Bush Kongressdan Afg'oniston uchun 10 milliard dollar so'raydi


Bush mahkamasining aytishicha, kelasi haftada prezident Kongressdan Afg’onistonga harbiy va iqtisodiy yordam uchun 10 milliard dollardan ziyod pul so’raydi. Mamlakatda Tolibon hujumlari kuchaygan. Bryusselda uchrashgan NATO ga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Afg’onistonga qo’shimcha yordam berishga va’da berdi.

Bush ma’muriyati so’rayotgan pul afg’on xavfsizlik kuchlarini jihozlashga va tayyorgarlikdan o’tkazishga sarflanadi. Uning ikki milliard dollari esa tiklanish ishlariga mo’ljallangan.

2001 yilda Tolibon qulaganidan beri Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga 14 milliard dollarlik yordam ko’rsatgan.

Tolibonning kuchayayotgani ham AQShdan afg’on kuchlari ehtiyoji uchun ko’proq mablag’ ajratishni talab qilmoqda. Bahor kirgach jangarilar faolligining yanada kuchayishi kutilmoqda.

Bugun Bryusselda NATO ga a’zo-davlatlar tashqi ishlar vazirlari ushrashdi.

Davlat kotibi so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, NATO a’zolari AQShchalik pul ajratmasa ham, Afg’onistonni qayta qurishga, Tolibonga qarshi kurashga yetarlicha hissalarini qo’shadi.

So’nggi ikki yil ichida mamlakat xavfsizligi NATO zimmasiga tushgan. Ayni damda Afg’onistonda 34 ming NATO qo’shini bor. Ulardan 12 ming nafari amerikaliklar. Yana shuncha askar AQSh qo’mondonligi ostida.

Pentagon so’zlovchisi Brayan Vitmanga ko’ra yaqin kelajakda AQSh qo’shinlarining soni ko’paytirilmaydi. Vitmanning aytishicha, NATO a’zolari tomonidan va’da qilingan qo’shinlarning 15 foizi shu paytgacha Afg’onistonga yuborilmagan. NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeferning bugun aytishicha, Afg’onistonga qo’shimcha NATO askarlarini yuborish masalasi kelasi oy Ispaniyadagi yig’ilishda muhokama qilinadi. NATO ga a’zo ayrim davlatlar mamlakatning Tolibon jangarilari faol janubiga askarlarini yuborishdan bosh tortib kelayotgan edi.

Bugun, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham Afg’onistonga kelasi to’rt yil ichida 780 million dollarga teng yordam ko’rsatishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG