Qirg'izistonda 2006 yil yakunlari tahlil ostida


2006 yil Qirg’iziston fuqarolari uchun eng serg’avg’o yil bo’ldi deyish mumkin. Yil boshidanoq prezident va parlament o’rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Hokimiyatning turli tarmoqlari o’rtasida ziddiyat hozir ham davom etmoqda.

Qirg’iziston rasmiylari Bishkek yaqinidagi “Gansi” aviabazasi uchun ijara haqqini oshirish borasida amerikalik rasmiylar bilan 2006 yil yozigacha tortishgach, oxiri bir to’xtamga keldilar. Baza Qirg’izistonda qoladigan bo’ldi.

Yil davomida Qirg’izistondan ikki amerikalik diplomat nodavlat tashkilotlar bilan shubhali aloqalari uchun badarg’a qilindi, amerikaliklarning harbiy uchog’i prezident Bakiyev uchadigan uchoqning qanotini sindirib qo’ydi. Yil oxirida esa, amerikalik askar Qirg’iziston fuqarosini otib qo’ydi.

“Amerika Ovozi” radiosining Qirg’izistondagi tinglovchilari fikriga ko’ra, mamlakat aholisining ko’pchilik qismini tashkil qiluvchi o’zbeklar o’z tillariga rasmiy maqom berilishini talab qilib, namoyishga chiqqani ham 2006 yilning eng muhim voqealaridan biri sanaladi.

“Amerika Ovozi” radiosi o’zbek xizmatining tinglovchilari 2006 yilda Qirg’izistonda “millatchilik kayfiyati kuchaydi”, deya hisoblamoqdalar. Davlat teleradiokompaniyasida efirga uzatiladigan o’zbek tilidagi yangiliklar dasturi tugatildi. Rasmiylar o’z nutqlarida boshqa millatlarga nisbatan kamsituvchi iboralar qo’llay boshladilar.

Shuningdek, Qirg’izistonda 2006 yilning yoz fasli “diniy ekstremistlar, terrorchilarga qarshi kurash” bilan o’tdi. Qirg’iziston o’zbekistonlik qochqinlarni xalqaro huquqiy me’yorlarni poymol qilib, ortga qaytardi.

Ba’zi qochqinlar o’zbek xavfsizlik xizmati tomonidan o’g’irlab ketildi. Tinglovchilarning aytishlaricha, 2006 yilda Qirg’izistonda O’zbekiston bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish bahonasida diniy erkinlikni cheklash kuzatildi.

2006 yil kuzida Qirg’izistonda hukumat va muxolifat o’rtasida dahanaki janglar yana avj oldi. Bu safar endi muxolifat prezident vakolatlarini cheklaydigan yangi konstitutsiya qabul qilish uchun namoyish boshladi. Tinglovchilarimizning fikricha, Qirg’izistonda konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinishi bilan jamiyatda islohotlar o’tishiga ishonch uyg’ondi.

Ammo bu bilan mamlakat bosh qonuni bo’yicha mojarolar tinchimadi. Qirg’iziston fuqarolari bir-birlari bilan “Sen o’z konstitutsiyangni yaratdingmi?” deya hazillasha boshladilar. Bunga prezident va muxolifat tarafdorlari taqdim qilayotgan turli qonunlarning ko’payib ketishi sabab bo’ldi.

2006 yil tugashiga 1 kun qolganda parlament deputatlari muxolifat bosimi bilan qabul qilingan konstitutsiya o’rniga yana yangi konstitutsiya qabul qildilar. Ayni paytda mamlakat qaysi qonun bilan yashayapti va kelajakda qanday qonun bilan yashashi chalkashib ketgan.

Yangi 2007 yil boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda Qirg’iziston hukumati to’la tarkibda iste’fo berdi. Vazirlar Mahkamasi mamlakat taqdirini mavhum qoldirib, kutilmaganda iste’foga ketishi navbatdagi siyosiy bo’hronning boshlanishi deya baholanmoqda.

XS
SM
MD
LG