolifat Orazovning nomzod bo’lishiga rozilik bermagan.

"Orazov o’z nomzodini qo’llab-quvvatlanishini xohladi, biroq men unga qator sabablar bois bunday qila olmasligimni bildirdim. Bunday sabablardan biri shuki, Orazov Niyozov qo’li ostida 10 yil birga ishlagan va Turkmanistondagi amaldagi tuzumning shakllanishiga hissa qo’shgan. Men yaxshisi betaraf nomzodni ilgari surishni taklif qildim."

Avdi Kuliyev 63 yoshli Nurberdi Nurmamedovni nazarda tutmoqda. Nurmamedov so’nggi 17 yil davomida “Og’zibirlik” Xalq demokratik harakatini boshqargan va Niyozov o’limidan ikki kun o’tgach hibsga olingan. Kuliyev fikricha, Nurmamedov aksariyat muxolifatchilardan farqli o’laroq, faoliyatini mamlakat ichkarisida olib borgan.

Turkmaniston Xalq Maslahati seshanba kungi favqulodda majlisida 11 kishining ichidan olti nafarini 11 fevralda bo’ladigan prezident saylovlariga nomzod qilib tasdiqlagan. Ular orasida vaqtinchalik prezident lavozimini o’tayotgan va kuzatuvchilar tomonidan imkoniyatlari yuqori baholanayotgan Qurbonguli Berdimuhammedov ham bor.

"Biz besh yil burun Niyozov uni o’zidan keyin qoldirmoqchi ekanini bilgan edik," deydi Avdi Kuliyev. "Uni xalq yaxshi bilmaydi. U oddiy stomatolog. Hukumatga tasodifan kelib qolgan. Bir manbaga ko’ra u Niyozovning nikohdan tashqarida tug’ilgan o’g’li. Bu haqiqat bo’lmasa ham u tashqi qiyofasi va o’zini tutishi bilan Niyozovga juda o’xshab ketadi."

Turkmanistonni 1992 yilda tark etgan va ikki yil davomida tashqi ishlar vazirligini boshqargan, endilikda esa Oslodan turib Birlashgan demokratik muxolifatga rahbarlik qilayotgan Avdi Kuliyev saylovlarda muxolifat ishtirok eta olmasada, mamlakatda siyosiy vaziyat asta-sekin o’zgarishiga umid bildiradi.

Turkman xalqi inson huquqlari tashkiloti vakili Tojmurod Qiyomovning aytishicha, hozirgi vaziyatda Turkmanistonga chetdan bosim o’tkazish kerak.

"Amerika va Germaniya kabi demokratik ruhdagi mamlakatlar, Yevropa Ittifoqi va hatto Rossiya Turkmanistonning yangi rahbariyatiga bosim o’tkazsagina Turkmanistonda o’zgarishlar bo’lishi mumkin."

XS
SM
MD
LG