Axborot vositalari hukumat matbuot xizmati bo'lib qolmoqda


Ayrim mutaxassislar nazarida O’zbekistonda matbuotning zaifligiga hukumat nazorati emas, globallashuv sababdir. Boshqalar fikricha esa, mustaqillikning ilk yillarida bir oz bo’lsa-da o’tkirlashgan axborot vositalari bugun boshqaruv qo’lida o’yinchoq.

1990-yillardagi matbuotga nazar tashlab, “To’qqiz million qashshoq, ularni nochorlikdan qanday qutqarish mumkin? ”, “Paxta va xalq sog’lig`i”, “O`zbek ayollari nega o`zlarini yoqmoqda” kabi sarlavhalarni ko'rasiz.

Kuzatuvchilar nazarida 90-yillar hozirgi davrga qiyoslansa, O`zbekiston aholisi bir necha barobar qashshoqlashganini va muammolar yanada og’irlashganini ko`rasiz. Biroq bu haqda yoza oladigan matbuot hozirda yo’q.

O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti doktoranti Akbar Nurmatov yaqinda “Hurriyat” gazetasida bosilgan maqolasida milliy matbuot haqida mulohaza yuritar ekan, globallashuv jarayoni milliy matbuotga nisbatan ehtiyojni susaytirayotgani va milliy matbuot taraqqiyotini sekinlashtirishi mumkinligini bildiradi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko`ra, 90-yillarda milliy matbuot qisqa davr mobaynida shakllana boshlagan bo`lsa, keyinchalik bu jarayon keskin bostirilgan. Hozirgi matbuotni esa faqat o`zbek hukumati matbuoti sifatida tushunish mumkin, xolos.

90-yillardagi faol mualliflardan biri, tilshunos olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, Sovet davridagi bo`g’ilishdan keyin haqiqatga imkoniyat berilgan, biroq bu imkoniyatdan O`zbekistonda Rossiyadagi yoki Qirg`izistondagi kabi darajada fodalanilmagan.

“Shunga qaramay ko`tarilish bor edi, demokratiya tomon qadam qo’yilgan edi, har kim o`z qarashini aytishga harakat qilar edi. Buning sababi – Mixail Gorbachyovning oshkoralik siyosati edi. Umuman Sovet zamoni bilan hozirgi matbuot o`rtasida farq yo’q, lekin farq ma’lum darajada tanqidga yo`l ochilganidadir. Hozirgi paytda esa hatto qo`shnimiz Qirg`izistonda bo`layotgan voqealarni bildirish emas, balki yashirishga harakat qilinadi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

90-yillarda o`zbek matbuotida faol qatnashgan mualliflardan biri, professor Fayzulla Is’hoqovga ko`ra, ayni damda matbuotga qiziqish o’sha paytdagidan o`n foizgina qolgan bo`lishi mumkin.

Uning o`zi so’nggi marta matbuotda 1999 yilda AQShga qilgan safari yuzasidan – o`sha paytdagi AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi aloqalar iliqligidan foydalanilgan holda – yozilgan maqola bilan chiqqan va o’shandan beri maqolasi boshqa chop etilmagan.

“Istalgan gazetani olib ko`ring. “Xalq so`zi” bo’ladimi, “O`zbekiston ovozi” bo`ladimi, birortasida jiddiy tanqidiy maqola yo`q. Shuncha jurnalistlar qamalib ketdi, jurnalistlar uyushmasi hech bir munosabat bildirmadi”, - deb kuyunadi Fayzulla Is’hoqov.

Bugungi matbuotda milliy muammolar haqida yozishga jur’at etgan va shu bois matbuotdan chetlatilgan jurnalistlardan biri Dilmurod Sayidga ko`ra, tanqidiy maqolalar hukumat maqtayotgan vaziyatni yo`qqa chiqarishi mumkinligi bois ham shunday vaziyat hukmron.

“Bitta ariza hal etilsa orqasidan yuzta ariza keladi, buni bilishadi, odamlardagi norozilik kuchayib ketmasin degan tushuncha bor”, - deydi Dilmurod Sayid.

Markaziy nashrlarda ishlayotgan jurnalistlardan biri, ularning bugungi kunda aholi tomonidan o`qilmayotganini, gazeta do`konlaridan qaytayotgani sababini iqtisodiy qiyinchiliklarda ko`radi.

Mustaqil kuzatuvchilar esa, aksincha og`ir ijtimoiy vaziyat matbuotga bo`lgan ehtiyojni oshiradi, faqat buning uchun hukumat istagan vaziyatni emas, real vaziyatni yoritish lozim, deb ta’kidlashadi.

Professor Fayzulla Is’hoqovga ko`ra, bugun o`zbek matbuoti yoritishi lozim bo`lgan muammolar talaygina.

“O`zbekiston uchun eng og’ir va haqoratli holat – bu ishsizlik, undan keyin xotin-qizlar va yoshlarning kamqonlik kasali. Ular hozir “ha” deb yodga to`nkayapti, “yod kamomadi” deb. Umuman olganda ovqat yetishmasligi muammosi ham yo’q emas. Uchinchisi – sil kasalining ko`payayotgani. Sil avvaldan ham ijtimoiy kasallik, qashshoqlik kasalligi bo`lib kelgan”, - deydi Is’hoqov.

XS
SM
MD
LG