AQSh yoshlari orasida islomga qiziqish ortmoqda


Amerika ikki musulmon davlatida harbiy harakatlar olib borar ekan, bu mamlakat xalqi, ayniqsa yoshlari musulmon jamiyatlar, ularning dunyoqarashi va madaniyati haqida tasavvurga ega bo’lishga urinmoqda. Yaqinda poytaxt Vashingtonda bir guruh yoshlar islom dini va musulmonlar haqida fikr almashdi.

Davrani Muhammad Payg’ambar haqidagi hujjatli film ochib berdi. “Muhammad Payg’ambar Merosi” nomli film bir necha amerikalik musulmonlar hayoti haqida ham hikoya qiladi.

Aleks Kronemer film prodyuseri. Umid qilamanki, ishim islom haqidagi xato tasavvurlarga barham beradi, deydi u.

“Filmda quruq ma’lumotlar bilan cheklanib qolmasdan, alohida musulmonlar haqida hikoya qildik. Amerikani oling, bu yerda odamlar islom haqida shunchaki ommaviy axborot vositalaridan bilib oladi. Filmni yaratishdan maqsad – odamlar musulmonlar aslida kim ekani, Muhammad payg’armbar haqida ma’lumot berish.”

Suhbat ishtirokchilari guruhlarga bo’linib, musulmonlar bilan savol-javob uyushtirildi. Amina Muhammadning otasi Iroqda katta bo’lgan. Niyatim odamlarning islom haqidagi salbiy qarashlarni kamaytirish, deydi u.

”Menimcha, bu yerda ba’zilar islom deganda jangari, o’ta talabchan bir dinni ko’z oldiga keltirardi. Muhokama va film orqali dinga kengroq qarash lozim ekanini tushunib olishdi. Islom tinchlik, muhabbat, birovni tushunish, qo’shniga mehribon bo’lish, jamoaning bir qismi bo’lish, yetimlarga mehr, qashshoqlarga yordam degani. Nasroniylik va iudaizm ham shuni o’rgatadi” – deydi Amina.

Anjumanni Bakston Tashabbusi nomli tashkilot moliyalagan. Tashkilotni nasroniy Doug Holidey musulmon do’sti bilan hamkorlikda, dinlar-aro muloqotni targ’ib qilib barpo etgan.

“Muammo shundaki, ko’pchilik, na musulmonlar bilan va na yahudiy va nasroniylar bilan yaqindan tanishib, o’ziga xom xulosa qilib qo’yadi. Bu din vakillari bilan uchrashib, suhbat qurganda esa gap-so’zga, mishmishga asoslangan tasavvurlar yo’qoladi, odamlar orasida ishonch tiklanadi, umid paydo bo’ladi. Bu juda muhim.”

Trevis Pikel ham nasroniy. Suhbatlarda ancha ma’lumot olganini aytadi.

“Bu kichik anjumanga ataylab keldim, musulmon va yaguhiylar bilan yaqindan tanishay, ular haqida o’rganay deb keldim. Menimcha, odam bilmagan narsasidan qo’rqib yashaydi.”

Yahudiy Stefani Gertz 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan keyin Amerikada musulmonlarga munosabat qanday o’zgargani haqida shunday deydi:

“Yosh amerikalik musulmonlar va ularning oilalari o’sha mudhish voqeadan keyin ba’zida o’zlarini himoya qilishiga to’g’ri kelgan. Musulmon bo’lishi bilan birga, amerikalik ekanini ham eslatishga majbur bo’lgan.”

Turli din vakillari bir-biri bilan qancha ko’p va tez-tez muloqot qilsa, deydi Gertz, johillik, nodonlik va yanglish tasavvurlardan qutulish oson bo’ladi.

XS
SM
MD
LG