Nohukumat tashkilotlar moliyani endi hukumatdan oladi


O’zbekistonda nohukumat, notijorat tashkilotlar haqidagi yangi qonun kuchga kirdi. Unga binoan bu turdagi tashkilotlar endi davlat tomonidan moliyalanadi.

Qonun O`zbekistonda 4 yanvardan - matbuotda e`lon qilingandan boshlab kuchga kirgan. Nodavlat tashkilotlar haqidagi yangi qonun haqida O`zbekiston Nodavlat Notijorat Tashkilotlar Milliy Uyushmasi raisi o`rinbosari Gulnora Eshonxonova shunday ma'lumotlar beradi:

“Nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan davlat organlari ustidan jamoat nazoratini o`rnatish, ikkinchisi davlat buyurtmalari orqali nodavlat tashkilot vakillaridan foydalanish, davlat va nodavlat tashkilotlar o`rtasida muloqot o`rnatish, moliyalash bo`yicha nodavlat notijorat tashkilotlar jamg`armasini tashkil etish. Bu ham davlat yordamida amalga oshirilmoqda”, - deydi Eshonxonova.

Eshonxonovaga ko`ra hozircha davlat tomonidan nodavlat tashkilotlar uchun qancha mablag` sarflanishi aniq emas.

Bir yilcha avval O`zbekistonda besh mingdan ziyod nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritar edi. Bugunga kelib esa ularning soni bir necha barobariga qisqargan.

Bu borada, Eshonxonovaning izohiga ko`ra, hozirda uyushmaga 300 nodavlat tashkilot bor, lekin O`zbekistonda jami qancha tashkilot borligi noaniq, kamaygani esa rost.

“Mendagi ma'lumotlarga ko`ra bu tashkilotlar Adliya vazirligining e'tiroziga ko`ra moliyaviy hisob-kitob yuritmaganliklari uchun yopilgan”, - deydi Gulnora Eshonxonova.

Kuzatuvchilar nazarida esa O`zbekistonda nodavlat tashkilotlarning ommaviy tugatilishi G`arb bilan aloqalarning sovuqlashishi va bu nodavlat tashkilotlar faoliyati asosan fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yo`naltirilgani bilan bo`gliq.

O`zbekiston Demokratik Tashabbuslar Markazi direktori Iskandar Xudoyberganovning aytishicha, yangi yoki eski qonun bo`lishidan qat'iy nazar O`zbekistonda inson huquqlari yoki demokratik tashabbuslar bilan shug'ullanuvchi nodavlat tashkilotlar faoliyati ta'qiqlangan.

"Ayniqsa", - deydi Xudoyberganov - "siz AQSh singari demokratik davlatlar bilan biron munosabatda bo`lsangiz, yaqinlashtirishmaydi. Mamlakatda to'qqiz ming turli gazetalar chiqadi. Ularni 20 ming turga ko`paytirish mumkin, lekin so`z erkinligi yo'q bo`lsa, bundan nima o`zgaradi"?

Iskandar Xudoyberganov fikricha, O`zbekistonda haqiqiy islohotlar bo`lmas ekan, qonun qabul qilinishi shunchaki safsata bo'lib qolaveradi.

Kuzatuvchilarga ko`ra esa O`zbekistonda nodavlat tashkilotlar faoliyati ta'qiqiqlangan sohalardan yana biri bu matbuot va so`z erkinligini tar`gib qilish. Hozirgacha jurnalistika va matbuot faoliyati yuzasidan mavjud bo`lgan nodavlat tashkilotlarning ko`pi yopilib bo`lgan.

Avval matbuot bo`yicha nodavlat tashkilot rahbari bo'lgan kishining aytishicha, Andijon fojealaridan keyin so`z erkinligi bo`yicha faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlarning barchasi tugatilgan. Mutaxassis yaqin o`rtada nodavlat tashkilotlar faollashadi degan taxminni inkor etadi.

O'z ism-sharifini bildirmagan boshqa mutaxassislar fikricha ham ayni paytda nodavlat tashkilot bo`lish uchun nafaqat Adliya vazirligi balki tegishli maxsus xizmat idoralaridan ham ruxsat bo`lishi kerak.

XS
SM
MD
LG