Pan Gi-Mun - BMTning Osiyodan chiqqan ilk Bosh kotibi


Janubiy Koreya sobiq Tashqi ishlar vaziri Pan Gi-Mun Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi rahbari sifatida ish boshlamoqda.

Biroq Gi-Mun haqida dunyo ko’p narsa bilmaydi. Malakali diplomat, biroq iste’foga chiqqan Kofi Annan kabi BMTda uzoq yillik tajribaga ega emas.

Bu safar so'nggi yillarda nufuzi pasaygan jahon tashkiloti bosh kotibligi uchun musobaqa bo’lmadi, balki toj kiydirish marosimi.

Janubiy koreyalik Pan Gi-Mun Xavfsizlik Kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, Bosh Assambleyada ham yakdillik bilan yangi rahbar sifatida saylandi.

Lavozim uchun qasamyod keltirar ekan, Pan Gi-Mun "BMT boshqaruvida tub o’zgarishlar qilamiz",- dedi.

"So’zimiz kamtarin bo’lsa-da, qadamimiz shijoatli bo’lsin".

Yangi bosh kotib fikricha BMT kamroq va’da berishi va amalda ko’proq ish qilishi lozim. Pan Gi-Mun kamtarin, kamgap, istarasi issiq, ko’p hollarda hatto uyatchan diplomat sifatida tanilgan. BMTda ulg’aygan Kofi Annanning aksi desa ham bo’ladi.

Pan Gi-Mun BMTning Osiyodan chiqqan birinchi kotibi.

"Bu BMTga nisbatan ishonchni tiklash amaliyoti",- deydi u. "BMT a’zolari va kotibiyat o’rtasida ishonch tiklansin. Umid qilamanki, buning uddasidan chiqamiz".

Pan Gi-Mun BMTning tarqoq agentlik va bo’limlarini birlashtirishni rejalagan. Ammo bunga erishish uchun avvalo a’zo davlatlarning ishonchini oqlash lozim.

Jumladan, eng yirik a’zo Qo’shma Shtatlar ishonchini. BMTning Neftga oziq-ovqat almashish dasturidagi korrupsiya va AQShning so’nggi besh yildagi tashqi siyosati aloqalarga darz tushirgan. BMTda islohotlar boshlangan, lekin juda sekin. Byudjetni belgilovchi Bosh Assambleya vakolatlaridan ayrilmoqda. Vaholanki, kambag’al davlatlar aynan Bosh Assambleyada gapira oladi xolos.

BMT bosh kotibi nafaqat tashkilot rahbari, balki jahon ahlining bosh diplomati.

Sudanning Darfur mintaqasida qonli inqiroz, Eron atom maqsadlari, Livandagi tinimsiz mojarolar, Shimoliy Koreya yadroviy qurollari... BMT misli ko’rilmagan global jumboqlar bilan yuzlashmoqda.

BMT faoliyatini kuzatuvchi Global Siyosat Forumi rahabri Jeyms Pol fikricha, bosh kotibning asosiy vazifasi yangilik olib kelish, kutilmagan o’zgarishlar qilish.

"Bosh kotiblar odatda boshida kamgap, uncha ko’zga ko’rinmagan odamlar. Lavozimni qo’lga olishi bilan ularga jon kiradi. Masalan, Kofi Annan BMTda unchalik yuqori bo’lmagan ishda ishlardi. Lekin Xavfsizlik Kengashi Annan bilan ishlay olamiz degan umidda, uni quvvatladi. Kofi Annan soyadan chiqqan rasmiy. Shunga qaramasdan, fikrimcha, ancha dadil bosh kotib bo’ldi".

Yangi bosh kotib Osiyodan emasmi, masalalarga shoshmasdan yondashishni ma’qul ko’radi. Shimoliy Koreya atom muammosini yechishga sabr-toqat kerak, deydi u.

Biroq BMT Xavfsizlik Kengashidagi doimiy a’zolar, asosan vaqt bu pul deya ish ko’radigan G’arb, atom qurolidan voz kechmasa, Pxenyanga sanksiya qo’ymoqchi.

Pan Gi-Mun xalqaro siyosatning bu boshi berk ko’chasidan chiqa olarmikan? Notinch dunyo, qashshoq davlatlar va beqaror jamiyatlar undan najot kutmoqda.

Pan Gi-Mun 1944 yilda o’sha paytdagi Koreyaning Eumsong provinsiyasida dunyoga kelgan. 2004 yildan 2006 yilga qadar Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri bo’lgan. Oliy ta’limni avval vatanida, keyinroq esa AQShda, Garvard Universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha olgan. Ona tili koreyschadan tashqari, yana fransuz va ingliz tillarida gaplashadi. Uylangan, uch farzandning otasi. Kasbiy faoliyatini 1970 yilda boshlagan.

XS
SM
MD
LG