Bugungi o'zbek adabiyoti sukunatga cho'kkan


Ayrim tanqidchilar o`zbek adabiyotida jimlik hukm surayotgani, yosh iste`dodlar ko`rinmayotgani haqida gapirsa, ayrimlari haqiqiy adabiyotga ehtiyoj yo’qligini aytishmoqda. Yosh yozuvchilar nazarida esa yaxshi asarlar yaratilishi uchun ko`mak zarur.

Taniqli o`zbek yozuvchi shoirlariga odatda ma`lum yillar avlodi sifatida qaraladi. Ular shu avlod vakili sifatida o`quvchilar e`tiborini qozongan, elga tanilgan.

Adabiy tanqidchilar fikriga ko’ra milliy adabiyotdagi bu an`ana bugun kuzatilmayapti. 80-90 yillar avlodlaridan keyin adabiyotda iz qoldirishi mumkin bo’lgan, o`quvchilarga o`z asarlari bilan tanilgan adabiyotchilar avlodi shakllanmadi.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazarning aytishicha, bunda yengil-yelpi gazetalar va yengil adabiyot izlash bilan mashg`ul nashriyotlarning ham o`rni bor.

“Avvallari dehqondan tortib yuqori amaldorgacha yaxshi kitob izlab o`qishardi, jurnallar sotib olinar, taxlam qilib saqlanardi. Hozir bunday emas. Adabiyotda inson tahlil etilmay qoldi, yengil adabiyotga qiziqish boshlandi. Ehtimol bu ruhoniy hayotning fojiasidan darakdir”, - deydi Abdusattor Jumanazar.

Yozuvchi Sobir O`narga ko`ra bugungi kunda haqiqiy adabiyotni qadrlovchi o`quvchilar kam. Turli yengil-yelpi gazetalar bilan birga “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” kabi jiddiy adabiy nashrlar ham ishlab turibdi, lekin jamoatchilikka ta`sir qiluvchi yorqin asarlar yaratilayotgani yo’q.

Hech bo`lmaganda, deydi yosh yozuvchilardan biri O`ral Sodiq, adabiyotga qiziqadigan yoshlar tanishishi lozim bo`lgan adabiy eksperimental izlanishlar zarur.

“Keyingi paytda chop etilgan Omon Muxtor romanlarida shakily-uslubiy izlanishlar kuzatiladi. Bu narsa dunyo adabiyotida shunday jarayonlar, yangiliklar bo`layapti degan narsani ko`rsatish uchun ham muhim, ayniqsa dunyo adabiyoti bilan o`ris tilida bo`lsada tanishish imkoniyatiga ega bo`lgan yoshlar soni qisqarib borayotgan paytda”, - deydi O`ral Sodiq.

Tanqidchilar nazarida esa o`zbek jamoatchiligiga tobora kengroq kirib borayotgan sariq matbuotda tinimsiz bosilayotgan qissa va hikoyalar o`quvchilarni haqiqiy adabiyotdan uzoqlashtirmoqda.

Ayrim tanqidchilar ta’biricha jiddiy adabiyotga da’vogarlik qiluvchi yosh ijodkorlarning o`zi yo’q.

Yosh ijodkorlardan biri Xolmuhammad Karimga ko`ra iste’dodlar bor, ular izlanishyapti. O`zlarini sariq matbuot bozoriga urishayotgani yo’q, biroq ular ko`makka, e`tiborga muhtoj.

“Qo`shiqchilar uchun turli tanlovlar o`tkazilyapti, mablag` berilyapti. Shu tariqa ana shu ijodkor yoshlarni boshini qovushtiradigan bir tashkilot bo`lsa, ular orasida tanlov e`lon qilinsa, g`olib yoshlarning asarlari bepul nashrdan chiqarilib, qalam haqi berilsa albatta rivojlanish bo`ladi”, - deydi yosh yozuvchi.

Yozuvchi Sobir O`nar mulohazalariga ko`ra avvallari yosh yozuvchi bitta yaxshi hikoyasi bilan tanilishi mumkin bo`lsa, hozir yaxshi roman bilan ham mashhur bo`lish, ma’lum bir pog`onaga erishish qiyin.

Tanqidchilarning aytishicha o`zbek adabiyotida bir an`ana saqlangan, bu - milliy adabiyotning yosh iste’dodlar bilan to`ldirilishi, avloddan avlodga o`tishdagi adabiy jarayon, va bu jarayon davomida yangi nomlarning kashf etilishi, milliy adabiy muhitga yangilik olib kirish.

Yaqin 10 yilliklardagi adabiy hayot bu jaroyonning jimlikka cho`kkanini ko`rsatmoqda. Sukutning buzilishiga umid esa kamayib bormoqda.

XS
SM
MD
LG