O'zbekistonda Internet ommabop, biroq cheklangan


O`zbekiston Vazirlar mahkamasining 2006 yil yakunlariga ba`gishlangan yig’ilishida ta’kidlanishicha, internetdan foydalanuvchilarning soni o`tgan yil 1 million 700 ming kishiga yetgan.

Mutaxassislarga ko’ra, bu ko`rsatkichlar qanchalik ishonchli ekanligi haqida aniq fikr aytish qiyin. Biroq O`zbekiston dunyoda internetga keskin cheklovlar joriy etgan davlatlardan biri sifatida e`tirof etiladi.

Bu ta`qiqlarga qaramasdan internet O`zbekistondagi vaziyat haqida xolis axborot olishning asosiy vositalaridan biri bo`lib qolayotgani e`tirof etiladi.

Ma`lumotlarga ko`ra hukumat internet axborot manbasining cheklash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayapti.

Internet cheklovi turli bosqichlarda, avvalo O`zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Davlat Agentligi, keyinchalik internet provayderlik xizmatlari, so’nggi bosqichda esa internet kafelar orqali amalga oshiriladi.

Fergana.ru axborot agentligining jurnalisti Andrey Kudryashovning aytishicha, uning o`zi internet kafelarda mustaqil axborot saytlariga kirish ta’qiqlangani haqidagi e`lonlarga guvoh bo`lgan.

“Porno saytlarga kirganlik uchun jarima 500 so`m, fergana.ru va centrasia.ru saytlariga kirganlik uchun jarima 100 so’m deb yozilgan edi. Biz buni nafaqat ko`rdik, balki suratga olib hujjtlashtirib ham qo’ygan edik”, - deydi jurnalist.

Unga ko`ra markazlashgan cheklovlar, provayderlardan tashqari internet kafelardagi ma’murlar ham tegishli ko’rsatmalardan xulosa qilgan holda nazorat bo`yicha tashabbus ko`rsatishadi.

Kudryashovning so’zlariga qaraganda 2005 yilda internet saytlariga qo`yilgan to`siqlar kuchaya boshlagan bir paytda o`sha paytdagi O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G`aniyevdan bu borada so`ralgan edi. “G`aniev “sizlar o`ylab chiqarayapsizlar, bu narsa texnik tomondan ham mumkin emas” degan bir g`alati javob qilgan edi”,- deydi Kudryashov.

O`shandan buyon O`zbekistonda internet saytlariga qoyilgan to`siqlar bir necha barobariga kuchaygan. Bu borada rasmiy vakillar biror izoh bermaydi.

O`zbekistonda provayderlik xizmatini ko`rsatuvchi kompaniya vakili ham siyosiy saytlarga kirish mumkin emasligini qayd etadi.

“Ta’qiqlangan saytlar ochilmaydi, faqat siyosat va erotika saytlari ochilmaydi. Qolgan hammasi ochilaveradi”, - deydi provayderlik xizmati vakili.

“O`ta siyosiy saytlarga filter qoyilgan, kirib bo`lmaydi”.

Poytaxtadagi Internet kafe rahbarlaridan biriga ko`ra bunday saytlarning ta’qiqlanishi sababi unga bo`gliq emasligi va bu masalaga Aloqa vazirligi xodimlari mas’ulligini bildiradi.

Muxolifat a`zosi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, ta’qiqlar borasida provayderlarni yoki internet kafe xodimlarini ayblash samarasiz.

“Bosqichma-bosqich nazorat usuli o`rnatilgan, masalan kompyuterni yaxshi biladigan kishi biror tarjimon saytlar orqali hukumat to`sib qo`ygan axborotni olmoqchi bo`lsa, internet kafedagi ma`mur qarshilik qilib, sizni chiqarib yuborishga harakat qiladi. Huquq himoyachilari va muxolifat o`rtasida bu O`zbekiston qonunchiligini buzish degan fikr paydo bo`ldi va internet provayderlik xizmatini ko`rsatuvchilarni sudga bermoqchi bo`ldik, lekin bular boshida hukumat turganligi sababli bu narsani samarasiz hisobladik”, - deydi Tashanov.

Abdurahmon Tashanovga ko`ra intenetdagi cheklovlar nafaqat O`zbekiston aholisining axborot olish imkoniyatlarini yoqqa chiqarmoqda, balki mavjud tuzum tufayli ko`proq internetga bo`glanib qolgan o`zbek muxolifati faoliayatini ham qiyinlashtirmoqda.

“Internet kafelarda muxolifat saytlarini ochish mumkin emas, lekin baribir tarjimonlar orqali bir imkonini qilib, kerakli ma’lumotlarni olishga harakat qilayapmiz”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG