AQShning 110-Kongressi ish boshladi


So’nggi 12 yil ichida birinchi marta Kongressning har ikki palatasida demokratlar ko’pchilikni tashkil etmoqda. Respublikachilar endi muxolifat.

Tarixda birinchi marta AQSh Kongressiga (Vakillar Palatasiga) ayol spiker saylandi.

Kaliforniya shtatidan saylangan liberal qonun chiqaruvchi Nensi Pelosi Vakillar Palatasi raisasi sifatida qasamyod keltirdi.

Pelosi xonim AQShda eng yuqori lavozimni egallagan ayol siyosatchi. Bu Amerika Kongressi va ayollari hayotidagi muhim burilish, deydi uning o'zi.

”Bu davrni biz 200 yildan ortiq kutdik. Komil ishonch va mustahkam iroda bilan o’z huquqimiz uchun uzoq yillar kurashdik”, - deydi Pelosi xonim.

Pelosi Kongressda namunali hulq va kasbiy ahloqni tiklashni rejalagan. Demokratlar taklif qilayotgan yangi qonun loyihasiga ko'ra, qonun chiqaruvchilarga lobbichilardan sovg’a-salom olish man etiladi.

”Vakillar Palatasi Amerika xalqiga yaqinroq bo’lishi lozim. Kongress a’zolari kasbiy ahloq qoidalariga qat’iyroq amal qilishlari kerak”, - deydi Pelosi.

AQSh Kongressi endi o'zining ilk musulmon a'zosiga ham ega. Minnesota shtatidan saylangan Kit Ellison qo’lini Qur’onga qo’yib, qasamyod qabul qildi. 43 yoshli Ellison islomga 15 yil avval kirgan va advokat bo’lib ishlagan.

Demokratlar AQShda eng kam maosh miqdorini oshirishga, talabalarga beriladigan kredit foizini tushirishga, negiz hujayra tadqiqotini kengaytirishga va neft kompaniyalari daromadini nazorat qilishga va’da bermoqda.

Biroq prezident o’zi rozi bo’lmagan qonun loyihalariga veto qo’yishi mumkin. Demokratlarda esa vetoni bekor qilish uchun yetarlicha ovoz yo’q.

"Wall Street Journal" gazetasida chop etilgan maqolada prezident Bush ikkala partiyaga hamkorlik ruhida ish olib borisni tavsiya qildi.

“Agar qonunlar Kongressda tor siyosiy maqsadlarni ko’zlab qabul qilinsa, u holda ish joyidan qo’zg’almaydi”, - deydi Bush o'z maqolasida.

Siyosiy tahlilchisi Eymi Uolter nazarida prezident demokratlarga qarata “vaziyatni birgina sizlar boshqarmaysiz, mana men ham borman, men ham o’z maqsadlarimni ilgari suraman",- demoqda.

Sharhlovchilar fikricha, prezident eng kam maosh va ijtimoiy xavfsizlik tizimi islohoti masalalarida murosa qilishi mumkin, biroq Bush soliqlarni kamaytirish tarafdori va negiz hujayra tadqiqotiga qarshi.

Agar Bushning Iroqdagi yangi strategiyasidan kutilganidek askarlar sonini ko’paytirish rejasi o’rin olsa, yana mash-masha boshlanadi.

Ko’zga ko’ringan demokratlarning ba’zilari va hattoki nomzodini prezidentlikka qo’ymoqchi bo’lganlari bunga qarshi chiqmoqda.

Vashingtondagi Brukingz siyosiy-tahliliy instituti mutaxassisi Bryus Ridlga ko’ra, buning barchasining bo’lajak saylovlarga aloqadorligi hech kimga sir emas, chunki ularning Iroqda qo’shinlarni ko’paytirish masalasiga munosabati 2008 yilda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tahlilchilar demokratlar Oq uy ma’muriyatining Iroqdagi siyosati va boshqa masalalarni elakdan o’tkazadi, degan fikrda.

Kongressni yorituvchi jurnalist Bob Kyuzakning aytishicha, qonun chiqaruvchilar muvaffaqiyati Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosining qo’mita raislarining shaxsiy manfaatlari va maqsadlarini nazorat qilish mahoratiga bog’liq.

"Agar Pelosi qo’mita raislari bilan til topisha olsa va jamoatchilik ko’z oldidagi turli janjallarga kirib ketmasa, u albatta muvaffaqiyatga erishadi",- deydi Bob Kyuzak.

Pelosi ta'biricha, xalq Kongressdan siyosatni o’zgartirishni talab qilmoqda.

"Ular Kongress obro’sining tiklanishini talab qilmoqda. Bu AQSh tarixidagi eng ahloqli, ochiq va halol Kongress bo’ladi”.

Bob Kyuzak nazarida esa aksariyat qonun chiqaruvchilar buni istamaydi.

"Lobbichilik va ahloq bo’yicha islohotlarni amalga oshirish oson emas",- deydi Kyuzak. "Chunki bu bilan Kongress o’zini tartibga solayotgan bo’ladi. Qonun chiqaruvchilarning ko’pi esa qoidalarni xush ko’rmaydi, har chorakda hisobot berishga ishtiyoqi yo’q, yozuvga chidamaydi. Talablarning o’zlariga qo’yilishini yoqtirmaydi."

XS
SM
MD
LG