Huquq himoyachilarining oxirgi umidi - xalqaro hamjamiyat


Hukumat doirasidagi ayrim ekspertlar AQShni inson huquqlari bahonasida davlatlar ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblamoqda.

Kuzatuvchilar nazarida, mintaqa davlatlari ichida aynan O`zbekiston inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni shunday baholamoqda. Hukumat, deydi huquq himoyachilari, huquq ahvolini yaxshilash borasidagi har qanday yordamni ichki ishga aralashish sifatida baholamoqda.

Mintaqaviy siyosat jamg`armasi eksperti Bektosh Berdiyev mahalliy jurnalistlarga bergan intervyusida AQShni inson huquqlarini himoyalash bahonasida davlatlarning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblagan. Ekspert fikricha, bu – suveren davlatlarning ichki ishlariga qo`pol tarzda aralashuv sifatida namoyon bo`lmoqda.

AQSh huquq himoyachilariga yordam ko`rsatish maqsadida tasarrufida 1 million dollarga yaqin mablag’ bo’lgan Jamg`arma tashkil etgani va uning faoliyati Davlat departamenti tomonidan boshqarilishi aytiladi.

Huquq himoyachilari ta’biricha, AQSh Davlat departamenti tomonidan inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyatning yana bir bor ta`kidlab o`tilishi O`zbekiston hukumatining tashvishiga sabab bo`lgan.

“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unovning aytishicha, bu tashvish AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning bayonoti, ehg yaxshi inson huquqlari himoyachilarini mukofotlash uchun, demokratiyaning rivojlanishi uchun mablag’ ajratilgani haqidagi xabarlar bilan bo`g`liq.

“Barcha diktator davlatlar kabi bu O`zbekiston hukumatini ham xavotirga solib qo`ygan. Bularni xavotirga tushgani o’sha demokratik kuchlarga qayerdandir ko`proq yordam kelsa, bu bilan hukumatga qandaydir qarshilik kuchayishi mumkin bo`ladi. Men aytmoqchi emasman, qurolli qarshilik deb, demokratik tamoyillarni rivojlantirishdagi faoliyat kuchayib ketish mumkin. Mamlakatning ichki ishiga aralashib, bu o`ringa bu nomzod qo`y deyilayotgani yo’q”, - deydi A`zam Turg`unov.

Azam Turg`unov yaqinda Qir`gizistondan qaytayotib aeroportda O`zbekiston xavfsizlik organlari tomonidan ushlab qolingan huquq himoyachisi Umida Niyozovani misol tariqasida keltiradi.

“Hozir demokratik davlatlar, obro`li tashkilot himoya qilmas ekan, O`zbekistonda kim uni himoya qilishi mumkin? Sudlarmi, huquq tartibot organlari Umidani himoya qilib chiqadi deb o`ylaysizmi? Hech kim bunga qo`l urmaydi, demakki bunga chetdan yordam munosabat bildirilishi kerak, bu ichki ishlarga aralashish emas-ku”.

Aeroportdagi tekshiruvlar natijasida Umida Niyozovaga tegishli kompyuter musodara qilingan va hozirda uning o`ziga nisbatan aksilkonstitutsiyaviy harakat yuzasidan tergov ishlari qo`zg`atilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Ayrim kuzatuvchilar fikriga ko`ra, O`zbekistonda huquq himoyachilari faoliyati deyarli cheklab bo`lingan, ko`plari hibsga oligan, ko`plab inson huquqlari himoyachilari, nodavlat tashkilotlar mamlakatdan chiqarib yuborilgan. O`zbekiston va AQSh o`rtasida inson huquqlari bilan bo`gliq hamkorliklar to`xtagan.

Bunday vaziyatda mintaqada aynan O`zbekiston tomoni ichki ishlarga aralashmaslik haqida tashvish bildirayotgani ayrim kuzatuvchilar nazarida O`zbekiston hukumatining demokratik kuchlar faollashuvidan cho`chishi bilan bog`liq.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabek mulohazalariga ko`ra, AQShni ichki ishlarga aralashishda ayblash tendensiyasi Rossiya bilan aloqalar yaqinlashgach boshlangan, biroq Turkmanistondagi voqealar tufayli bu yana kun tartibiga chiqqan.

“Lekin mantiq degan narsa bo`lmayapti. Deylik, Turkmanistonga AQSh yordan berayotgan ekan, endi Rossiya O`zbekistonga to`gridan-to`gri ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan aralashayaptiku. Unda umuman aralashish degan narsani to`xtatish kerak”, - deydi Isabek.

Huquq himoyachisi A`zam Turg`unovning so’zlariga ko`ra, inson huquqlarini ta’minlashdan manfaatdor har qanday hukumat bu boradagi ko`makdan xursand bo`lishi lozim edi.

“Inson huquqlarini faqat O`zbekistonning ichki ishi deb qarash noto`g`ri, hatto bu to`g`rida prezident, hukumat tomonidan imzolangan hujjatlar bor. Nega endi bunga qarshilik qilishayapti? Hukumat o`zi kirib qolgan “tupik”dan chiqolmayotganidan tashqari, boshqalarni bunga aybdor qilib ko`rsatayapti”, - deydi huquq himoyachisi A`zam Turg`unov.

O`zbekiston inson huquqlari, jumladan, huquq himoyachilariga nisbatan keskin bosim boshlagan mamlakatlardan biri sifatida qayd etib kelinmoqda. Huquq himoyachilarining so’zlariga qaraganda, bunga faqatgina hukumatga ta’sir ko`rsata olish qudratiga ega xalqaro tashkilotlar va davlatlar barham berishi mumkin.

XS
SM
MD
LG