"Zarafshon-Nyumont" kimoshdi savdosiga qo’yiladi


Bankrot deb e’lon qilingan oltin ishlab chiqaruvchi AQSh-O’zbekiston qo’shma korxonasi "Zarafshan-Newmont" ("Zarafshon-Nyumont") 2 mart kuni kimoshdi savdosiga qo'yiladi.

“Zarafshon-Nyumont” O`zbekistonda bir necha yil mobaynida faoliyat yuritib kelgan.

O`zbekiston soliq idoralari "Zarafshon-Nyumont" kompaniyasini davlatga qariyb 49 million dollar mablag` to`lanmaganlikda ayblagan, kompaniya rasmiylari buni asossiz hisoblab, xalqaro sudga murojaat qilgan.

O`zbekistonda Oliy xo`jalik sudida ko`rilgan ish O`zbekiston soliq idoralari foydasiga hal etilgan.

Ekspertlar fikricha, oltin qazib chiqarish bilan shug'ullanuvchi korxonaning bankrotlikka uchrashini tasavvur etish qiyin. Qo`shma korxonaning hozirgi muammolarini siyosiy sabablar bilan izohlash mumkin deydi ular.

Avvalroq O`zbekiston Konstitusion sudi xalqaro sudga murojaat qlishga oid masalani ko`rib chiqib, murojaatlar faqat ikki tomonning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkinligi haqida qaror chiqargan edi.

Ekspertlar nazarida bu qarordan maqsad qo`shma korxonaning xalqaro sudga murojaat qilish imkoniyatalarini yo`qqa chiqarish bo’lgan.

Ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshev so’zlariga ko`ra, "Zarafshon-Nyumont" misolida O`zbekistonda chet el sarmoyalari uchun kafolat yo’qligini kuzatish mumkin.

“AQSh bilan imzolangan har qanday shartnomalarni oladigan bo`lsak, ularning hammasida o`zaro investitsiyalarni himoya qilish va kafolatlash to`g`risida band bo`ladi. O`zbekiston Konstitutsiyaviy sudi esa bu borada xalqaro prinsiplarga qarshi qaror qabul qildi. Bunday sharoitda investitsiya mamlakatga kelmaydi,” deydi ekspert.

Ekspertlar fikriga ko`ra, O`zbekiston prezidentining mamlakatga chet el sarmoyalarini jalb etishga doir chiqishlari hududda chet el investorlariga bo’lgan munosabat oldida o`z ahamiyatini yo`qotadi.

2005 yildagi Andijon fojealarida O`zbekiston hukumati kuch ishlatishda aybalanib, Amerika tomonidan tanqidga uchragach, AQSh-O`zbekiston munosabatlari yanada yomonlashgan.

XS
SM
MD
LG