Jorj Bush demokratlar qo'lidagi Kongressdan imkoniyat so'ramoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush (George Bush) Kongress oldida yillik hisobot berar ekan, Iroqqa qo’shimcha askarlar yuborish qarorini himoya qildi.

Bushning aytishicha, bu iroqliklarni ham, amerikaliklarni ham xavfsizroq qiladi. Bu Bushning Kongressdagi yettinchi hisoboti bo’ldi.

2001 yil sentyabridagi voqealardan so’ng o’zini dadil rahbar qilib ko’rsatgan Bushning reytingi 84 foizga chiqqan edi.

Biroq olti yil o’tgach ishonch reytingi tarixda eng past darajaga – 34 foizga tushdi. Bunga asosiy sabab – Iroqdagi urush va prezidentning urushni olib borish siyosati.

Agar oldingi hisobotlarda Bushga ishonch bilan qaralgan bo’lsa, kechagi hisobot ayrim respublikachilar tomonidan ham shubha bilan qabul qilindi. Prezident o’z nutqida yo’qolgan ishonchni tiklashga harakat qildi.

Hisobotning yarmi ichki siyosatga, qolgan yarmi esa tashqi siyosatga bag’ishlandi. Tashqi siyosatda so’zsiz Iroqdagi urush asosiy mavzu bo’ldi.

Bush Iroqqa nega qo’shimcha askar yuborayotganini asoslashga harakat qildi. Uning aytishicha, Iroq xavfsizligi AQSh xavfsizligiga bevosita aloqador.

Shuning uchun nafaqat Iroqda, butun Yaqin Sharq hududida ham demokratiyani yoyish muhimligini ta’kidladi.

”Mintaqadagi islohotchilar, mo’tadil siyosatchilar, demokratiya kurashchilariga yordam berish bilan o’z xavfsizlik manfaatlarimizni olg’a surgan bo’lamiz. Amerika Yaqin Sharq ahliga erkin jamiyat qurishi uchun yordam berishga tayyormi”?- deya so’radi Bush.

AQShdagi siyosatchilar orasida rejasiga qarshlik mavjudligini tan olar ekan, Bush rejani amalga oshirmaslik o’gir va salbiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.

”Agar Bag’dodda tinchlik o’rnatilmasdan oldin qo’shinlarimiz uni tark etsa, Iroq hukumati turli ekstremist guruhlar bosimi ostida qulaydi. Eron yordamini olayotgan shia ekstremistlar bilan al-Qoida va Saddam Hussayn tuzumi tarafdorlari bo’lgan sunniy ekstremistlar hokimiyat uchun o’zaro kurash boshlaydi”.

“Zo’ravonliklar to’lqini butun mamlakatga yoyilishi mumkin, keyin esa mintaqa ham mojaro domiga tortiladi”,- deydi Bush.

Bu esa, deydi prezident Bush, keyinchalik Amerika xavfsizligiga ham tahdid bo’lishi mumkin.

”Qo’shma Shtatlar BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO va ayrim davlatlar bilan hamkorlikda Isroil-Falastin mojarosiga yechim topishga urinmoqda",- deydi Bush.

"Afg’onistonni al-Qoida va Tolibondan saqlashga, Koreya yarim orolini yadrodan xoli hududga aylantirishga harakat qilmoqda”,- deydi AQSh rahbari.

AQSh rahbari Kongressdan jahon bo’ylab, jumladan Afrikada SPID va bezgak kabi kasalliklar, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash dasturlarini moliyalashda davom etishni so’radi.

Kapitoliyda prezident Bushning yillik hisobotiga odatda demokratlar o’z rasmiy munosabatini bildiradi. Bu safar Amerika yangi saylangan senator, mamlakatning sobiq harbiy dengiz floti rahbari Jeyms Vebdan (James Web) tingladi.

Senator Veb Bushning ashaddiy tanqidchilaridan biri. Sobiq harbiy, qolaversa o’g’li hozir Iroqda xizmat qilyapti.

Bushning Kongressda yillik chiqishidan keyin ham senator qo’shinlar vatanga qaytsin degan talabni olg’a surdi.

"Siyosat o’zgarmasa bo’lmaydi",- deydi demokrat senator. "Terrorga qarshi urush zamon talabi, lekin Iroqdan chiqmasak, u yerda vaziyat yanada chigallashadi. Iroqda qo’shni davlatlar bilan ishlash kerak. Mintaqaviy diplomatiyani kuchaytirish kerak. Iroq ko’chalarida AQSh askarlariga o’rin yo’q. Tinchlikni saqlash Iroq hukumatiga topshirilsin".

Senatorning o’g’li shu kunlarda Iroqdan qaytishi kerak edi, biroq Bushning yangi qarori u singari askarlarning Iroqda uzoqroq qolishini talab qiladi.

Vebning o’zi 70-yillarda Vietnam urushida qatnashgan. Bir paytlar respublikachi bo’lgan. Sobiq prezident Ronald Reygan davrida AQSh harbiy dengiz flotini boshqargan. Keyinchalik respublikachilar siyosatidan ta’bi xira bo’lib, Demokratik partiyaga qo’shilgan.

Senator Veb nazarida Iroq urushi AQShga moliyaviy jihatdan juda qimmatga tushmoqda.

"AQSh obro’si dunyo bo’ylab pasaygan, terrorga qarshi urush susaygan va minglab askarlardan ayrildik, deydi Veb. Bush shu qadar o’jarki, hatto o’z maslahatchilariga ham quloq tutmayapti",- deydi senator.

"Prezident bu urushga bizni o’zboshimchalik bilan sudradi. Yaqin Sharqda katta tajribaga ega keksa harbiylarga ham, o’z qo’mondonlariga ham, boshqa davlatlarga ham, hech kimga quloq solmadi. Mana endi biz yirik bir davlat ko’rinmas dushmanga- mavhumlikka boy berib o’tiribmiz. Mavhumlikning esa cheki yo’q",- deydi demokrat senator.

Hozirda respublikachilar orasida ham Bushning Iroqdagi siyosatini quvvatlamayotganlar ko’p.

Keksa senatorlardan Jon Vorner (John Warner) Bushning Iroqqa qo’shimcha 21 ming qo’shin yuborayotganidan norozi ekanini bildirgan. Bu borada demokratlar bilan hamkorlikda rezolyutsiya ham ishlab chiqilgan. Biroq AQSh bosh qomondoni sifatida Bush qo’shinlar sonini oshirish qarorini qabul qilib bo’lgan.

XS
SM
MD
LG