Huquq himoyachilari Bosh prokuratura oldida namoyish o'tkazdilar


O`zbekiston huquq himoyachilari siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qilmoqda. Ularning aytishicha, mamlakat qamoqxonalarida tazyiq kuchaygan.

O`zbekiston huquq himoyachilari uyushmasi O`zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan.

Huquq himoyachilarida siyosiy mahbuslar ismi yozilgan plakatlarni namoyish etish imkoniyati deyarli bo`lmagan.

Plakatlar huquq himoyachilarini bosimga olib turgan maxsus xizmat vakillari tomonidan yirtib tashlandi.

Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva fikriga ko`ra, hozir qamoqxonadagi huquq himoyachilarining ahvoli juda o`gir, ular yordamga muhtoj.

Piket qatnashchilarining aytishicha, O`zbekiston qamoqxonalarida muxolifat vakillari va huquq himoyachilaridan tashqari o`z etiqodi yoki namoz o`qigani uchun qamoqqa tashlangan minglab kishilar bor. Huquq himoyachilari o`z e`tiqodi uchun qamalgan bu kishilarning ham ozod etilishini talab qildi.

O`zbekistonda, ayniqsa, so`nggi yillarda muxolifat vakillari va huquq himoyachilariga nisbatan tazyiq kuchaydi, turli ayblar bilan o`nlab huquq himoyachilari qamoqqa tashlandi.

Ularga nisbatan qamoqda turli jazo choralari qo’llanilayotgani aytilmoqda.

Huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva bilan uchrashish taqiqlangan.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning bezorilikda ayblanib, qamalgan o`g`li Ixtiyor Hamroyev qamoqxonada qattiq kaltaklangan.

“O`glimni oshqozonida yara bor, shu yara tufayli tushlik payti qayt qilgan, ishga chiqa olmayman deb aytgan, xo`p bu haqda boshliqqa aytib qo`yamiz deyishgan. Keyin maxsus bo`lim boshlig`i va uning yordamchisi, militsiya xodimlari o`glimni nega ishga chiqmayapsan deb, qo`llariga kishan solib, rosa urishgan, boshidan, sochlaridan 7-8 marta tortib, urushgan, tepishgan", - deydi u.

Mahbusning sog`lig`i yomonlashgach, uni Zafarobod tuman kasalxonasiga olib borishgan. Tibbiy ko`rik paytida vrachlar faqat uning qornini tekshirib, keyin javob berishgan.

"Ahvoli hozir ham juda yomon. Bu voqealar faqat mening huquq himoyasi borasidagi faoliyatim bilan bo`gliq, ular o`glimni azoblash orqali mendan alamini olishmoqda, chunki o`glim amnistiyaga tushgan. Lekin ular bu uchinchi marta qoidani buzdi deb “delo”siga yozib o`tirishibdi”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Ta’kidlanayotgan fikrlarga ko`ra, O`zbekistonda qamoqqa tashlangan huquq himoyachilarining barchasiga, qonunga ko`ra, amnistiya qo`llanilishi lozim, biroq bu huquqlar ham poymol qilinmoqda.

Mustaqil kuzatuvchilar nazarida 15 yil mobaynida o`z layoqatsizligini ko`rsatgan hukumat muxolifatni tazyoq ostiga olib, aholi noroziligini ayovsiz bostirish bilangina davlat tepasida turibdi. Turli harakatlarga qaramasdan O`zbekiston hukumati boshqaruvning hozirgi diktatorlik usulidan voz kechmaydi.

XS
SM
MD
LG