Breaking News

O'zbekistonda prezident saylovlari 23 dekabrda o'tadi


O`zbekistonda kutilayotgan prezident saylovlari qonunga ko`ra, shu yilning 23 dekabr kuniga belgilangan.

O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi a’zolari saylovga aniqlik kiritish uchun O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi vakillari bilan uchrashgan. Markaziy saylov komissiyasida prezidentlik saylovining konstitusiyaga ko`ra, 23 dekabrda o`tishi e`tirof qilingan.

Alyans a`zosi, huquq himoyachisi Jahongir Shosalimovga ko`ra, Markaziy saylov komissiyasi vakili bilan uchrashuvda Islom Karimovning O`zbekiston prezidenti sifatidagi yetti yillik vakolati tugagani aytilgan. Markaziy saylov komissiyasi vakili Janobboy Sodiqov esa bu borada Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish lozimligini bildirgan.

Jahongir Shosalimov bu masalaga oydinlik kiritish uchun O`zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga ariza berilishini aytgan.

“O`zbekiston prezidentining yetti yillik vakolati 2007 yilning 22 yanvarida yakuniga yetadi, keyingi saylovlargacha bir yil muddat bor. Bu bilan prezident vakolati uch yilgacha boradi. 26 millionlik O`zbekiston xalqini bir yilga aldash noto'g'ri, prezident ham buni bilsa kerak, faqat mansab shirin bo`lsa kerak”, - deydi Shosalimov.

Ayni paytda O`zbekiston rasmiy doiralarida prezidentlik sayloviga tayyorgarlik, yoki shunday jarayon kutilayotgani haqida xabar yo’q.

Kuzatuvchilar saylovlarning qanday, qaysi shaklda o`tishi, unda kimlar qatnashishi mumkinligi haqida ham aniq bir narsa aytishga qiynalmoqda.

Muxolifat tomonidan qo’g’irchoq partiyalar sifatida e`tirof etilayotgan mavjud rasmiy partiyalardan ham bu haqda munosabat olish qiyin.

Mavjud partiylar orasida o`zini muxolif deb atayotgan Xalq Demokratik Partiyasining Oliy Majlisdagi fraksiyasi raisi Asliddin Rustamov zarur yig’ilishi borligi uchun bu haqda gapirishga vaqti yo`qligini bildirdi.

Xalq demokratik partiyasining markaziy kengashidan ham yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlariga nisbatan hech qanday fikr bildirilmagan.

Kuzatuvchilar nazarida bu rasmiy partiylar hukumat tomonidan ishora kutishmoqda, mustaqil ravishda bu haqda fikr bildirishga jur’atlari yo’q.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o`z malumotlariga va Oliy Majlis tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarga, rasmiy partiyalarga berilayotgan topshiriqlarga qarab O`zbekistonda prezidentlik saylovi o`tishini taxmin qiladi.

“Bir qator siyosiy, huquqiy texnologiyalar mavjud. Fuqarolik jamiyati zaif rivojlangan mamlakatda istalgan amaliyotni qo`llash mumkin. Jumladan, amaldagi hukumat boshlig'i uchinchi, to`rtinchi, beshinchi marta ham nomzodini ko`rsatishi mumkin. O'zbekiston prezidentining esa, ikki muddati ham o`tab bo`lingan. Birinchisi, 1992 yildan 2000 yilgacha, ikkinchisi 2000 yildan 2007 yilgacha. Konstitutsiyaga ko`ra, u uchinchi bor o`z nomzodini qo`yishga haqqi yo’q”, - deb javob beradi Rabbimov.

Ayni paytda muxolif “Birlik” harakati va “Erk” partiyasi vakillari saylovlarda ishtirok etish uchun o`z nomzodlarini ko`rsatishgan. Bundan tashqari o`zbek muxolifatining umumiy yig’ilishi kutilayotgani va yagona nomzod ko`rsatilishi mumkinligi haqida xabarlar bor.

Janubiy qozog’istonlik kuzatuvchi, Qozog`iston muxolifati vakillaridan biri Abdumalik Sarmonovga ko`ra, O`zbekistonda kutilayotgan saylovdan biron o'zgarish kutish qiyin.

Abdumalik Sarmonov fikricha amaldagi hukumat rahbari Islom Karimovning imkoniyatlari 99 foiz, muxolifatda esa bir foiz xolos.

“Bu hozirdagi vaziyatni inobatga olganda, lekin nazariy jihatdan qaraganda agar muxolifat faol ishlasa unda hokimyatni olish imkoniyati bor. Faqat buning uchun aniq ish olib borilishi lozim. O`zbekiston ichkarisida demoqchi emasman. O`zbekiston bilan qo`shni bo’lgan respublikalarda mustahakam bazalar yaratish lozim, shu bazalarga tayangan holda O`zbekiston bilan ishlash darkor. Bu harakatlar uchun esa haddan tashqari kechikilmoqda. Afsuski, muxolifat uchun vaqt behuda ketyapti ”, - deydi Sarmonov.

XS
SM
MD
LG