Huquq himoyachisiga qarshi jinoiy ish qo'zg'atildi


Huquq himoyachisi Umida Niyozovaga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ikki bandi bo’yicha jinoiy ish qo`zg’atilgan.

Ayni paytda Niyozova Toshkent shahar transport militsiyasi mahkamasida hibsda saqlanmoqda. Ta`kidlanishicha, so`nggi paytda huquq himoyachilari va siyosiy mahbuslarga nisbatan tahdidlarning yanada kuchayishi kuzatilgan.

Umida Niyozova bundan taxminan besh kun avval daraksiz yo’qolgan. Yaqingacha uning qayerda ekani noma’lum qolayotgan edi. Keyinchalik Umida Niyozovaning Toshkent shahar transport prokuraturasida hibsda saqlanayotgani ma’lum bo`ldi.

Umida Niyozovaning advokati Abror Yusupov so’zlariga ko`ra, hozir Umida Niyozovaga nisbatan Jinoyat kodeksining ikkita bandi bo`yicha jinoiy ish ochilgan.

“Kecha Umidaga ayb elon qilindi, sanksiya berdi. Endi tergov harakatlari bo`ladi. 246-moddaning birinchi qismi kontrabanda, 223-moddaning birinchi qismi – chegarani buzish. Umida hozir qamoqda, ehtiyot chorasi sifatida qo`llanilgan”, - deydi advokat.

Umida Niyozova o`tgan yilning dekabr oyida Qirg`izistondan O`zbekistonga qaytayotib, Toshkent aeroportida hibsga olingan. Unga tegishli kompyuter musodara qilinib, o`zi tilxat asosida qo`yib yuborilgan edi.

Ayrim axborot manbalarida yozilishicha, avvaliga Niyozovaga nisbatan ochilgan ma’muriy ish yopilgani haqida xabar tarqalgan va advokat Umidaga musodara qilingan narsalarini olib ketishi mumkinligini aytgan. Keyin esa Umida Niyozova hibsga olingan va unga nisbatan jinoiy ish qo`zgatilgan.

Ayni paytda Umida Niyozova Toshkent shahar transport militsiyasi hibsxonasida saqlanmoqda.

Umida Niyozova avval inson huquqlarini himoya qiluvchi Freedom House xalqaro tashkiloti vakolatxonasida ishlagan, keyinchalik mustaqil huquq himoaychisi sifatida faoliyat yuritgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, huquq himoyachilariga nisbatan bosimlar ortib bormoqda. Bundan avval, yanvar oyining boshlarida Andijonda yana bir huquq himoaychisi – Gulbahor To`rayeva hibsga olingan edi.

Gulbahor To`rayevaning turmush o`rtog`i Farid To`rayev so’zlariga ko’ra, u hozirgacha xotini bilan ko`rishishga muvaffaq bo`lmagan. Milliy xavsizlik xizmati vakillari To`rayevaning advokat bilan ta`minlanishiga ham to`sqinlik qilmoqda.

Gulbahor To`rayeva O`zbekiston-Qirg`iziston chegarasida ushlangan. U jinoyat kodeksining 159-moddasiga muvofiq, aksilkonstitutsiyaviy harakatda ayblanmoqda. Undan muxolifat yetakchilariga tegishli adabiyotlar musodara qilingani ta’kidlanadi.

Gulbahaor To`rayeva jamoatchilikka Andijon fojialarining guvohi sifatida bergan intervyulari orqali yaxshi tanish.

Keyingi paytda huquq himoyachilari, siyosiy mahbuslarning advokatlar bilan uchrashishiga ruxsat bermaslik odatiy tusga aylangan.

Huquq himoyachisi Adham Shoyimardonov ma`lumotiga ko`ra, O`zbekistonda siyosiy mahbuslarga nisbatan tazyiqlarning kuchga kirayotgani kuzatilmoqda.

Adham Shoyimardonov “Serquyosh O`zbekistonim” milliy koalitsiyasi rahbari, iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 14 yilga qamalgan Sanjar Umarovga nisbatan shuday bosimlar davom etayotganligini bildiradi.

“Vaziyat hech o`zgargani yo’q, menga ma`lum bo`lishicha, uni jazo kamerasidan chiqarishmayapti, bosim davom etayapti”, - deydi Shoyimardonov.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovning ma’lum qilishicha, qamoqdagi siyosiy mahbulardan yana biri – Muhammad Bekjonning salomatligi og`irligicha qolmqoda.

“Avholi juda o`gir, sil kasaliga challigini yuqtirgan”, - deydi u.

Ayrim kuzatuvchilar O`zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi o`rtasida boshlangan muloqotlar jarayonida O`zbekistondagi vaziyat biroz yumashishiga umid qilgan edi.

Otanazar Oripov O`zbekistonda faollarga nisbatan kuchayayotgan taz’yiqlarni aynan shu muloqotlar jarayoni bilan ham bog`laydi.

“Bugun O`zbekistondagi vaziyat haqida ochiq gapira oladigan kishilar ustidan nazorat o`rnatilmoqda, ularning vaziyat haqida ma`lumot tarqatishlarining oldi olinmoqda. Keyin kim keladigan bo`lsa, deylik, Yevropa Ittifoqi vakillarimi, ular bilan faqat hukumat istagan odamlargina uchrashib, ma’lumot berishi mumkin bo`ladi. Rejim yumshagani yo’q, aksincha, battar keskinlashayapti” - deydi Oripov.

O`zbekiston hukumatining Yevropa Ittifoqi bilan boshlangan muzokaralaridan so'ng bir necha huquq himoyachilari, jurnalistlar amnistiya bo`yicha qamoqdan ozod etildi.

Shuningdek, boshqa huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlar, ularni hibsga olish holatlari qayta boshlanmoqda.

XS
SM
MD
LG