Iroq sobiq rahbari Saddam Husayn dorga osildi


Iroq sobiq diktatori Saddam Husayn insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, bugun tongda dorga osildi.

Qatlni kuzatgan guvohlarning so’zlariga ko’ra, Saddam qilgan ishlari uchun afsus bildirmagan.

Bir qo’lida Qur’on ushlab olgan Saddam boshiga qora yopinchiq kiyishdan bosh tortgan.

Hukm tonggi soat 6.00 da ijro etilgan. Marosim Kozimiya tumanida joylashgan sobiq harbiy razvedka boshqarmasi binosida o’tkazilgan.

Iroq davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan videolavhada Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikining jazoni ijro etish to’g’risidagi farmonga imzo chekayotgani tasvirlanadi. Bir necha soniya o’tib, ekranda dorga osilish paytida Husaynning vazmin, bosiq qiyofasi paydo bo’ladi.

U, odatdagidek qora kostyum va oq ko’ylakda. Qo’llari orqasiga bog’langan. Olti nafar jallod Husaynning bo’yniga ulkan sirtmoq tashlaydi. Lavha ana shu yerda uziladi.

Voqea guvohlaridan biri, Iroq Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Muvaffaq al-Ruboiyning aytishicha, marosimni faqat iroqliklar boshqargan. AQSh vakillari ishtirok etmagan.

Shu kun va vaqtning maxsus tanlanishi bejiz emas, chunki aynan bugun haj yakunini ifodalovchi Iyd al Adha ayyomi nishonlanadi, deydi Ruboiy.

Bag’dodning shialar yashaydigan qismida bayram kayfiyati, xursandchilik hukm surmoqda.

Iroq sudi shu yilning 5 noyabrida sobiq prezidentni 1982 yilda Dujayl shialar qishlog’ining 148 fuqarosini qirishga buyruq berganligi uchun oliy jazoga mahkum etdi.

Saddam, shuningdek, 1980 yilda al Anfal kampaniyasi mobaynida 180 ming kurdning o’limida ham ayblangan. Mazkur ish yuzasidan ayblanayotgan 6 nafar sobiq rasmiy ustidan sud jarayoni davom etadi.

Saddam tug’ilib o’sgan Tikrit shahriga kirish berkitib qo’yilgan. To’rt kun mobaynida shaharga hech kim kirib-chiqa olmaydi.

Prezident Bush Saddam Husayn qatlini Iroqning demokratiya sari yo’lidagi eng muhim voqea, deb atamoqda. Saddam adolatli sud qilindi, uning boshqaruvi davrida iroqliklar bundan mahrum edi, deydi AQSh rahbari.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Maliki esa sobiq diktator tarafdorlarini mamlakatni qayta qurishda ko’maklashishga chaqirmoqda.

Britaniya hukumati nazarida Saddam o’z xalqiga qarshi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi. Fransiya Iroq xaqini birlashishga chorlamoqda.

Yaponiya va Avstraliya o’lim jazosiga qarshi bo’lsa-da, Iroq sobiq rahbarini qanday jazolashni o’zi hal qildi, deya bildirdi.

Rasmiy Vatikan Saddam o’limini fojia deb ta’riflayotgan bo’lsa, Hindiston va Rossiya Iroq yanada beqaror joyga aylanadi, degan fikrda.

Iroqni 20 yildan ortiq boshqargan Saddam Husayn 69 yoshda edi. Qashshoq oilada dunyoga kelgan. O’smirlik paytida "Baas" partiyasiga qo’shilgan. 1979 yili 49 yoshida Iroq prezidenti bo’lgan.

XS
SM
MD
LG