Faollar qamoqda, Yevropa Ittifoqi esa ijobiy siljishlarni kuzatmoqda


O`zbekistonda huquq himoyachilariga nisbatan hujumlar qayd etilgan. Huquq himoyachilari bu hujumlarda hukumatni ayblaydi.

14 fevral kuni O`zbekistonda inson huquqlari himoyasi bilan rasman shug’ullanayotgan “Ezgulik ” jamiyatiga hujum uyushtirilgan.

“Ezgulik” tashkilotining Samarqand viloyat bo`limida o`tayotgan yig`ilishga bostirib kirgan bir guruh kishilar yig`ilish qatnashchilarini haqoratlab, ularga qarata tosh va tuxumlar otgan.

Tashkilot binosiga bostirtib kirgan guruh jamiyat faollarini Andijon fojealarida ishtirok etganlikda ayblab, tashkilot rahbari Vasila Inoyatovaning Samarqanddan chiqib ketishini talab qilib, qo`rqitgan va eshik-derazalarni sindirgan.

Vasila Inoyatovaning aytishicha, bu hujumlar orqasida hukumatning huquq himoyachilariga nisbatan rejalagan tahdidlari yotibdi.

“Bir yarim soat mobanida militsiyaga besh marta qo`ng`iroq qildik – kelmadi, vaholanki, viloyat hokimiyatining shundoq yonida. O`ylaymanki, bu bizning kasbiy faoliyatimiz, muxolifat sifatidagi faoliyatimiz uchun hukumat o`ylab topgan reja,” deydi Inoyatova.

Ayni paytda “Ezgulik” jamiyatiga nisbatan uyushtirilgan hujum yuzasidan huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qilingan.

O`zbekistondagi faollardan biri – Umida Niyozovaning hibsga olinishi va unga nisbatan qo`yilayotgan ayblar bir qator xalqaro tashkilotlarning e’tiroziga sabab bo`lmoqda.

Yaqinda markazi Moskvada joylashgan Ekstremal Jurnalistika Markazi rasmiy bayonot chiqarib, Umida Niyozovaning markaz bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist ekanligini ma’lum qilib, uning ozod etilishini talab qildi.

Umida Niyozovaning ukasi Rustam Niyozovning soz’lariga qaraganda, Umida ustidan olib borilayotgan tergovni ataylab cho`zish kuzatilmoqda. Bir haftadan beri Umida prokuratura binosiga olib kelinmayapti. “Toshturma”da saqlanayapti, vaholanki, tergov jarayonlari davom etishi zarur edi.

Huquq himoaychilari fikriga ko`ra, Umida Niyozovaning kontrabanda, aksilkonstitutsiyaviy materiallar saqlashda ayblash mutlaqo asossiz. Bunday materiallar har bir jurnalistning kompyuterida va internetda istagancha topiladi.

Yanvar oyining boshlarida hibsga olingan aksilkonstitutsiyaviy harakatda, noqonuniy adabiyotlar saqlashda ayblanayotgan faollardan biri Gulbahor To`rayevaning sog`lig`i yomonlashgan.

Uning eri Farid To`rayevning aytishicha, tergovchi-advokat orqali dori-darmon olib kelishni so`ragan, Gulbahor To`rayevaning o`zi bilan haligacha uchrashishga ruxsat berilmagan.

“Menimcha uni Toshkentga olib ketgan bo`lishlari ham mumkin. Uni ko`rishga ruxsat yo`q. U haqda biror ma‘lumot olish mumkin emas,” deydi Farid To`rayev.

Huquq himoyachilari ta’biricha, hibsga olingan har ikki faol ayolning yosh go`daklari bor. Umida Niyozovaning o`gli ikki yoshda bo`lsa, Gulbahor To`rayevaning kichik farzandi hali yoshiga yetmagan.

Shu jihatlari bilan ham bu faollar ozod etilishi, lozim bo`lgan taqdirda, ozodlikda yurib, tergovga qatnashi zarurligi aytiladi, biroq bu ta`kidlar faqat ta`kidligicha qolmoqda.

Rasmiy Toshkent va Yevropa Ittifoqi o`rtasida boshlangan muloqotlar jarayonida Yevropa Ittifoqining inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyat qay darajada o`zgarayotgani haqidagi muhokamasi shu oyda kutilayotgan edi, biroq ayrim xabarlarga ko`ra, bu muhokama yana ortga surilishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining rasmiy vakillari inson huquqlari borasidagi muloqotlar jarayonida O`zbekiston tomonidan ayrim qadamlar qo`yilganini ham e`tirof etishgan.

Yevropa Ittifoqi ekspertlarining Andijon fojealarini o`rganish yuzasidan O`zbekistonda bo`lishi, Germaniya elchisining Toshkentda matbuot anjumani o`tkazishi va tomonlar muloqot to`g`ri yo`nalishda ketayotganini e`tirof etishi shular jumlasidan.

Mahalliy huquq himoyachilari Yevropa Ittifoqi bilan muloqot davomida mamlakatda tazyiqlar kamaymagani, vaziyatning yanada keskinlashganini bildirishmoqda.

XS
SM
MD
LG