Qirg'izistonda AQShga nisbatan tanqid kuchaymoqda


Qirg’izistonda "Amerika Ovozi" muxlislari bilan suhbatda Qo’shma Shtatlarning asosan Iroq, Afg’oniston va Yaqin Sharq siyosatiga nisbatan tanqidiy fikrlarni eshitish mumkin.

Mintaqada Qo’shma Shtatlarning ashaddiy tanqidchisi o’laroq tanilgan “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi a’zolari esa o’z tanqidlarini siyosiy tahlil bilan asoslashga urinadilar.

“Amerika hamma uchun bir xil standart asosida ish qilmasligini namoyon qilib qo’ydi. Bir mintaqaga to’g’ri keladigan qonunni ikkinchi mintaqada to’g’ri kelmaydigan qilib ishlatyapti. Amerikaning nafaqat tashqi siyosatda, balki ichki siyosatda ham inqirozi aniq edi. Afg’onistondagi, Iroqdagi buhron Amerikaning qanday davlat ekanini ko’rsatib qo’ydi. Amerikada na fikriy, na ma’naviy, na axloqiy odob qoldi, hammayoq buzilib bo’ldi”, – deydi Qirg’iziston janubidagi “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi Ayyubxon Mashrabov.

Shuningdek, Bishkekdagi AQSh harbiy-havo bazasi bilan bog’liq jarayonlar ham fuqarolarning noroziligiga sabab bo’lmoqda.

“Amerika demokratik davlat bo’la turib, demokratiya tamoyillariga amal qilmayotgani norozilik uyg’otmoqda. “Manas” aeroportida [amerikalik harbiylar] bizning [Qirg’iziston] fuqarolarini otib tashlab, jinoiy javobgarlikka tortimagani ham Inson Huquqlarining poymol qilinishi deya baholanmoqda. Ular o’z vaqtida daxlsizlikka ega bo’lib qolgan ekan. [Qirg’iziston] Ichki Ishlar idoralari tomonidan jinoiy ish ochilgani bilan amerikalik harbiyni tergov qilish mumkin emas”, – deydi O’sh viloyat Ichki Ishlar bo’limi xodimi Jenish Ashirbaev.

Kuzatuvchilarga ko’ra, mintaqa, xususan Qirg’iziston aholisi nazdida AQSh obro’sining to’kilishiga rus ommaviy axborot vositalari ham yetarlicha hissa qo’shmoqdalar.

Jurnalist Almaz Ismanovning aytishicha, mintaqa aholisi Rossiya mediasi xabarlari ta’sirida yashaydi.

“Rus ommaviy axborot vositalarida Amerika to’g’risida hech qanday ijobiy mavzu yoritilmaydi. Bush siyosati ham aksilamerika kayfiyatining kuchayishiga xizmat qilmoqda. Buning natijasida Amerikaga tashrif buyurgan chet-el fuqarolari aksilamerika kayfiyati bilan qaytmoqdalar”, – deydi Almaz Ismanov.

2006 yilda AQSh elchixonasi taklifiga binoan Amerika sayohatida bo’lib qaytgan jurnalist Maqsuda Aytievaga ko’ra, Inson Huquqlarini poymol qilmaslik to’g’risidagi o’z shiorlariga sodiq qolgan taqdirdagina AQSh mintaqada o’z obro’sini saqlay oladi.

XS
SM
MD
LG