AQSh Turkmanistonni erkin va adolatli saylovlarga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Turkmanistonni marhum prezident Saparmurod Niyozovdan qolgan avtoritar tuzumdan xalos bo’lishga hamda erkin, adolatli va ochiq saylovlar o’tkazishga chaqirdi. AQSh rasmiylari mamlakatdagi vaziyatga ehtiyotkorlik bilan baho bermoqda.

Qo’shma Shtatlar Turkmanistonda erkin saylovlar o’tkazilib, davlat tepasiga xalq manfaati va orzu-istaklarini himoya qila oladigan rahbar kelishini xohlaydi.

Turkmaniston parlamenti saylovlarni 11 fevral kuni o’tkazishga qaror qilgan. Prezidentlik uchun olti nomzod ko’rsatilgan. Ular orasida hozirda prezident vazifasini bajarayotgan Qurbonguli Berdimuhamedov ham bor.

Marhum Niyozov hokimiyati davrida quvg’inga uchragan muxolifat vakillari bu ro’yxatga kiritilmadi. Chet-elda faoliyat ko’rsatayotgan muxolif kuchlar bundan norozi.

AQSh Davlat departamenti vakili Gonzalo Gallegosning aytishicha:


”Qo’shma Shtatlar xalqaro talablarga javob beradigan erkin, adolatli va ochiq saylovlar bo’lishini istaydi. Yangi saylanadigan prezident fuqarolar orzu-umidining ushalishiga xizmat qilib, ularning fundamental huquqlarini himoya qiladi degan umiddamiz. Hukumat xalqning saylovlarda erkin ishtirok eta olishini ta’minlashi maqsadga muvofiq”,- deydi AQSh diplomati.


Prezident Niyozov rahbarligi ostida Turkmanistonda inson huquqlari keng poymol etilib, AQSh bu holni keskin tanqid qilib keladi.

Niyozov Turkmaniston rahbariyatini 1985 yilda qo’lga olgan, 1991 yilda mustaqil mamlakat prezidentiga aylangan edi. 2003 yilda o’zini umrbod prezident deb e’lon qilgan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher Saparmurod Niyozovning dafn marosimida qatnashib, rasmiylar bilan uchrashdi.

Jurnalistlar bilan muloqot qilgan Baucher janoblari o’tmishda nima bo’lganidan qat’iy nazar, hozir Qo’shma Shtatlar yangi aloqalar uchun ochiq ekanini ma’lum qildi.

Niyozov qoldirgan meros haqida gapirarkan, Baucher “marhum rahbar Turkmaniston davlatchiligini, uning tarixi va qariyatlarini tiklashga urindi”, -deydi. Biroq, deydi Baucher, bu jarayon xalq manfaati uchun xizmat qilmadi”,- dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG