Xillari Klinton prezidentlik kursisi uchun kurash boshladi

  • Amerika Ovozi

AQSh senatori Xillari Klinton 2008 yilda prezidentlikka o’z nomzodini qo’yishga qaror qildi.

G’alaba qozongan taqdirda Klinton xonim Qo’shma Shtatlar tarixidagi birinchi ayol prezident bo’ladi.

Internetdagi shaxsiy veb saytida senator Xillari Klinton prezidentlik poygalari uchun tayyorgarlik ko’rayotganini, buning uchun maxsus ishchi guruhi tuzilganini ma’lum qildi.

Sobiq prezident Bill Klintonning rafiqasi, 59 yoshli Xillari Klinton Bush ma’muriyatining kuchli tanqidchilaridan biri.

Iroqdagi urushni tugatish va Amerikaning dunyodagi obro’-nufuzini tiklash kabi ikki muhim masala uning faoliyatida ustivor yo’nalish sifatida tanlab olingan.

Shuningdek, Klintonning siyosiy harakatlar dasturidan xorij neftiga tobelikdan qutulish masalasi ham o’rin olgan.

Xillari Klinton moliyaviy jihatdan ancha baquvvat nomzod. Boshqa raqiblaridan ustunlik tomoni shundaki, uning nomi xalq orasida ancha mashhur.

Joriy hafta boshida yana bir demokrat, Klintonga kuchli raqib bo’la oladigan afro-amerikalik Barak Obama president saylovlarida nomzod sifatida qatnashishini ma’lum qilgan edi.

Bu nomzod ham Klinton xonim singari tarixga kirishi mumkin. Agar Barak Obama muvaffaqiyat qozonsa, u AQShning birinchi afro-amerikalik prezidenti bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG