Breaking News

Amerikada prezident saylovlariga tayyorgarlik boshlandi


AQShda prezident saylovlariga hali 22 oy bor, biroq saylov-oldi kampaniya hozirdan boshlandi. So’nggi kunlarda demokratlardan yana uch kishi o’z nomzodini prezidentlikka ko’rsatdi.

Ular ichida senator Xillari Klinton ham bor. Senator Klintonning o’z nomzodini qo’yishiga hech kim shubha qilmagan edi.

"Jorj Bush hokimiyatidan olti yil o’tgach, Amerika va’dasini yangilash vaqti keldi. Kim bo’lishingizdan va qayerda yashashingizdan qat’iy nazar qonunlarga rioya qilib, ter to’kib mehnat qilsangiz, o’zingiz va oilangizni yaxshi hayot bilan ta’minlay olasiz," deydi Nyu-York shtatidan saylangan senator.

Demokratlar ichida prezidentlikka da’vo qilayotganlardan yana biri Nyu-Meksiko shtati gubernatori Bill Richardson.

"Men bu lavozimga loyiqman. Chunki gubernatorman. Gubernatorlardan esa ko’p prezidentlar chiqqan. Biz byudjetni boshqaramiz, sog’liqni saqlash va ta’lim sohalari bilan shug’ullanamiz."

Richardson Bill Klinton prezidentligi davrida avvaliga energetika vaziri, so’ng esa BMTda elchi bo’lgan.

Virjiniya Universiteti siyosiy tahlilchisi Larri Sabatoning aytishicha, Richardson g’alaba qozonmagan taqdirda ham, g’olib demokrat albatta uning tajribasidan foydalanishlari kerak.

"Bill Richardson so’rovlarda ko’p ovoz olmayotgan bo’lishi mumkin, biroq prezidentlik uchun juda jiddiy da’vogar. Uning tajribasi har ikkala partiya nomzodlaridan ancha boydir."

Yosh senator Barak Obama ham o'z nomzodini olg’a surayotganlardan biri.

Siyosatshunos Ron Uoltersning aytishicha, senator Obama istarasi issiq, odamni o’ziga rom qiladigan, siyosiy sahnada endigina paydo bo’lgan zakovatli da’vogar. U shaxs sifatida ijtimoiy jihatdan boy Amerikani mujassam etadi.

Barak Obama prezidentlikni qo’lga kiritishga imkoniyati yuqori ilk qora tanli da’vogar bo’lsa, Xillari Klinton ilk ayol-prezident bo’lishi mumkin. Gubernator Richardsonning kelib chiqishi latin amerikalik bo’lgani uchun saylovlarda ushbu guruh vakillarining faolligini kuzatish mumkin bo’ladi.

Demokratlardan boshqa nomzodlar senatorlar Jo Bayden va Kris Dodd, kongressmen Denis Kusinich hamda Ayova shtati gubernatori Tom Vilsak.

Demokratlarga o’xshab respublikachilar ham saylovlarga qizg’in tayyorgarlik ko’rmoqda. Ulardan biri Kanzas shtatidan senator Sem Braunbek. Braunbek SPIDga qarshi kurash, Afrikada qashoshqlik va genotsid masalalari bo’yicha juda faol qonun chiqaruvchilardan.

O’z nomzodini qo’ygan yoki qo’yishi mumkin bo’lgan boshqa respublikachilar qatoriga Arizona shtatidan senator Jon MakKeyn, Nyu-York shahar sobiq meri Rudi Juliani, Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mit Romni va kongressmenlar Danken Xanter va Tom Tankredolarni tilga olish mumkin.

Amerika Universiteti mutaxassisi Jeyms Turberning aytishicha, Iroq mavzusi saylov kampaniyasi davomida bosh mavzu bo’ladi. Biroq unga ko’ra, Iroq mavzusining saylov natijalariga qanchalik ta’sir qilishini hozirdan aytish qiyin.

Saylovlargacha hali deyarli ikki yilcha vaqt bo’lsada, mutaxassislarga ko’ra, da’vogarlar saylovchilar tomonidan jiddiy qabul qilinishi uchun hozirdan ko’p mablag’ to’plashi va siyosiy reklamalarga zo’r berishi kerak.

2008 yilgi saylovlarda amaldagi prezident yoki vitse-prezident 1952 yildan beri ilk bor ishtirok etmaydi.

XS
SM
MD
LG