Rossiya prezidentining nutqi AQShga Sovuq Urushni eslatdi


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Rossiya prezidentining AQSh haqidagi izohlarini sovuq qarshiladi. Biroq shunga qaramay, deya xabar beradi Amerika ovozi Stefani Xo, Geyts Moskvaga tashrif buyurishni rejalamoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Vladimir Putinning Myunxen anjumanidagi nutqini uning razvedkaga doir o’tmishiga bog’ladi. Anjuman ishtirokchilariga murojaat etarkan, Geyts shunday dedi:

"Bu yerdagilarning aksariyati ko’p yillardan buyon diplomatiya yoki siyosat bilan shug’ullangan odamlardir. Men esa kechagi notiq singari razvedkadan chiqqanman. Shuning uchun aytishim mumkinki, sobiq josuslarning o’ylamasdan gapirish odati bor."

Shanba kungi nutqida Rossiya prezidenti boshqa davlatlarning yadro quroliga intilishi zaminida Qo’shma Shtatlar siyosati yotganini aytgan edi. Ular qarshilikka uchramayotgan harbiy kuchdan o’zini himoya qilish uchun shunday qilishga majbur, dedi Putin.

"Harbiy kuch boshqa davlatlarni o’z xavfsizligi haqida o’ylashga majbur qiladi. Bunday siyosat qurollanish poygasiga va ommaviy qirg’in qurollarining tarqalishiga olib keladi."

Putin nutqi Oq uyni taajub bitilgan bayonot chiqarishga majburladi. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsga ko’ra Putin so’zlaridan Sovuq Urush hidi kelib turibdi.

"Bugungi dunyo 20-30 yil oldingi dunyodan murakkabligi bilan farq qiladi. Barchamiz hamkorlikda, shu jumladan Rossiya bilan hamkorlikda hal qilishni talab qilayotgan umumiy muammolar va tahdidlarga yuz tutmoqdamiz. Shu sabab ham prezident Putinning Rossiyaga taklifini qabul qildim. Bitta Sovuq urushning o’zi kifoya."

Geyts Qo’shma Shtatlar Rossiyani global hamkor sifatida ko’rishini ta’kidladi. Biroq shu bilan birga Rossiyaning xalqaro barqarorlikka qarshi harakatlarini, jumladan siyosiy do’q-po’pisa maqsadida ayrim tomonlarni qurol bilan ta’minlash va energetik resurslardan foydalanish siyosatini tanqid qildi.

XS
SM
MD
LG