Rasmiy Toshkent Saddam Husayn qatlidan taassufda


Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husaynning qatl etilishi O`zbekistonda ham turli munozaralarga sabab bo`lmoqda.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qarashli “Jahon” axborot agentligiga ko’ra, muqaddas bayram - Qurbon hayitining birinchi kuni Iroq davlatining sobiq prezidenti Saddam Husaynning qatl etilganligi O'zbekistonda taassuf bilan qarshi olingan.

Saddam Husayn o`z xalqiga qarshi qilgan jinoyatlari, jumladan minglab begunoh fuqarolarni o`ldirtirganlikda aybdor deb topilib, Iroq Oliy sudi hukmiga ko`ra 30 dekabr kuni qurbon hayitining birinchi kuni qatl etilgan edi.

Qatl, ayniqsa, shia mazhabidagi musulmonlar, bevosita Saddam Husaynning diktatorligi qurboni bo`lgan kishilar tomonidan xursandchilik bilan kutib olingan.

Biroq qatl dunyoda turli e`tirozlar va noroziliklarga ham sabab bo`lmoqda.

Siyosatshunos Muqimjon Qirg`izboyev fikricha jahonda o`lim jazosidan voz kechish haqida jar solayotgan bir paytda belgilangan qatlning jamoaatchilik orasida norozilik uyg’otgani tabiiy holdir.

Jamiyatshunos Komron Aliyev nazarida esa Saddam Husayn ustidan boshlangan jinoiy ish oxiriga yetkazilishi kerak edi.

“Saddam Husaynning boshqa katta gunohlari ham bor edi. Masalan, kurdlarga nisbatan kimyoviy qurollar qo`llangani, Quvaytga qilingan hujum, Eron bilan Iroq o`rtasidagi urushda milliondan ortiq odamning halok bo`lganligi, musulmon davlatlari o`rtasida urush chiqarganining o`zi ham katta gunoh edi. Bu katta epizodlar bo`yicha sud qilingani yoq”, - deydi Aliyev.

Siyosatshunos Muqumjon Qirg`izboyevning aytishicha, Saddam Husaynning qatl etilishi natijasida Iroqdagi qarshilik yanada kuchayadi.

“Shu ma’nodaki, shu paytgacha shialar AQShning bosqinchilik siyosatiga qarshi qattiq kurashib kelayotgan edi. Saddam Husayn qatl etilgach bu noroziliklar sunnilarda ham paydo bo`ladi, bir-birini to`ldirishi mumkin”, - deydi Qirg’izboyev.

Jamiyatshunos Komron Aliyev, qatl musulmon dunyosining bugungi ahvolidan ham dalolat beradi, deydi.

“Huquq himoyachilari va O`zbekiston demokratlari hukumatdan ham o`lim jazosini bekor qilishni talab qilib kelishayotgan edi. Hozirgi paytda o`lim jazosini qo`llash, ayniqsa osish, bu bir vahshiy mamlakatlarga, qoloq mamlakatlarga xos narsa deb ko`riladiki, birinchi navbatda nasroniy dunyo islomiyat bu vahshiylikka asoslangan ta’limot deya ko`radi, talqin qiladi. Saddam Husaynning jinoyatlari oxirigacha ko`rilishi kerak edi va bizning nazarimizda u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi zarur edi”, -deydi Aliyev.

Saddam Husaynga nisbatan o`lim jazosining qo`llanilishi dunyodagi bir qator davlatlari tomonidan qutlangan, boshqa bir necha davlatlar esa jazoni qoralab chiqqan.

XS
SM
MD
LG