O'zbekiston rasmiylari Germaniyaga safar qilmoqda


15 yanvar kuni O’zbekistondan bir guruh rasmiylar Germaniyaga safar boshlagan. Tashrif xalqaro tashkilotlar G’arbni inson huquqlari ahvoli yuzasidan O’zbekistonga yetarli bosim o’tkazmayotganlikda ayblayotgan bir paytda amalga oshmoqda.

O`zbekiston Adliya vaziri, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlis vakillari va boshqa rasmiylardan iborat delegatsiyaning Germaniyaga safari Andijon fojesidan keyin O`zbekiston rasmiylarining G`arb davlatlariga bo`lgan ilk safari sifatida qaralmoqda.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Uznews.net axborot agentligiga bergan ma`lumotiga ko`ra, safardan maqsad O`zbekiston qamoqxonalaridagi vaziyatni yaxshilash bo`yicha muzokara o`tkazishdir.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot Human Rights Watchning yaqinda e`lon qilgan yillik hisobotida 2006 yil O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha eng yomon yil sifatida qayd etilgan. Tashkilot hisobotiga ko`ra, O`zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar qo`llanilishi davom etmoqda.

Human Rights Watch, AQShning o`zida inson huquqlari buzilishi rasmiy Vashingtonni bu boradagi kurashini cheklamoqda, O`zbekistonga ta’sir o`tkazishi mumkin bo`lgan boshqa G`arb davlatlari, jumladan Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Germaniya bu borada yumshoq siyosat yuritmoqda, degan fikrda.

O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi muzokarada Xalqaro Qizil Xoch Jamiyatining O`zbekiston qamoqxonalariga kirishiga ruxsat berilishi masalasi ham ko`tarilgani bildiriladi.

Xalqaro Qizlil Xoch jamiyatining Toshkentdagi vakili Pyer-Emmanuel Dyukruega (Pierre-Emmanuel Ducruet) ko’ra, Qizil Xoch jamiyati va O`zbekiston hukumati o`rtasidagi muzokaralar davom etmoqda.

Qizil Xoch Jamiayati vakili avval bergan ma`lumotlarida O`zbekiston qamoqxonalariga kirish uchun shu yil boshida ruxsat berilishiga umid bildirgan edi.

O`zbekiston huquq himoyachilari Germaniya elchixonasi, Tashqi ishlar vazirligi va O`zbekiston Bosh prokuraturasi oldida, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o’rtasidagi muzokaralarga bag’ishlab bir necha bor namoyish o`tkazgan edi.

Piketlarda Qizil Xoch Jamiayatiga qamoqxonalarga kirish uchun ruxsat berilishi va siyosiy mahbuslarni ozod etish talab qilingan, biroq biron natijaga erishilmagan.

Huquq himoyachilari alyansi vakili Jahongir Shosalimov O`zbekiston rasmiylarining bu masalada Germaniya bilan muzokara qilishini ijobiy hodisa deydi.

“Yevropa Ittifoqi tomonidan qattiqroq sanksiyalar qo`llanishi bilan O`zbekiston ichkarisidagi vaziyat o`zgaradi degan fikrlarga qo`shilmayman. O`zbekiston ichkarisidagi ahvolni faqat shu yerda yurgan, millat qayg`usidagi jonkuyarlargina hal qiladi. Hokimyat bilan shunday jonkuyarlar o`rtasidagi muloqot O`zbekistonni halokatdan saqlab qolishi mumkin”, - deydi Shosalimov.

O`zbekiston huquq himoaychilarini tashvishlantirayotgan masala ularga nisbatan tazyiqlarning kamaymayotganidir.

Yaqinda huquq himoyachilari alyansi yetakchisi Yelena Urlaeva noma`lum ayollar tomonidan kaltaklab ketilgan edi. Firibgarlikda ayblanib qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyev opasiga nisbatan qiynoqlar davom etayotganini bildirgan.

Unga ko`ra, Tojiboyevaning advokat bilan uchrashishiga hamon to`sqinlik qilinmoqda, uning o`zi esa ketma-ket berilgan jazolar oqibatida sog’lig’ini yo`qotmoqda.

Hozirga kelib mustaqil jurnalist Ulug’bek Haydarov, huquq himoyachilari Yodgor Turlibekov va O`ktam Pardayevlar ozodlikka chiqarilgan, biroq yana o`nlab huquq himoaychilari hibsda saqlanishda davom etmoqda. Ular nisbatan turli ruhiy qiynoqlar o`tkazilmoqda.

O`zbekistonda Yevropa Ittifoqi bilan boshlangan muzokaralarga turlicha qarashlar mavjud.

Ayrim kuzatuvchilar muzokaralar boshlanishini ijobiy hodisa sifatida qayd etsa, boshqalar nazarida Yevropa Ittifoqi O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatani e’tiborsiz qoldirmoqda. O`zbekiston hukumatiga nisbatan qo`llangan sanksiyalar kuchaytirilgan taqdirdagina natijaga erishish mumkin, deydi ular.

Huquq himoaychisi Baxtiyor Hamroyev nazarida O`zbekiston hukumati uch-t`ort huquq himoyachisini ozod etish, ularga vaqtinchalik tegmaslik bilan cheklanishi mumkin. Biroq maqsadiga erishgach ta’qiblar qaytdan boshlanadi.

“O`zbekiston hukumati Yevropa davlatlari, Yevropa paralamentini aldaydi, bularning hammasi navbatdagi o`yin. O`zbeklistonda diktatura rejimi bor ekan hech qanday o`zgarishlar bo`lmaydi”, - deydi Hamroyev.

Shu yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo`yilgan sanksiyalarini qayta ko`rishi kutilmoqda.

Amaldagi sanksiyaga ko`ra, O`zbekistonga qurol-yarog` sotilshi, shuningdek Andijon fojeasida tinch aholiga nisbatan kuch ishlatishida ayblangan bir qator rasmiylarning Yevropa Ittifoqiga kirishi ta`qiqilangan.

XS
SM
MD
LG