Qirg'izistonda faollar O'zbekistonni demokratiyaga chaqirmoqda


O`zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyatni qoralayotgan muxolifat vakillari kecha, AQSh va Yevropada, shuningdek Bishkekda ham norozilik namoyishi o’tkazgan.

Qirg’izistonlik huquq himoyachilari O’zbekistonda ta’qib qilinayotgan fuqaroviy jamiyat vakillarini qo’llab, prezident Islom Karimovdan siyosiy qatag’onni to’xtatishni talab qilmoqda.

Qirg’izistonlik huquq himoyachilari 5 fevral kuni Bishkekdagi O’zbekiston elchixonasiga mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlarni to’xtatish, qamoqdagi “vijdon tutqun”larini ozod qilish borasida talablar bitilgan murojaatni topshirganlar.

Bishkekdagi “Asr shami” nodavlat tashkilotining raisasi Aziza Abdurasulovaning aytishicha, O’zbekistonda soxta ayblar bilan qamoqqa olingan ayol jurnalistlar va huquq himoyachilari zudlik bilan ozodlikka chiqarilishi kerak.

“O’zbekistonda bugungi kunda juda ko’p begunoh fuqarolar soxta ayblar bilan qamoqlarda o’tiribdi. Bularning orasida Umida Niyozova, Gulbahor To’raeva, Mo’tabar Tojiboeva kabi ayollar ham bor. Mo’tabar Tojiboevaning qamalganiga ham bir yildan ortiq vaqt o’tdi, hozirgacha qamoqda o’tiribdi. “Vijdon tutqunlari” zudlik bilan ozod etilishi lozim, diktatura tuzumi tazyiqlarni to’xtatishi kerak”.

Qirg’iziston yosh siyosatchilari forumi a’zosi Alisher Mamasalievning fikricha, O’zbekistonda erkinliklarni cheklashga qaratilgan harakatlar mintaqadagi boshqa davlatlarga, xususan, Qirg’izistonga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda:

“Qirg’iziston yoshlari O’zbekistonda ta’qib qilinayotgan huquq himoyachilari bilan hamfikr o’laroq, erkinliklar cheklanishiga qarshi norozilik bildiramiz. Qirg’izistonda ham so’z erkinligini cheklashga urinishlar bo’lyapti. Bugun Markaziy Osiyo davlatlarida hukumat tomonidan erkinliklarni cheklash xavfi mavjud”.

Qirg’izistonlik huquq himoyachilariga ko’ra, soxta ayblar bilan qamoqqa olingan fuqaroviy jamiyat faollarini ozod qilish uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan O’zbekiston rahbariyatiga doimiy bosim o’tkazilishi zarur.

Bishkekdagi nodavlat tashkilotlaridan birida ishlovchi Aqiljon Erkinboevaning aytishicha, Qirg’izistondagi yoshlar prezident Islom Karimovning vakolatlari 22 yanvarda tugaganini tarmoq nashrlarida o’qiganlar.

“O’zbek mamlakatining prezidenti vakolatlari tugasa ham biylik boshida turib, o’zi xohlaganicha siyosat yuritayotganini biz bilamiz. Ammo baribir demokratik qadriyatlarga amal qilish kerak”.

XS
SM
MD
LG