Chet-elda namoyishlar, O'zbekistonda tazyiqlar


O`zbekiston prezidenti vakolat muddati tugashi munosabati bilan Yevropa va AQShda muxolifat bildirayotgan qarshiliklar O`zbekistonda faollarning nazoratga olinishiga sabab bo’lmoqda. O`zbekistondagi muxolifat vakillari mamlakatda saylovlar o`tishini shubha ostiga qo`ymoqda.

5 fevral kuni ertalabdanoq O`zbekiston huquq himoyachilari alyansining bir necha faollari nazoratga olingan. Ayrimlari ichki ishlar boshqarmasiga so`roqqa chaqarilgan.

Faollardan biri Adham Shoyimardonovning aytishicha, u Toshkentdan uyiga, Chirchiq shahriga, majburan qaytarib yuborilgan. Bosim Nyu-York, London, Brussel, Stokgolm, Moskva va Bishkekda kuzatilayotgan va kutilayotgan piketlarga bo`gliq, deydi u.

“Menimcha, ular O`zbekiston ichkarisida ham shunday aksiyalar bo`lishi va birdamlik kayfiyati paydo bo`lishidan qo`rqishayapti. Men ofisga yaqinlashgan zahotim mashinaga o`tqazib yana Chirchiqqa qaytarib olib kelishdi”, - deydi Shoyimardonov.

O`zbekiston huquq himoyachilari nazarida chet-elda rejalangan piketlardan qat’iy nazar O`zbekistonda bu borada biron norozilik namoyishi rejalanmagan. Shunga qaramasdan maxsus xizmat vakillari faollarni nazoratda ushlash qaroriga kelgan.

Mamlakatdagi muxolifat vakillarining munosabatlari esa turlicha. O’zbekistonda ro’yxatga olinmagan “Birlik” partiyasining bosh kotibasi Vasila Inoyatovaga ko`ra saylovlar haqida biron ma’lumotning yo’qligi turli taxminlarga olib kelmoqda.

“Demak, butun dunyoda o`zbek muxolifati vakillarining shunday ish qilayotganiga mana shu narsalar asos berayapti. Har bir davlatda mana shunday bir siyosiy jarayon boshlanganda, ochiq oshkora faoliyat olib boriladi. Lekin bizda aytilmasa ham, qonun buzilayaotganligini ko`rib turibmiz. Muxolifat vakillarining bu boradagi harakatlari ularning o`z pozitsiyalaridir”, - deydi Inoyatova.

Uning aytishicha, ayni paytda prezident vakolati haqidagi savol muhim emas.

“Konstitutsiyada shunday punkt borki, eski prezident vakolati yangi prezident saylanguncha davom etadi. Albatta, bu yerda so`z o`yini qilingan. Saylov qachon bo`ladi, dekabrdami, besh yildan keyinmi? Demak saylov bo`lguncha, xohlaymizmi- xohlamaymizmi, prezidentning vakolati davom etaveradi. 2-3 yil oldin shunday fikr bildirgan edim, ya’ni referendum o`tkaziladi va konstitusiyaga o`zgartirish kiritilib, prezident yana o`z faoliyatida davom etadi”, - deydi Inoyatova.

Muxolifatdagi, biroq ro’yxatdan o’tmagan, “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha partiya chet-eldagi muxolifat tashabbusini qo`llab-quvvatlaydi.

“Lekin partiyaning o`zi bu yerda biron tadbir rejalamagan. Konstitutsiyani o`zida ichki ziddiyat kuchli. Bir joyda aytilganki, yetti yilga saylanadi, muddati cho`zilmaydi deb. Bir joyda muddati tugagan yili, dekabrning oxirgi o’n kunida saylov o`tkaziladi deb. O`rtada sal kam bir yil muddat noqonuniy qolmoqda. Ataylab qilingan, noqonuniy holat konstitutsiyada qonunlashtirilgan”, -deydi Oripov.

“Hozir biron tadbir ko`rishga tayyorgarlik ko`rilayapti. U tadbir qanday bo`lishini hozir aytish qiyin. Lekin saylovlarsiz saylov o`tkazilishi ehtimoli kuchli”, - deydi Oripov.

O`zbekistonda dekabr oyida prezidentlik saylovlari kutilayotgani haqida ma’lumot uchramaydi. Bu borada prezident vakolati tugagani, O`zbekiston prezidenti bilan bo`gliq keyingi vakolatlarni aniqlashtirish haqida huquq himoyachilarining O`zbekiston Konstitusiyaviy sudiga qilgan murojaatlari ham rad etilgan.

Konstitutsiyaviy sudga ko`ra bu kabi masalalarni ko`tarish uchun faqat tegishli hukumat organlari murojaat qilishlari mumkin.

Tegishli hukumat organlarida esa bu borada hech qanday ma’lumot yoq. O`zbekistondagi mavjud rasmiy partiya vakillari ham prezidentlik saylovi bilan bog’liq mavzuda gapirishni xohlamaydi.

XS
SM
MD
LG