Breaking News

Turkmaniston siyosiy sinovdan o'ta oladimi?


Amerika Ovozi bilan suhbatda bo'lgan, biroq ism-sharifini aytmaslikni so'ragan turkman jurnalisti fikricha Turkmanistonda o'tgan saylov mintaqa davlatlarida kuzatilgan boshqa saylovlardan farq qilmaydi.

Turkmanistonda prezidentlik uchun olti nafar nomzod kurashgan bo`lsa-da, aslida faqat bitta nomzod - hozirda vaqtinchalik prezident vazifasini bajarib turgan Gurbangeldi Berdimuhammedov uchun tashviqot bo`lgan.

Saylovoldi uchrashuvlarida nomzodlar xalqqa hayot yaxshilanishini va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda o`zgarishlar bo`lishini va`da qilgan. Jumladan, Toshhovuz viloyatida o`tgan uchrashuvlarda o`zbek maktablari, O`zbekiston bilan chegara aloqalariga doir muammolar yechilishi va`da berilgan.

“O`zbek maktablarini ochamiz, oldingiday bordi-keldini yo`lga qo`yamiz deb so`z bergan majlisda. Biz o`zbekmiz, bolalar o`zbek tilidagi maktabda o`qishi kerak degan savolni berishganda, avval qanday bo`lsa shunday bo`ladi, bolalarni turkman maktabida o`qishi o`zbek tilini yoq bo`lib ketishiga xizmat qiladi, degan savolar ham berilgan Maktablarni ochaman, maktab 10 yillik bo`ladi, bolalarni chetga chiqib o`qishiga ham imkoniyat beramiz, deb va`da bergan”, - deydi u.

Jurnalistning aytishicha nomzodlar dasturidagi farqlar haqida gapirish mumkin emas, chunki xalq bilan saylovoldi uchrashuvlarda nomzodlar birgalikda qatnashgan, navbatma-navbat o`z dasturlari haqida gapirgan.

“Toshhovuzdagi uchrashuvga hamma nomzodlar Qurbanguli Berdimuhammedovni izidan chiqib gapirgan. Men saylovlar nomigagina o`tsa kerak, rahbarlar o’z ovozlarini Berdimuhammedovga bersa kerak deb qaytdim”, - deydi jurnalist.

Saylovlarda kim g`olib chiqishidan qat’iy nazar xalqqa berilayotgan va`dalarning amalga oshishiga qanchalik ishonish mumkin?

Jurnalistga ko`ra hozir bu haqda aniq bir narsa deyish qiyin.

Saparmurod Niyozovdan keyingi Turkmanistonda ma’lum ma’noda o’zgarishlar bo’layotgani kuzatiladi.

Jurnalistning aytishicha odamlarning chetga chiqib ishlashiga ruxsat berilmoqda va ko`pchilik bu yangi imkoniyatdan xursand.

11 fevrali saylovni kuzatish uchun xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashmagan. Turkmanistonga tashrif buyurgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakillaridan biri Turkmanistonda o`tgan saylovlarni “tomosha” deb atagan.

O`zbekistonlik jamiyatshunos Komron Aliyev nazarida Turkmanistondagi saylovlar “alternativ” nomzodlarning ishtirok etishiga imkoniyat berilgani bilan bilan e`tiborli.

“Yangi Turkmanboshiga hayot imkoniyat berdi. U tarixda Turkmanistonda islohotlar, demokratik o`zgarishlarni amalga oshirgan islohotchi sifatida kiradimi yoki avvalgidek diktatura bo’ladimi”? - deydi Aliyev.

Saylovlarda qatnasha olmagan muhojiratdagi turkman muxolifati jarayonni adolatsiz deb baholamoqda.

XS
SM
MD
LG