Yangi strategiya - Bushga xatolarni tuzatish uchun so'nggi imkoniyat


Prezident Bushning Iroqdagi yangi rejasi, Amerika siyosiy sharhlovchilari fikricha, Iroqda yo’l qo’yilgan xatolarni tuzatish uchun so’nggi imkoniyat.

Iroqda amerikalik askarlar sonini yana 20 ming nafarga oshirish qarori yuzasidan turlicha, bir-biriga qarama-qarshi fikrlar mavjud.

Amerika Biznes Instituti xodimi Daniela Pletka nazarida, Iroqda vaziyatni o’nglash uchun aynan Bag’dodga va Anbar viloyatiga askarlarni jo’natish juda to’g’ri qaror. 20 ming askar hatto yetmasligi mumkin, deydi u.

Tahlilchiga ko’ra Iroqda ish o’rinlari yaratish va taraqqiyot dasturlariga katta e’tibor berish lozim. Ko’proq askar yordamida xavfsizlik ta’minlanishi bunga zamin yaratadi, deydi Daniela Pletka.

Biroq ommaviy so’rovlar Amerika xalqi boshqacha fikrda ekanini ko’rsatmoqda. USA Today gazetasi so’rovida amerikaliklarning atigi 12 foizi Bush rejasini qo’llab-quvvatlaydi.

Iroqqa qo’shimcha askarlar jo’natib, mojaroni avj oldirish mantiqqa to’g’ri kelmaydi, deydi tahlilchi Erik Liver.

Uning nazarida, aksincha, AQSh qo’shinlarni olib chiqish vaqtini belgilashi lozim. Ana shunda, Iroq rahbarlari o’zaro kelishmovchiliklarga chek qo’yib, birga ishlashni boshlaydi, deydi Liver.

Harbiylar ham masala yuzasidan bir fikrda emas. AQShning Yaqin Sharqdagi qo’shinlari qo’mondoni general Jon Abizayd Bush rejasiga qarshi.

Iroqdagi amerikalik harbiylar fikricha, deydi general, askar sonini oshirish muammoning yechimi emas. Buning o’rniga, Iroq xavfsizlik kuchlari ko’proq javobgarlikni o’z bo’yniga olishi kerak.

Prezident Bushning bildirishicha, yuqori lavozimli harbiylar yangi rejani ma’qullagan. Zo’ravonlik davom etishi aniq, ammo uzoq muddatda reja samara beradi, deydi AQSh rahbari.

Hozirda AQSh harbiy kuchlari bor imkonyatini ishga solib faoliyat yuritmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, Iroqda askarlar sonini ko’paytirish qisqa muddatli reja bo’lishi darkor. Aks holda, AQSh armiyasi zahiralari buni ko’tara olmaydi.

Iroqdagi muxbirimiz Jim Rendl yangi strategiya yuzasidan Iroq aholisi fikrini o’rgangan. Ko’pchilik reja ish berishiga shubha bilan qaraydi.

“AQSh harbiylari boshi berk ko’chaga kirib qolgan, Vashington nima qilishni bilmayapti,” - deydi bir iroqlik.

“AQSh rahbari oddiy iroqlik hayotiga nazar tashlasin, chunki xalq nochor ahvolda,” - deydi yana bir iroqlik.

Ammo Iroq hukumati va mahalliy qo’mondolar AQSh rejasi ish berishiga ishonadi.

Iroq urushi boshlanganidan beri AQSh Iroqda uch mingdan ortiq askaridan ayrildi. Iroqliklar orasida qurbonlar soni bundan bir necha baravar ko’p.

XS
SM
MD
LG