Eron Afg'oniston bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda


Afg’oniston va unga qo’shni mamlakatlar azaldan yirik davlatlar manfaatlari doirasida bo’lgan. Eron ham o'z ta'sir kuchini mustahkamlash harakatida.

Asosan shialardan iborat Eron Afg’oniston aholisining 20 foizini tashkil etuvchi shialarni hamisha qo’llab-quvvatlab kelgan.

1980-yillarda Sovet Ittifoqiga qarshi urush va Sovet qo’shinlari mamlakatni tark etgandan so’ng vujudga kelgan fuqarolik urushi paytida chegaradan o’tgan ikki million afg’on qochqinining bir necha yuz minggi Eronda boshpana topgan.

Afg’onistonning kommunizmga qarshi kurashida Eron radikal shia jangarilarni moliyalagan va tayyorgarlikdan o’tkazgan.

Fuqarolik urushi davrida esa Pokiston Tolibon harakatiga madad berib turgan bir paytda Eron Burhoniddin Rabboniy va Ahmad Shoh Masud boshchiligidagi Shimoliy Alyansni qo’llab-quvvatlagan.

2001 yili Shimoliy Alyans Tolibonni qulatishga yordam berdi. 2002 yilda Germaniyada bo’lib o’tgan muzokaralarda Eron Afg’onistonni barqarorlashtirishga va moliyaviy yordam tariqasida 560 million dollar ajratishga va’da bergan.

Kris Tonsing (Chris Toensing) Vashingtondagi Yaqin Sharq bo’yicha tadqiqot olib boruvchi loyihalarning birida ishlaydi. Uning aytishicha, Eron tinch mintaqada yashashni istaydi va shu sabab Afg’onistonda tiklanish ishlariga yordam berishdan manfaatdor.

"Qo’shni davlatlar tinch bo’lmasa, u yerda urush bo’lsa, mojaro Eronga ham tarqalishi mumkin. Eronda Iroq, Pokiston va boshqa mamlakatlarga aloqasi bor ko’plab millat va elatlar yashaydi."

Eron Afg’oniston g’arbida yangi magistral, elektr liniyalari, telefon va Internet aloqasi uchun optik-tola kabellar tushirgan. Eron, shuningdek, ikki davlatni bir-biriga ulaydigan temir yo’l qurishni rejalamoqda.

Rasmiy Tehron va Kobul narkotiklarga qarshi kurashda ham hamkorlik qiladi.

Biroq aksariyat tahlilchilar fikricha, Eron hukumatining Afg’oniston bilan aloqalarni kuchaytirish orqasida kengroq siyosiy sabablar yotibdi.

Bosh idorasi Bryusselda joylashgan Xalqaro inqirozlar bo’yicha guruh vitse-prezidenti Mark Shnayderning (Mark Schneider) ta’kidlashicha, Eron mintaqadagi raqibi Pokistonning kuchayib ketmasligi uchun Afg’onistondan foydalanmoqda.

"Eron Tolibon harakatiga hamisha qarshi bo’lgan. Ayni damda Hamid Karzay hukumatini faol quvvatlamoqda. Eron tashqi siyosatida aksil-Pokiston omili joy olgan. Agar Afg’oniston barqaror bo’lsa, u qandaydir ma’noda mintaqadagi ikkala yetakchi davlat o’rtasidagi bufer xizmatini o’taydi."

Tahlilchilar fikriga ko’ra, AQSh-Eron aloqalarining taranglashib borishi Eron-Afg’oniston aloqalariga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Qo’shma Shtatlarga ko’ra, Eron Iroqda amerikalik askarlarga qarshi harakatlanayotgan shia guruhlarini tayyorgarlikdan o’tkazmodqa va ularni portlovchi moslamalar bilan ta’minlamoqda. Rasmiy Tehron nazarida esa Qo’shma Shtatlar Eronga qarshi urush ochish uchun bahona izlamoqda. Oq uy vakillari bu ayblovlarni rad etmoqda.

Prezident Bush matbuot kotibi Toni Snouning (Toni Snow) aytishicha, AQSh Eron bilan urushga tayyorlanayotgani yo’q. Biroq uning ayrim harakatlari Amerika askarlari va xalqini himoya qilishga qaratilgan.

Yaqin Sharq bo’yicha tadqiqot olib boruvchi loyiha mutaxassisi Kris Tonsingning aytishicha, Eron G’arb harbiy hujum uyushtirishi mumkin deya va Afg’onistondan hujumning oldini olish uchun foydalanishi mumkin.

"Gap shundaki, tomonlarning bir-biriga ishonchi yo’q. Qo’shma Shtatlar Eron Islom Respublikasi tuzumiga do’q-po’pisa qilmoqda, Eron esa tabiiyki bunga halal berish uchun AQSh manfaatlariga aralashgan holda unga turli muammolarni yaratmoqda."

Vashingtondagi deb nomlangan siyosiy-tahliliy institut vakili Set Jouns (Seth Jones) fikricha, Eron Afg’onistonga nisbatan ikki qatlamli siyosat yurgizmoqda. Eron Afg’oniston hukumati bilan yuqori darajali hamkorlik olib borish bilan birga Eron razvedkasi Afg’onistondagi jangari guruhlar bilan aloqa o’rnatmoqda.

"Agar Eron hujumga uchraydigan bo’lsa, jangarilar bilan aloqalaridan AQSh va NATO ga qarshi foydalanadi. Eronga qarshi hujum Afg’oniston hukumatini kuchsizlantiradi," - deydi Set Jouns.

"Agar Eron G’arb hujumiga uchramasa, Afg’onistondagi jangari guruhlarga katta yordam ko’rsatmaydi."

XS
SM
MD
LG