O'zbekistonda nohukumat tashkilotlar nochorlikdan yopilmoqda


O'zbekistonda og’ir ijtimoiy muammolar bilan shug`ullanuvchi nohukumat tashkilotlar moliyaviy sabablarga ko`ra faoliyatdan to`xtamoqda.

O'zbekiston Nodavlat Notijorat Tashkilotlar Milliy Uyushmasi va Jahon Banki hamkorlik shartnomasi imzolagan.

Jahon Banki O`zbekistonda fuqaro jamiyati yo’lida 50 ming AQSh dollari ajratmoqda.

O`zbekiston Nodavlat Notijorat Tashkilotlar Milliy Uyushmasi ijroiya direktori Rufat Sarbayevning aytishicha tashkilot faqat nodavlat tashkilotlar loyihalarini Jahon Banki ixtiyoriga taqdim etadi va bu loyihalar bajarilishi yuzasidan tavsiyalar beradi.

“Nodavlat tashkilotlar uchun loyihalar mavzusini Jahon Bankining o`zi belgilaydi va bu mavzular o`zgarib boradi. Bizning ekspertlarimiz esa bu loyihalarning O`zbekiston uchun qanchalik muhimligi haqida xulosalar beradi”, - deydi u.

Rufat Sarbayev O’zbekistonda nohukumat va xalqaro tashkilotlarga to’siqlar qo’yilayotganini inkor etadi. Uning fikricha hozirga kelib nodavlat tashkilotlar bilan ishlashning yangi tizimi shakllangan va uyushma bu borada qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda.

O`zbekistonda bundan bir yilcha avval besh mingdan ziyod nodavlat tashkiloti bo`lgan. Bugun ularning soni uch yuzdan sal ko’proq.

Bu tashkilotlarga ishlovchi ayrim o’zbekistonliklar nazarida hukumat nodavlat tashkilotlarga bosim o’tkazgani, ayniqsa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgan ko`plab muassasalarni majburan tugatish siyosatini yuritgani uchun ham ularning soni kamaygan.

Nodavlat tashkilotlar rahbarlaridan birining ta’kidlashicha mustaqil tashabbus bilan chiqqan tashkilotlarning deyarli barchasi tugatilgan. Milliy Uyushma tarkibida faqat ijtimoiy siyosatga aralashmaslik shartiga ko’ngan tashkilotlar qolgan va ular faoliyat qattiq nazorat ostida.

Uyushma direktori Sarbayev bu e`tirozlarni rad qiladi. Asosiy e`tibor og’ir ijtimoiy muammolarga qaratilayotganini, nodavlat tashkilotlar uchun bir nechta grantlar e`lon qilingani, bundan tashqari yangi qonunga ko`ra, nodavlat tashkilotlar endi byudjet hisobidan moliyalanayotganini qayd etadi.

O`zbekistonda ro`yxatdan o`tishga muvaffaq bo`lmagan Demokratik Tashabbuslar Markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov fikricha nodavlat tashkilotlar demokratiyaning asosiy bo`g`ini.

“Ozbekistonda nodavlat tashkilotlarga boshlangan hujum aslida demokratiyaga qarshi boshlangan hujumdir”, - deydi u.

Ba’zi sharhlovchilar nodavlat tashkilotlar faoliyati hukumat tomonidan moliyalanishini tanqidiy baholashadi.

Toshkent viloyatidagi “Chernobil qatnashchilari” xayriya jamg`armasi nurlangan insonlar, ulardan tug`ilgan farzandalar taqdiri bilan shug’ullanadi.

Jamg`arma raisi Bashrullo Mansurovning aytishicha tashkilot hukumatdan biron yordam ololmagan. Hozirda idora topshirilgan va jamg’arma yopilish arafasida.

“Maqsad Chernobil qatnashchilariga, nurlangan odamlardan tug`ilayotgan farzandlarga yordam ko`rsatish edi. Hozir Toshkent viloyatining o`zida nurlangan kishilardan tu`gilgan farzandlar 700 nafarga yetgan. Ularni har yili ikki marta tibbiy ko`rikdan o`tkazish, dori-darmon bilan ta’minlash kerak. Buning uchun esa mablag` yo’q, respublika uyushmasining o`zi yordamga muhtoj. Berilayotgan nafaqa hech narsaga yetmaydi. Buning ustiga qimmat dorilarni imtiyozli narxda berish ham bekor qilindi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG