Qirg’izistonlik muhojirlar Rossiyada qolish yo’llarini izlamoqda


15 yanvardan e’tiboran Rossiyada ishlayotgan xorijliklar sonini keskin cheklovchi qonun kuchga kirgan. Qonun Rossiya bozorlari va xizmat ko’rsatish jabhalarida tirikchilik qilayotgan minglab Qirg’iziston fuqarolari hayotiga qanday ta’sir qiladi?

Qirg’iziston muhojirot va ish bilan ta’minlash bo’yicha davlat qo’mitasining Rossiyadagi vakolatxonasi yetakchisi Tojimamat Shopo’latovning so’zlariga ko’ra, 2007 yildan e’tiboran Rossiyaga ish izlab kelgan qirg’izistonlik mehnat muhojirlari uchun bir qator imkoniyatlar bilan birga muammolar ham paydo bo’ldi.

Tojimamat Shopo’latovning aytishicha, hozir Rossiyaga kelgan qirg’izistonlik mehnat muhojirlari uchun ro’yxatdan o’tish jarayoni soddalashdi.

Avval muhojir Rossiyaga kelgach, 3 kun ichida ro’yxatdan o’tishi kerak edi. Buning uchun u yashayotgan uy egasi mahalliy ichki ishlar bo’limlariga borib, muhojirni ro’yxatga olishlari uchun navbatga yozilishi zarur bo’lgan.

“Hozir bu muammo yo’qoldi. 15 yanvardan e’tiboran, Rossiyaga kelgan muhojirlar mahalliy pochta bo’limlarida maxsus qog’ozlarni to’ldirib, o’zining hujjatlarini ilova qilgan holda federal muhojirot xizmatiga jo’natadi. Maxsus qog’ozning qirqib olinadigan qismiga pochta bo’limi yoki federal muhojirot xizmati “falonchi, falon davlatning fuqarosi keldi, falon manzilda” deya muhr bosib beradi, shu muhr asosida muhojir bemalol harakatlana oladi”, - deydi Tojimamat Shopo’latov.

Ammo Rossiyada 15 yanvardan qirg’izistonlik muhojirlarning imkoniyatlarini cheklaydigan yana bir qaror kuchga kirdi. Rossiya hukumatining qaroriga ko’ra, endi chet el fuqarolari bilan mehnat shartnomasini imzolagan ish beruvchilar 10 kun ichida federal muhojirot xizmatining mahalliy bo’limini xabardor qilishi kerak.

Aks holda, chet ellikka ish beruvchi 800 ming rublgacha jarima to’lashi kerak bo’ladi. Hukumat qaroriga ko’ra, chet el fuqarolariga Rossiya hududida spirtli ichimliklar va farmatsevtika mahsulotlari bilan savdo qilish ta’qiqlandi. Shuningdek, 1 aprelgacha bozorlarda savdo qilayotgan chet el fuqarolari soni faqat 40 foizni tashkil qilishi zarur.

Yil oxirigacha savdo sohasida ishlayotgan chet elliklardan batamom qutulish rejalashtirilgan. Rus rasmiylari bu qarorlarni tub aholi manfaatlarini himoya qilish bilan izohlaydilar. Ayni paytda Rossiya ulgurji bozorlarini noqonuniy muhojirlardan “tozalash” boshlangan. Rossiya bozorlarida esa, 100 minglab qirg’izistonlik mehnat muhojirlari tirikchilik qiladi.

Rostov shahrida ishlayotgan Jonibek Xo’jamberdiyevning aytishicha, bozorlardagi Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan savdogarlar hozir nima qilib bo’lsa-da ish o’rinlarini saqlab qolishga urinyapti.

“Hamma harakat qilib yotibdi. Zarur hujjatlarni to’plab, qanday qilamiz, qanday qilib bu yerda ishlasak bo’ladi deb bosh qotiryapti odamlar”.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev hamkasbi – Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xat yo’llab, qirg’izistonlik mehnat muhojirlari uchun maxsus 500 ming ish o’rni ajratishni iltimos qilgan.

Qirg’iz rasmiylari fuqarolarga Rossiya hududida ishlash uchun sharoit yaratib berish orqali mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo’shayotgan pul jo’natmalarini saqlab qolishga umid qilmoqdalar.

Rostov shahrida ishlayotgan Jonibek Xo’jamberdiyevning aytishicha, Qirg’iziston fuqarolari kelajakda to’qnash kelishlari mumkin bo’lgan muammolarning oldini olish maqsadida Rossiya fuqaroligini qabul qila boshlaganlar.

“Bu yerdagi Qirg’iziston fuqarolarining aksariyat qismi Rossiya fuqaroligini olmoqda. Bu muammoni hal qilib, bu yerda ishlashning eng oson yo’li bo’lib qoldi. Fuqarolik olish uchun hujjat topshirsak, 3-4 oyda, nari borsa yarim yil ichida Rossiya pasporti qo’lga tegadi".

Uning so'zlariga qaraganda, Qirg’izistondan ro’yxatdan chiqib, hujjatlar topshirilsa, 5-6 oyda passport olish mumkin.

XS
SM
MD
LG