Breaking News

Adliya vazirligi Human Rights Watch tashkiloti faoliyatini tekshirmoqda


O`zbekiston adliya vazirligi ma’lumotiga ko’ra, O`zbekistonda faoliyat uritayotgan bir necha xalqaro tashkilotlar nodavlat tashkilotlar haqidagi qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan va yillik faoliyatlari haqida hisobot bermagan.

Shu bois bu tashkilotlarga nisbatan tekshiruvlar o`tkazilishi nazarda tutiladi.

Adliya vazirligi e’tiroz bildirgan xalqaro nodavlat tashkilotlar qatorida inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot – Human Rights Watch ham bor.

Tashkilotning O`zbekistonda ishlab ketgan vakilasi Alison Gilning bu borada matbuotda bergan izohiga ko`ra, xalqaro tashkilot o`z faoliyati mobaynida hamisha O`zbekistondagi qonunchiliklarga rioya qilib kelgan. Biroq shunga qaramasdan hukumat tashkilotni yopishni istasa, baribir sabab topadi.

Human Rights Watch vakilining aytishicha, tashkilot O`zbekistonda o`z faoliyatini davom ettirishni istaydi va bunga umid qiladi.

Mahalliy huquq himoyachilaridan biri Baxtiyor Hamroyev nazarida hozirgi paytda O`zbekistonda inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilot faoliyati juda muhum.

“Faqat shu tashkilot qolgan edi. Tashkilotning bu yerdagi rahbari Andrea Berg Jizzaxda huquq himoyachilari ustidan o`tgan sud jarayonlarida qatnashgan. O`ylaymanki, Adliya vazirlgi bu masalani ijobiy hal etadi. Chunki bu tashkilot faoliyti BMT bilan imzolangan shartnomalar asosida yuritilmoqda”, - deydi Hamroyev.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Adham Shoyimardonov fikricha, Human Rights Watch inson huquqlarini poymol qilish holatlarini xolis o`rganish bilan tanilgan. Uning hisobotlari kuchli ta’sir va mavqega ega.

Shoyimardonovning aytishicha, Human Rights Watch dunyoning ko`plab mamlakatlarida ishlaydi va rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlat bo`lishidan qat’iy nazar, birinchi galda u yerda inson huquqlariga e`tibor qaratadi.

“Shu tomonlari bilan Human Rights Watch mamlakatdagi inson huquqlari buzilishini xolis o`rgangan guvoh sifatida qabul qilinadi. O`zbekistondagi hozirgi vaziyat uchun bu o`ta muhim” - deydi Shoyimardonov.

Human Rights Watchning inson huquqlari bo`yicha e’lon qilgan yillik hisobotida 2006 yil O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat o’ta salbiy deb qayd etilgan.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilot Andijon fojealarida O`zbekiston hukumatini kuch ishlatishda ayblab, bayonot chiqargan.

Hozir ham tashkilot Yevropa Ittifoqini O`zbekistonga nisbatan qattiqroq bosim o`tkazishga, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bo`gliq masalaga e`tibor qaratishga chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG