Rossiya musulmon davlatga aylanishi mumkin


Ko’p yillardan buyon avvaliga SSSR, u qulaganidan keyin esa sobiq Ittifoq respublikalarida millatlar tarixi va etnik muammolarni o’rgangan mutaxassis Pol Goblga (Paul Goble) ko’ra, chorak asrdan so’ng Rossiya musulmon davlatga aylanishi mumkin. Bunga Rossiyada musulmonlar sonining tez o’sishi asosiy sababdir.

"2030 yilga borib Rossiyada musulmonlar son jihatdan ruslardan o’zib ketishi mumkin," deydi u. "Ayni damda Moskva - Yevropada eng ko’p musulmonlar yashaydigan shahar."

Pol Gobl o’z vaqtida AQSh davlat kotibining Sovet Ittifoqida etnik va milliy guruhlar bo’yicha maslahatchisi bo’lgan. Ushbu mavzuda to’rt kitob va 150 dan ortiq maqola yozgan. Sovet Ittifoqida 1980 yillar oxirida kuzatilgan turli etnik guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlarni tahlil qilib SSSR qulaydi, deb AQShlik mutaxassislar ichida birinchilardan bo’lib xulosa chiqargan. Uning aytishicha, mamlakat qulagandan so’ng avvaliga boshqa respublikalarda yetakchi etnik guruh sifatida o’z mavqesini yo’qotgan ruslar chorak asrdan so’ng o’z mamlakatida ham etnik ozchilikka aylanishi mumkin. Rossiyada musulmonlar sonining tez sur’atlarda o’sishi bunga asosiy sabablardan biri, deydi u.

"Bu hol ruslarni xavotirga solmoqda. Chunki ko’p yillardan beri o’zini yevropalik va pravoslav deb bilgan davlatning birdan musulmon davlatga aylanishi ruslar uchun aql bovar qilmaydigan hol."

Maydoni jihatdan jahonda eng yirik davlat hisoblangan Rossiya aholisi 150 milliondan sal kamroq. Ularning 30 millionga yaqini musulmonlar. Rossiyada tug’ilib o’sgan musulmonlardan tashqari har yili o’n minglab musulmonlar Rossiyada yashash yoki ishlash uchun Markaziy Osiyo va Kavkazdan keladi. Musulmon oilalar odatda ko’p farzandli bo’ladi. 1989 yildan beri, deydi Pol Gobl, Rossiyada musulmonlar sonining o’sish sur’ati 40-50 foizni tashkil qiladi. Unga ko’ra, 1991 yili Rossiyada atigi 300 ta masjid bo’lgan, bugunga kelib esa ularning soni 8,000 ga yaqin. Rossiyadan hajga boruvchilar soni ham 2005 yili 13 ming musulmonni tashkil qilgan.

Musulmonlar sonining ruslardan kam bo’lishini ta’minlash uchun Rossiya hukumati bir qator choralar ko’rishi mumkin, biroq ularni tatbiq etish oson emas, deydi Pol Gobl.

"Rus oilalarini ko’proq farzand ko’rishga undab bo’lmaydi. Bunga ko’p pul kerak. Bundan tashqari bunday siyosat irqiy kamsitish, deya baholanishi mumkin."

Ma’lumotlarga ko’ra, Rossiyada har yili 1,5-2 million ayol homilasini oldiradi, ya’ni abort qildiradi. Nisbiy jihatdan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy himoyalangan Sovet davridagi rus oilalarida ham ko’p bolalik kuzatilmagan.

"Rossiya hukumati hisobidagi yana bir yo’l – bu pan-slavyan mafkurasini olg’a surgan holda Belarus, Ukraina va Shimoliy Qozog’iston bilan qo’shilib, yagona davlat tuzish va shuning hisobiga musulmonlar ko’payishini 100-150 yilga orqaga surib qo’yish."

Mutaxassis nazarida bu hol Rossiyadagi ayrim millatchilarga musulmonlarga qarshi tazyiq o’tkazishga bahona bo’lib xizmat qilmoqda.

"Afsus bilan shuni ta’kidlashim kerakki, G’arb davlatlari etnik guruhlarga qarshi bayonotlardan ko’ra musulmonlarga qarshi bayonotlarga kamroq e’tibor qaratadi. “Musulmonlarning barchasi – fundamentalist va terrorist” deyish bilan ularga nisbatan hujumlarni oqlash oson bo’lib qolgan," deydi Pol Gobl.

Millatlar va etnik muammolar bo’yicha AQShdagi ko’zga ko’ringan mutaxassislardan hisoblangan Pol Goblga ko’ra, Rossiyaning musulmon davlatga aylanish ehtimolidan O’zbekiston quvonmasa ham bo’laveradi.

"50 yildan so’ng Rossiya musulmon davlatga aylanib qolgudek bo’lsa ham O’zbekiston u bilan juda yaqin bo’lib ketadi, deyish erta. Chunki musulmon dunyosi ichida bo’linish bor. Nafaqat sunniylar va shialarga. Boshqa omillarga ko’ra ham. O’zbeklar “mana Rossiya musulmon davlatga aylandi endi barcha muammolarimiz hal bo’ladi”, deb o’ylamasligi kerak."

XS
SM
MD
LG