Breaking News

AQShda o'qish uchun universitet tanlash qanday kechadi?


AQShda o’qish uchun izlanayotgan talabaning eng kuchli quroli bu internet. Ixtiyoriy qidiruv tizimiga kirib, deylik, sizni qiziqtirgan ixtisoslik – masalan, iqtisodiyot va "US Schools", ya’ni AQShdagi ta’lim maskanlari so’zlarini kiritishning o’zi kifoya.

Qidiruv tizimi sizga shu zahoti o’nlab universitet va kollejlar ro’yxatini chiqarib beradi.

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida huquqshunoslik bo’yicha tahsil olayotgan qozog’istonlik talaba Gauhar Kireneyevaga ham internet juda qo’l kelgan.

Gauhar turli universitetlarda mavjud o’quv tizimidan boxabar mutaxassislar bilan ham maslahatlashdi.

Uning aytishicha, hujjatlarni bitta universitetga emas, bir nechtasiga topshirgan ma’qul. Shunda o’qishga kirish ehtimoli yuqoriroq bo’ladi.

Qayerga topshirishni hal qilgandan so’ng qilinadigan ish - hujjatlarni tayyorlash. Bu jarayon ancha vaqt talab qiladi.

Suhbatdoshimiz Qozog’iston Davlat universitetining to’rtinchi bosqichida o’qib yurganida, AQSh universitetiga hujjat topshirishga harakat qilgan. Biroq, qo’lida diplomi bo’lmagani uchun bu urinish zoye ketgan.

Chunki, deydi u, AQShdagi universitetlar ko’pincha, diplomli, shu sohada ish tajribasiga ega yoshlarni o’qishga qabul qiladi.

O’zbekistonda bu xildagi ma’lumotni, shuningdek, Global Study Ta’lim markazidan olish mumkin. Darvoqe, AQSh universitetiga kirish uchun zarur bo’lgan TOEFL testini aynan Global Study markazida topshirish mumkin. Mazkur markazlarning internetdagi manzillarini lavha so’ngida ma’lum qilamiz.

Universitetni har bir talaba o’z qiziqishi, qaysi sohani o’rganmoqchi ekani, moliyaviy imkoniyatlari va qancha vaqt o’qishni xohlashiga qarab tanlaydi.

Har bir universitet uchun qabul hujjatlari turlicha. Bular jumlasiga nimalar kiradi?

Siz haqingizda batafsil ma’lumot bayon etilgan anketa yoki application, diplom, diplom ilovasida qayd etilgan fanlar bo’yicha baholar – barchasi asl nusxada va ingliz tiliga tarjima qilingan hamda notarius tomonidan tasdiqlangan holda.

Bundan tashqari, TOEFL testi bo’yicha talaba jamg’argan ball, insho yoki essay va tavsiyanomalar. Bundan tashqari, anketa to’ldirish uchun talaba taxminan 50-100 dollar atrofida haq to’lashi kerak bo’ladi.

AQShdagi barcha universitetlar ro’yxati, u yerda o’rgatiladigan ixtisosliklar, hujjat topshirish jarayoni va zarur tavsiyalar bilan AQSh Davlat Departamentining maxsus saytida - educationusa.state.gov da tanishish mumkin.

Aynan shu sahifada Amerika ta’lim markazlarining Qirg’iziston, Tojikiston, Qozog’iston va Turkmanistondagi manzillari qayd etilgan.

O’zbekistonda esa bu xildagi ma’lumotni Global Study ta’lim markazining www.study.uz sahifasida topish mumkin. Saytda markazning Toshkentdagi manzili ham berilgan.

AQShda ta’lim olish imkoniyatiga doir savollarni uzbek@voanews.com sahifasiga yo'llang.

XS
SM
MD
LG