O'zbekistondan besh ming kishi haj farzini ado etmoqda

  • Amerika Ovozi

Bu yili dunyoning turli chekkalaridan ikki yarim millionga yaqin musulmon haj safarini amalga oshirmoqda. Shulardan 5000 nafari – o’zbekistonlik. Ziyoratchilarning oxirgi guruhi 23 dekabr kuni Makkaga jo’nab ketgan.

O’zbekiston Diniy ishlar qo’mitasi raisi o’rinbosari Ortiq Yusupovning so’zlariga qaraganda, joriy yilda haj amalini ado etayotgan o’zbekistonliklar o’tgan yilga qaraganda 1000 kishiga ko’p.

"O’zbekiston havo yo’llari" Milliy aviakompaniyasining ziyoratchilar uchun mo’ljallangan Toshkent-Jidda yo’nalishidagi reyslari 14 dan 23 dekabrga qadar amalga oshirilgan.

Ularga 30 nafar tarjimon, xuddi shuncha shifokor va 10 oshpaz hamroh. Qariyb yuz imom ziyoratchilarga haj tartib-qoidalarini izohlab boradi, dedi Yusupov jurnalistlar uchun o’tkazilgan matbuot anjumanida.

Uning aytishicha, mustaqillik yillarida O’zbekistondan jami 53 ming fuqaro haj safarini amalga oshirgan.

Haj oldidan ziyoratchilar bilan muloqot qilgan O’zbekiston rasmiylari fuqarolarga ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni, notanish odamlar, guruhlar bilan aloqa qilmaslikni, u yerdan diniy qo’llanma-adabiyotlar olib kelmaslikni maslahat bergan.

Bu yil hajning asosiy bosqichi sanalmish Iyd-ul- Adha, ya’ni Qurbon Hayiti 30 dekabr, muborak juma kuniga to’g’ri kelmoqda. Bu kun O’zbekistonda dam olish kuni deb e’lon qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG