Feliks Kulov muxolifat safiga qo’shildi


Qirg’izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Kulov bugun Bishkekdagi “Oq kema” mehmonxonasida matbuot anjumani uyushtirib, muxolifat safiga qo’shilganini ma’lum qilgan.

“Men bilan tandem tuzgan hamkorim mendan qutulish uchun qulay vaziyatni poylayotganini bir necha marta aytishgan. Bu haqda o’ylamaslikka harakat qilganman. Ortdan zarba berishlarini doim kutib yashash – ish emas,” dedi Feliks Kulov.

Sobiq bosh vazir o’zining sobiq hamkori, prezident Qurmanbek Bakiyevni keskin tanqid qilgan. Feliks Kulovning aytishicha, mamlakatda avj olgan poraxo’rlik, jinoyatchilik, xususiy mulkni bosib olish, iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun unda imkoniyat bo’lmagan.

“Men chetda kuzatuvchi bo’lmayman va bo’la olmayman. Shuning uchun men faqat “Or-Nomus” siyosiy partiyasi faoliyati bilan cheklanib qolmay, tubdan o’zgarishlarni xohlayotgan boshqa ijtimoiy-siyosiy kuchlarni ham birlashtirishga qaror qildim,” dedi Feliks Kulov.

Eslatib o’tamiz, Feliks Kulov boshchiligidagi Qirg’iziston hukumati 2006 yil dekabr oyida ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqqan. 2007 yil yanvar oyida yangi hukumat shakllanar ekan, prezident Qurmanbek Bakiyev Feliks Kulov nomzodini ikki marta bosh vazirlikka tavsiya qildi.

Ammo Qirg’iziston parlamenti a’zolari Feliks Kulov nomzodini rad etib, bosh vazir sifatida Azim Isabekov nomzodini tasdiqlaganlar. Bu prezident Qurmanbek Bakiyevning “g’alaba qozonilmaguncha” Feliks Kulov nomzodini bosh vazirlikka qayta va qayta ko’rsataverish va’dasiga xilof ravishda sodir bo’ldi.

2005 yil mart oyida inqilob deya atalayotgan voqealar yuz bergach, Qirg’iziston siyosatidagi eng asosiy omillardan biri – mamlakat shimoli va janubi o’rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida Qurmanbek Bakiyev va “inqilobchi”lar qamoqdan chiqargan Feliks Kulov o’rtasida tandem tuzilgan.

Tandem shartlariga ko’ra, ishtirokchilardan biri o’z lavozimidan ketgan taqdirda, ikkinchisi ham avtomatik ravishda o’z lavozimidan ketishi shart edi.

Feliks Kulovning muxolifat safiga qo’shilishini prezident Qurmanbek Bakiyev tanqidchilari olqishlagan. Sobiq prezident Asqar Akayev davrida siyosatchi o’laroq shakllangan Feliks Kulovning bugungi nutqi qirg’iz muxolifatchilarini ilhomlantirgan.

XS
SM
MD
LG