O'zbekistonlik fikricha Markaziy Osiyoda o'tish davri boshlangan


Saparmurod Niyozovga aza tutayotgan Turkmaniston yangi prezident uchun ovoz berish arafasida turibdi.

O'zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida Turkmaniston transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda.

“Hozirgacha O`zbekistonning bitta qoshnisi Qirg`izistonda shunday transformatsiya jarayoni ketayotgan edi. Endi bu jarayon Turkmanistonda davom etadi. Bu jarayonni orqaga qaytarib bo`lmaydi. Jamiyatda Turkmanboshi davrida shakllangan avtoritar fikrlash erib boradi. Siyosiy elita va jamiyat faollashib boradi. Shu nuqtai-nazardan kim prezident bo`ladi va uning qancha vaqt bo’lishini bashorat qilish qiyin. Niyozovdan keyingi shaxs uzoq vaqt prezident bo`la olmaydi”, - deya izohlaydi siyosatshunos.

Rabbimov fikricha ayni paytda muxolifat vakillari AQSh va Rossiya bilan ham muzokara yuritmoqda. Bu muzokaralar Rossiyani noqulay vaziyatga tushirib qo`ygan. Chunki muxolifat Rossiya qo`llamagan taqdirda ham baribir G`arbning ko`magida mamlakatga kiradi.

“Lekin muxolifatning imkoniyatlari ancha past. Birinchidan, Rossiya qo`llab-quvvatlayotgani yoq. Ikkinchidan, Turkmanistonda vizali rejim. Muxolifat mamlakatga kira olmayapti. Muxolifat orasida menga tanish bo`lgan siyosiy elita vakilari bor. Vaziyat saylovlar jarayonida ham o`zgarib boradi. O`ylaymanki, muxolifat yaqin bir yil ichida mamlakatga kirib keladi va juda ko`p [qonunlar] qayta ko`riladi” , - deydi Rabbimov.

21 dekabr kuni vafot etgan Saparmurod Niyozov Turmanistonni 21 yil mobaynida boshqargan va bu vaqt mobaynida Turkmaniston dunyoda diktaturaga asoslangan mamlakat sifatida tanilgan.

Sharhlovchilar ta’biricha, Turkmaniston hukumatiga kimlar kelishi va qanday boshqaruv usulining tanlanishi mintaqadagi, jumladan Turkmanistondan keyin asosiy diktatura tuzumi sanaluvchi O`zbekistondagi vaziyatga ham ta’sir o`tkazadi.

XS
SM
MD
LG