Markaziy Osiyo iqtisodini Rossiya va Qozog'iston tebratmoqda


Jahon Banki shu kunlarda Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangilamoqda.

Bank vitse-prezidenti Annet Diksonning (Annette Dixon) aytishicha, mintaqa iqtisodiyoti sekin, biroq bir maromda rivojlanmoqda.

Boy davlatlar bergan pulni kambag’al davlatlarga qarz sifatida berib, qahshoqlikka qarshi kurashuvchi Jahon Banki Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan murakkab mintaqalardan biri ekanini yashirmaydi.

Biroq bank o’z faoliyatiga siyosiy tus berilishini istamaydi, vaholanki, asosiy mablag’ bankka jahon siyosatini belgilovchi boy va taraqqiy etgan davlatlardan tushadi. Tabiiyki, pulning qaysi davlatga nima maqsadda berilishi har jihatdan siyosiy qaror.

Markaziy Osiyoda turmush darajasini ko’tarish uchun iqtisodni mustahkamlash lozim; bu esa hukumatlar qo’lida, deydi Jahon Banki vitse-prezidenti.

"Mintaqa shubhasiz Rossiya va Qozog’iston iqtisodiyoti kuchayayotgani hisobiga kun ko’rmoqda. Tabiiy boyliklardan tushgan daromad butun Markaziy Osiyo aholisi uchun hayot manbai. Shuningdek, [bu mamlakatlarda] ishchi-migrantlar topayotgan pul ham ularning ancha kambag’al vatanlariga katta foyda",- deydi Dikson xonim.

Biroq boshqa davlatga borib ishlash uchun qonuniy imkoniyat zarur. Bu borada, deydi Jahon Banki vakili, Qozog’iston ancha ijobiy qadamlar qo’ymoqda, chetdan ishchi yollashda ham, o’z fuqarolarini shu maqsadda chetga chiqarishda ham. Qozog’iston, shubhasiz, mintaqada iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat, deydi Annet Dikson.

"Qozog’iston iqtisodiyoti juda mustahkam. Kishi boshiga yillik daromad bu mamlakatda mintaqa bo’yicha eng yuqori ko’rsatkichda [3000 dollar atrofida]. Tojikiston esa eng qashshoq davlat, lekin o’tgan yillarda iqtisodiyoti juda yuqori darajada o’sdi. O’zbekistonda ham o’sish ko’rsatkichi yomon emas, biroq bu mamlakat barcha imkoniyatlarini ishga solmayapti",- deydi Jahon Banki xodimi.

O’zbekistonda bu yil ijtimoiy himoya yili. Jahon Banki O’zbekistonda iqtisodiy qiyinchiliklar bilan kurashayotgan aholi uchun hayot yengillashadi degan umidda va aynan su sohada texnik yordam berish harakatida.

Ammo, so’nggi yillarda bankning O’zbekistondagi faoliyatida katta tanaffuslar kuzatildi. Dasturlar kamaydi, qarz berilmagan paytlar bo’ldi.

Yaqinda Jahon Banki O’zbekiston ta’lim sohasini isloh qilish uchun 40 million dollar ajratayotganini e’lon qildi.

Qanday shartlar va qoidalar asosida? Pulning belgilangan maqsadda qo’llanishini ta’minlovchi tizim bormi? O’zbekiston axir bank nazarida korrupsiya chuqur ildiz otgan jamiyatlardan biri.

"Jahon Banki o’z strategiyasiga ega. Hukumat bilan o’tgan yoz erishilgan kelishuvga ko’ra kelasi 12-15 oy davomida texnik yordam beramiz, jumladan ta’lim sohasida",- deydi Annet Dikson.

"Qarz har bir davlatning moliyaviy ahvoliga qarab beriladi. Jahon Banki qarzlarni bozordagi ko’rsatkichdan kamroq foizda beradi. Ayrimlari esa grantlar, ya’ni qarz emas, moliyaviy yordam xolos. Hukumatning bugungi siyosati va o’tmishda Jahon Banki dasturlarining mamlakatda qay saviyada bajarilganiga va natijalarga qaraymiz",- deydi Jahon Bankining Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari.

"Qarz yoki grant berilgach, pulning qayerga tushgani va qachon, nima uchun sarflanganini tekshiruvchi tizim bor. Hukumat buni bizdan yashira olmaydi",- deydi Annet Dikson.

"Biz har bir shartnoma, hujjat va xarajatni tekshiramiz. Shuningdek, mablag’ning oxir-oqibat kimning qo’liga tushayotgani va nimaga erishilayotganini ham. Mutaxassislarimiz joylarda oddiy odamlar bilan gaplashadi, ahvolni o’rganadi. Pul, masalan, ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ishlatildimi yoki xalq sog’lig’ini yaxshiladimi, bularni ko’zdan qochirmaymiz. Muammolar, kelishmovchiliklar va qo’poruvchilik holatlari odatiy hol. Biroq Jahon Banki hukumat bilan ishlashni, asta-sekin bo’lsa-da, odamlar hayotini yaxshilash uchun hamkorlik qilishni ma’qul deb biladi".

Jahon Banki vitse-prezidentining so’zlariga qaraganda, tashkilot O’zbekistonga parranda grippining oldini olishda yordam bermoqchi. Mablag’ esa Yevropa Ittifoqi ijroiya organi - Yevropa Komissiyasi tomonidan ajratiladi.

Yana bir haqiqat – Jahon Banki qarzlarni uzoq muddatga, 10, 15, 20, 30 yillik muddatga beradi. Shu bois bo’lsa kerak, bank Markaziy Osiyo davlatlari qarzlarni qanchalik to’layapti, degan savolga javob berishni hozircha ma’qul topmaydi.

AQSh va Yaponiya -dunyodagi eng yirik donor davlatlar - Jahon Bankida eng katta vakolatga ega. Bankning qaysi davlatga qancha qarz yoki grant berishi ko’p jihatdan ana shu davlatning bu donorlar bilan munosabatiga bog’liq.

XS
SM
MD
LG