Saratonning oldini olish unga qarshi kurashdan arzon


Saratonga qarshi kurash xalqaro ittifoqi tashkilotiga ko’ra, har yili 11 millionga yaqin kishi rakka, ya’ni saratonga uchraydi, yana 7 million kishi uning qurboniga aylanadi. Bosh idorasi Jenevada joylashgan tashkilot prezidentiga ko’ra, jahon bo’ylab saratonga qarshi kurashga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.

Saratonga qarshi kurash xalqaro ittifoqi rahbari Franko Kavallining aytishicha, 2005 yilda saratondan ko’z yumgan odamlar soni jahon bo’ylab olamdan o’tgan odamlar sonining 13 foizini tashkil etgan.

"Jahonda har yili saratondan SPID, sil va bezgak qurbonlarini birga hisoblagandan ko’p odam o’ladi. Shunga qaramay siyosatchilar saratonga qarshi kurash haqida ko’p gapirmaydi. Shunisi afsuslanarliki, kelasi o’n yil ichida rak qurbonlarining soni, ayniqsa kam daromadli oilalarda keskin ko’tariladi."

Doktor Kavalli fikriga ko’ra, o’pka rakiga uchragan har 10 kishining sakkiztasi kashanda bo’lgan. Ayniqsa Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi hududida chekish nafaqat o’smirlar, hattoki bolalar o’rtasida ham keng tarqalgan. Mahalliy hukumatlar kashandalikka qarshi kurashga shoshilmayapti.

"Chekishni nazorat qilish bo’yicha xalqaro konvensiyaga, afsuski, Rossiya va bir qator davlatlar qo’shilmagan. Shuning uchun bu davlatlarga siyosiy bosim o’tkazish kerak. Konvensiyaga muvofiq, unga a’zo mamlakatlarda kashandalikka qarshi choralar davlat miqyosida ko’rilishi kerak."

AQShdagi ayrim shtatlar jamoatchilik joylarda, restoran va qahvaxonalarda chekishni ma’n qilgandan buyon va aholiga chekish zarari haqida muntazam ravishda axborot berib turilgandan buyon AQShda kashandalar soni doimiy ravishda kamayib bormoqda.

Saratonga qarshi kurash xalqaro ittifoqi prezidenti Franko Kavallining aytishicha, chekishdan tashqari boshqa omillar ham rakka olib keladi. Masalan, kam jismoniy harakat qilish, yog’li ovqat yeyish va buning natijasida semirish, quyoshda ko’p yurish. Shunga qaramay, deydi mutaxassis, 43 foiz hollarda saratonning oldini olish mumkin.

"Saratondan davolash ko’rsatkichi ayni damda 50 foiz atrofida, bolalarda rakni davolash darajasi esa undan ham ko’p – 80%. Biroq saratonni davolashdan ko’ra uning oldini olish ancha arzon. Odamlarni kasallikning oldini olish yo’llari haqida boxabar qilib turish kerak."

Doktor Kavalli fikricha, bolalarni tamaki tutunidan xoli muhitda voyaga yetkazish zarur, aholini jigar va bachadon raklari hamda jigar rakiga olib keluvchi Gepatit-B virusining oldini oluvchi vaksinalardan voqif qilish maqsadga muvofiq. Bularning barchasiga esa siyosiy rahbarlar bosh-qosh bo’lishi kerak, deydi Franko Kavalli.

XS
SM
MD
LG