Breaking News

Turkmanistonda siyosiy muhitning o'zgarishi bashorat qilinmoqda


11 fevral kuni Turkmanistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Hozircha hech kim vaqtinchalik prezident Qurbonguli Berdimuhammedovning g’alabasiga shubha qilmayapti. 12 fevraldan so’ng Turkmaniston qanday bo’ladi?

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasining Moskvadagi bo’limi xodimi, islom va Markaziy Osiyo bo’yicha yirik mutaxassis Aleksey Malashenkoning aytishicha, Turkmanistonni muhim o’zgarishlar kutmoqda.

"Turkmanistonda hozir ikki narsaning bo'lishi aniq. Birinchisi, hokimiyat uchun ichki kurash. Ikkinchisi, Turkmanboshi merosidan kechish. Ba'zilar buni siyosiy ahvolning yumshashi, ba'zilar esa liberallash deb atamoqda. Nima bo'lganda ham totalitar tuzumning yumshashi aniq."

Malashenko fikriga ko’ra, Turkmanistonda Internetga yo'l beriladi, 9 yilga tushirilgan o’rta ta’lim muddati tiklanadi, Ruhnoma majburiy darslik sifatida maktab dasturidan chiqariladi, odamlar o'zini ancha yengil his qiladi, boshqa davlatlar bilan aloqalar faollashadi. Yangi Turkmanboshining siyosiy sahnada paydo bo'lishi amrimahol, deydi u.

Rossiyada chop etiladigan “Vremya Novostey” gazetasi tahlilchisi Arkadiy Dubnov ham xuddi shu fikrda.

"Turkmanistonda bu juda qiziq yil bo'ladi. Bu yil menga 1953 yil - Stalin o'limi yili va siyosiy ahvolning yumshashini yoki 1987 yil - Gorbachov tomonidan SSSRni isloh qilish dasturi e'lon qilingan yil va qayta qurishni eslatadi. 11 fevraldan so'nggi davrni Turkmanistonda nima deb atashni bilmaymanu, lekin qayta qurish bo'lmasa ham, mamlakatdagi siyosiy nazoratning bo’shashini kutish mumkin."

Saparmurod Niyozov o’limidan so’ng ayrim tahlilchilar hokimiyat uchun kurash keskinlashishini ta’kidlagan edi, biroq Qirg’izistonda Akayevdan so’ng bo’lgani kabi namoyishlar va siyosiy qotilliklar kuzatilmadi. Aleksey Malashenkoga ko’ra, Turkmanistonda hokimiyat uchun kurash hali oldinda.

"Turkmanistonda hali kurash tugagani yo'q. Ichki ziddiyatlar hali oldinda. Turkman elitasi bir tomondan yangi Turkmanboshining kelib chiqishidan va ularning ildiziga bolta urishidan qo'rqsa, boshqa tomondan ularning har biri teng va yangi prezident atigi tenglarning birinchisi bo'lsa, ayrimlarining ishtahasi ochiladi, hokimiyatga da'volari kuchayadi, bu esa ichki ziddiyatlarga olib keladi, biroq buning qachon va qanday kechishi noma'lum."

“Vremya Novostey” gazetasi muxbiri Arkadiy Dubnov Turkmanistonda siyosiy ahvol yumshasada, erkin jamiyatgacha hali ko’p vaqt kerak bo’ladi, deydi. Biroq ko’p yillar davomida zulm ostida yashagan turkman xalqi uchun Berdimuhammedov va’da qilgan nafaqa tizimining isloh qilinishi, ta'lim tizimining yaxshilanishi, xalqaro aloqalarning faollashishining o’zi kifoyadir, deydi u.

"Mamlakatdagi o'zgarishlarni ko'rish uchun Niyozov haykallarini buzish yoki uning rasmi tushirilgan pullarni yoqish shart emas. Berdimuhammedov va'da qilgan kichik o'zgarishlarning o'zigina kifoya bo'ladi. Internetga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, biz tasavvur qilgan darajada bo’lmaydi, albatta. Berdimuhammedov sodda emas. Internetning to'la-to'kis ochilishi tuzumning yemirilishiga olib kelishi mumkin, chunki odamlar axborotni olish va tarqatishdan qo'rqishdan to'xtagan zahot tuzum qulaydi. Odamlarning Niyozov haykallari bilan ishi yo'q. Ularga soxta ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum bo'lgan yaqinlarining qamoqdan chiqishi muhimroq. Bu esa yangi hukumatga xalq hurmatini qozonib berishi mumkin. Axir har bir yangi rahbar xalq muxabbatiga intiladi."

Malashenkoning aytishicha, Turkmanistonda hokimiyat va o’z huquqlari uchun kurashda islom va diniy guruhlar hali o’z so’zini aytgani yo’q.

"Hokimiyat uchun kurashda ayrim guruhlarning dindan foydalanishiga shubham yo'q. Axir Niyozov Qur'onni Ruhnomaga, Muhammad payg'ambarni esa o'zining shaxsiga almashtirgan va ko'plab musulmonlar ko'ziga bid'atchi deb ko'ringan. Agar islomiy kuchlar hokimiyatni o'z qo'liga olsa, Niyozov haykallari va portretlarining tilka-pora qilinishini tasavvur etish qiyin emas."

Dubnov nazarida yangi hukumat oldida siyosiy va ijtimoiy muammolardan tashqari boshqa, moliyaviy muammolar ham turibdi.

XS
SM
MD
LG