Qirg'iziston parlament raisi fikricha yangi qomus barqarorlik garovi


Qirg’iziston parlamenti raisi Marat Sultonovning aytishicha, tarixda barcha buyuk ishlar yarim tunda qilingan.

"Mamlakat inqiroz yoqasiga kelganda, hukumat va parlament til topishishga va yarim tun bo’lishiga qaramasdan yangi qonun loyihasini tuzib chiqishga muvaffaq bo’ldi.

Biroq kamchiliklar bo’lishi tabiiy edi. Shu sabab keyinchalik o’zgartirishlar va tuzatishlar kiritishimizga ham to’g’ri keldi", - deydi spiker.

Marat Sultonov nazarida yangi konstitutsiya g’arb demokratiyasi tomon yo’naltirilgan. Jumladan, saylovlarda g’alaba qozongan partiya hukumatni tuzishi mumkin degan band, parlamentda ko’pchilikni tashkil etuvchi fraksiya hukumatni shakllantiradi degan moddaga o’zgartirilgan. Fuqaro huquqlari himoya qilish va adliya tizimini erkinlashtirish borasida ham qat’iy qonunlar joriy etildi, deydi Marat Sultonov.

"Saylovlardan so’ng yetakchi partiya bo’lmagani va o’tish davri sabab, so’nggi qaror prezident tomonidan qabul qilinishi kutiladi. Bu esa deputatlarni yana eski zamonga qaytamizmi, deb tashvishga soldi. Norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi", - deydi Sultonov.

Uning fikricha Feliks Qulov bosh vazirlikdan o’z iste’fosini e’lon qilib, siyosiy o’yin oynamoqchi bo’lgan. Maqsad parlamentni tarqatib, unga va prezidentga qarshi bo’lgan deputatlardan qutilish edi.

"Deputatlar bunday makrga qarshi birlashib, Kulovni umuman siyosatdan chetlatishga muvaffaq bo’ldi", - deydi qonun chiqaruvchi.

Qirg’izistonda prezident endi parlametni tarqatib yuborish huquqiga ega emas.

Qirg’iziston siyosati bilan yaqindan tanish, Vashingtonda asoslangan saylovlarni o’rganish markazi vakili Dmitriy Malinovich fikricha esa Bishkekdagi so’nggi siyosiy inqiroz demokratik harakat bo’lmagan.

"Bu odamlar orasidagi kurash. G’oyalar, boshqaruv usuli yoki Qirg’iziston kelajagi uchun kurash emas. Bakiyev uni hokimiyatga olib kelgan muxolifat oldida hokimiyatni bo’lishish va’dasida turmadi", - deydi Malinovich.

Parlament raisi Marat Sultonov yuqoridagi qarashni tamoman rad etmaydi.

"Siyosat bu kurash degani. Berkitib nima qilamiz, hokimiyatni talashish tabiiy hol. Kurashmoqchi bo’lmagan odam uyida o’tirib sho’rvasini qaynatsin, siyosatga kelib nima qiladi? Shu sabab bizda har ikkala holatni ham ko’rsa bo’ladi. Hamma xatolar qilib ulg’ayadi", - deydi Marat Sultonov.

AQShga tashrifi davomida Qirg’iziston parlamenti raisi Manas aerodromi kelajagi borasida muzokara olib boradi.

XS
SM
MD
LG